Rossiya va Ukraina o‘rtasida zarbalar almashinuvi davom etmoqda. Urush suratlari
Ukrainada urushning 683-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Ukraina QK havo kuchlari xabariga ko‘ra, 7 yanvarga o‘tar kechasi havo hujumidan mudofaa kuchlari mamlakat bo‘ylab uchirilgan 28 drondan 21 tasini urib tushirgan. Havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari Zaporijjya, Mikolayiv, Odessa, Dnipropetrovsk, Kirovograd, Vinnitsa va Cherkass oblastlarida ishlagan.
- Kreml Vladimir Putin Rojdestvoni Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolari bilan kutib olganini xabar qildi. Bayram ziyofati va rojdestvo ibodati prezidentning Moskva oblastidagi Novo-Ogaryovo qarorgohida bo‘lib o‘tgan.
- Belgorodda yashovchi yuzdan ortiq kishi otishmalar tufayli Stariy Oskolga evakuatsiya qilindi. Gubernator Vyacheslav Gladkov ukrainlarning 30 dekabr kungi zarbasidan keyin evakuatsiya haqida e’lon qilgandi, o‘shanda 20 dan ortiq kishi halok bo‘lib, yana yuzdan oshiq kishi yaralangan.
- Chelyabinskda bombardimonchi samolyotga o‘t qo‘yishda gumonlangan 16 yoshli o‘smir qo‘lga olindi. FXXga ko‘ra, u Ukraina maxsus xizmatlari topshirig‘i bo‘yicha harakatlangan. Hibsga olinganning shaxsi ochiqlanmagan.
Yaponiya tashqi ishlar vazirining Kiyevga tashrifi
Yaponiya TIV rahbari Yoko Kamikava bergan xabarga ko‘ra, Tokio Kiyevga 37 million dollar miqdorida harbiy yordam ajratadi. Bu mablag‘lar Ukraina uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini aniqlash tizimlarini sotib olish uchun NATO trast fondiga o‘tkazib beriladi. Kamikava Yaponiya hukumati Ukrainaga qishdan chiqishda yordam sifatida beshta mobil gaz turbinali generatorlar va yettita transformator berishini qo‘shimcha qilgan.
«Men shunchalik uzoq vaqt davomida Rossiya tajovuzidan o‘zini himoya qilib kelayotgan ukrain xalqining mardligiga yana bir bor hurmat izhor etishni istardim. Yaponiya Ukrainada yana tinchlik hukm surishi uchun Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga qat’iy ahd qilgan», — dedi vazir Kiyev metrosida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Donetsk oblastining Rivne qishlog‘i o‘qqa tutilishi oqibatlari
8 yanvarga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Donetsk oblastining Ukraina QK nazorati ostidagi Pokrovsk shahrini (okkupatsiya ostidagi Donetskdan 55 kilometr masofada joylashgan) va qo‘shni Rivne qishlog‘ini o‘qqa tutdi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, hujum oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan, shundan besh nafari bolalar. Yana sakkiz kishi jarohatlangan. Ma’muriy binolardan biri, shuningdek, turar joy, garaj va avtomobillar shikastlangan.
«RBK-Ukraina» nashri yozishicha, Rivneda olti kishi (uch nafari bolalar) yashagan xususiy uy to‘liq yakson bo‘lgan. Ular qurbonlar orasida bo‘lgani bo‘yicha aniqlik kiritilmagan.
Dniproga dronlar hujumi oqibatlari
6 yanvar kuni kechqurun RF armiyasi uchuvchisiz uchar qurilmalar bilan Dniproga hujum qildi. Oblast rahbari Sergey Lisakning so‘zlariga ko‘ra, ikkita ko‘p qavatli uy, ta’lim muassasasi binosi va ma’muriy bino shikastlangan. Ukraina FVDX xodimlari olti kishini, jumladan ikki bolani qutqarishgan. Qurbonlar haqida xabar yo‘q.
Donetsk o‘qqa tutilishi oqibatlari
7 yanvar kuni kechqurun ukrain harbiylari okkupatsiya ostidagi Donetskni o‘qqa tutdi. DXRning Ukraina urush jinoyatlari bilan bog‘liq masalalarni nazorat qilish va muvofiqlashtirish qo‘shma markazi (SsKK) qoshidagi vakolatxonasiga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari kassetali snaryadlarni qo‘llagan. Bu haqda RIA Novosti ham yozgan, ammo bu ma’lumotni mustaqil manbalardan tekshirishning imkoni yo‘q. Keyinroq «Izvestiya» Ukraina armiyasi Donetskka «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari orqali zarba yo‘llaganini xabar qildi. Snaryadlardan biri 6-shifoxonasiga kelib urilishi oqibatida tinch aholi vakillari bo‘lgan uch kishi yaralangan.
Mavzuga oid
20:12 / 30.12.2024
Rossiya va Ukraina «150 ga 150» formulasi bo‘yicha asirlar almashdi
18:55 / 30.12.2024
Bayden Ukrainaga 2,5 mlrd dollarlik yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi
15:16 / 30.12.2024
Ukraina brigadasi komandiri qiynoqlar uchun qo‘lga olindi
13:53 / 30.12.2024