O‘zbekiston | 11:42 / 11.01.2024
19772
6 daqiqa o‘qiladi

«Bu hammaga – oilangizga va farzandlaringizga taalluqli» - AQSh elchisi Toshkentdagi havo sifati haqida

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda, ayniqsa Toshkent shahrida ekologik vaziyat juda yomonlashdi. Ayrim kunlarda havodagi zaharli zarralar miqdori JSST tavsiyasidan bir necha o‘n marta oshyapti. Hatto gohida yog‘ib o‘tgan yomg‘ir ham vaziyatni o‘nglay olmayapti. Oqibatda Toshkent havoning ifloslanishi bo‘yicha dunyo reytingida yuqori o‘rinlarga chiqib ketmoqda.

Foto: Kun.uz

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik va USAID (AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi) vakolatxonasi direktori Devid Xofman 2024 yil 10 yanvar kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Toshkentdagi havo sifati yomonligi haqida qanday fikrda ekani haqidagi savollarga javob bergan.

Gazeta.uz’ning xabar berishicha, Jonatan Xenik va Devid Xofman Toshkent shahridagi ekologik vaziyat haqida so‘z yuritib, O‘zbekistonda, jumladan Toshkentda havo musaffoligi uchun barcha birday harakat qilishi lozimligini ta’kidlashgan.

“Havo ifloslanishini har bir inson shaxsiy muammo sifatida qabul qilishi kerak. Chunki bu hammaga – sizga, oilangizga va farzandlaringizga taalluqli. Shu sababli fuqarolar va jamoatchilik hukumatni muammoni o‘rganishga va chora ko‘rishga undashi kerak”, degan AQSh elchisi.

AQSh elchixonasi hududidagi havo sifatini monitoring qiluvchi moslama 9 yanvar kuni ishlamay qolgandi. Elchi moslama yana ishlay boshlaganini ma’lum qilgan.

“Albatta, jihozlarimizga vaqti-vaqti bilan texnik xizmat ko‘rsatish lozim bo‘ladi, ba’zida muammolar ham bo‘ladi. Ammo biz havo sifatini mustaqil baholash majburiyatini olganmiz va respublika bo‘ylab havo sifatini monitoring qilish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati, OAV va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni olqishlaymiz. Havoning ifloslanishi – bu barcha hukumatlar uchun jiddiy muammo sanaladi. Bu muammo hukumatning xususiy sektor, fuqarolik jamiyati va OAV bilan hamkorlikdagi izchil harakatini talab qiladigan masala. O‘ylaymanki, agar biz birgalikda ishlasak, kelgusi yillarda havo sifati yaxshilanishini ko‘rishimiz mumkin”, degan Jonatan Xenik.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, bu bosqichda eng muhimi, havoni ifloslantiruvchi manbalar nima ekanligi, shuningdek, ushbu muammoni hal qilish uchun qanday choralar va sarmoyalar zarurligi haqida tasavvurga ega bo‘lish.

Jonatan Xenik hukumat bu muammoni yolg‘iz o‘zi hal qila olmaydi, deb hisoblaydi. U muammo yechimi uchun barcha birday kurashishi lozim deya ta’kidlaydi.

“Men O‘zbekistonning barcha fuqarolarini havoning ifloslanishini shaxsiy muammo sifatida qabul qilishga chaqirgan bo‘lardim. Chunki bu barchaga – sizga, oilangizga, farzandlaringizga tegishli muammo. Shuning uchun biz bu muammo bilan shaxsan qiziqishimiz va hukumatni muammoni o‘rganishga va zarur choralarni ko‘rishga undashimiz kerak”, degan Jonatan Xenik.

USAID vakolatxonasi rahbari Devid Xofman vaziyatni yaxshilash uchun hukumat va fuqarolik jamiyatining sa’y-harakatlari zarur degan fikrga qo‘shilgan.

“Men Toshkentda yashayman, kichik yoshdagi bolalarim bor. Shu bois, ko‘pchilik toshkentliklar qatori men ham havo sifati bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib boraman. Havo toza bo‘lishi uchun o‘zim ham, oilam bilan ham chora ko‘rishga harakat qilaman. Albatta, men Toshkent havosini tozalashga yordam beradigan har qanday chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlayman. Misol uchun, bu jamoat transportidan foydalanish imkoniyatini oshirish bo‘yicha hukumat darajasidagi choralar bo‘lishi mumkin. Agar biror joyga piyoda borish yoki mashinada borish o‘rtasida tanlov bo‘lsa, men va oilam piyoda yurishni afzal ko‘ramiz. Shunday qilib, biz havo sifatini yaxshilashga kichik hissamizni qo‘shishga harakat qilamiz. Albatta, IQAir kabi obektiv manbalardan ko‘rib turganimizdek, Toshkentda hali qilinadigan ishlar ko‘p», degan Devid Xofman.

Devid Xofmanga ko‘ra jamoat transportidan foydalanish imkoniyatini oshirish va ushbu sohani rivojlantirishga sarmoya kiritishdan tashqari, rasmiylar tartibga solish va rejalashtirishga, xususan, biznes va sanoatga e’tibor qaratishlari kerak.

“Havo musaffoligi masalasi bir paytlar mening mamlakatimda ham, masalan, Los-Anjyeles kabi yirik shaharlarda dolzarb edi. 1970 va 1980 yillarda dahshatli tutun qoplab olgandi. Hukumat va fuqarolik jamiyatining sa’y-harakatlari vaziyatni yaxshilashga yordam berdi. Hozir ham yirik shaharlarda havo musaffoligi ideal emas, lekin 20-30 yil oldingiga qaraganda ancha yaxshi. Toshkentda ham xuddi shunday choralar ko‘rilishi kerak”, degan Devid Xofman.

Ma’lumot uchun, so‘nggi paytlarda Toshkent havosi keskin ifloslanib ketdi va havodagi zaharli zarralar miqdori JSST tavsiyasidan bir necha o‘n barobar oshib ketyapti.

Ayrim kunlarda shahar havo sifati bo‘yicha IQAir reytingida yuqori o‘rinlarga chiqyapti. Bugun 2024 yil 11 yanvar kuni ham Toshkent havosi juda ifloslangan holda qolmoqda.

Payshanba kuni ertalab soat 8:00 holatiga ko‘ra, Toshkent havosidagi RM2,5 zarralari miqdori 85,5 mkg/m3 ni tashkil etdi, bu JSST tavsiyasidan 17 barobar yuqori. O‘zbekiston poytaxti havoning ifloslanishi bo‘yicha dunyoda 8-o‘rinni egallab turibdi.

Mavzuga oid