Fan-texnika | 20:50 / 10.01.2024
22090
2 daqiqa o‘qiladi

Mitti Rabbit R1 antismartfoni taqdim etildi 

Katta salohiyatga ega kichik qurilma klassik mobil telefonlar o‘rnini egallashi mumkin. 

Foto: Rabbit

CES 2024 maishiy elektronika ko‘rgazmasi doirasida Rabbit R1 «yangi avlod gadjeti» taqdim etildi. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, bu — sun’iy intellektga asoslangan antismartfon, unda hech qanday ilova bo‘lmaydi. 

Rabbit R1 klassik mobil telefondan butunlay farq qiladi. U 2,88 dyuymli sensorli ekranga, aylanuvchi kameraga va interfeyslarni aylantirishga mo‘ljallangan g‘ildirakchaga ega. 

Rabbit R1 ichida 2,3 GGs chastotali MediaTek protsessori, 4 Gb operativ xotira va 128 Gb ichki xotira, shuningdek, quvvati bir kunga yetadigan batareya mavjud. Bularning barchasi Teenage Engineering firmasi dizayniga ega mitti korpusda yashiringan. 

Qurilma qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishi (SIM-slot bor), xabarlar yuborishi, har qanday savollarga javob berishi va taksiga buyurtma berish yoki restoranda stol band qilish kabi ko‘rsatmalarni bajarishi mumkin. Qurilmaning konsepsiyasi oddiy – sizga ilovalar kerak emas, faqat shaxsiy sun’iy intellekt (SI) yordamchisi bilan muloqot qilish uchun qulay interfeys kifoya. 

Buning uchun kompaniya o‘zining Rabbit OS operatsion tizimini ishlab chiqdi. U bilan musiqa pleyerini boshqarish, kamera orqali mahsulotlarni tanib olish, fayllarni yuborish va boshqa amallarni bajarish mumkin. 

Rabbit R1 mart oyida 199 dollardan (≈2,5 mln so‘m) sotuvga chiqariladi. 

Mavzuga oid