O‘zbekiston | 17:57 / 12.01.2024
21358
2 daqiqa o‘qiladi

Murotjon Azimov Kosondagi “shov-shuvli” qarorni bekor qilish bo‘yicha topshiriq berdi

Qashqadaryo viloyati Adliya boshqarmasi xalq deputatlari Koson tumani kengashining 48 ta fermer ijara shartnomasini bekor qilish va yer maydonlarini zaxiraga qaytarish nazarda tutilgan qarori yuzasidan viloyat hokimligiga taqdimnoma kiritgan.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Kun.uz surishtiruvidan so‘ng Xalq deputatlari Koson tumani kengashining 2024 yil 11 yanvardagi noqonuniy qarori bekor qilinadigan bo‘ldi. Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rasmiy munosabat berdi.

Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati Adliya boshqarmasining taqdimnomasi va shunga asosan viloyat hokimining topshirig‘i bilan xalq deputatlari Koson tuman kengashining 2024 yil 11 yanvardagi VI-98-11-4-60-K/24-sonli qarorini bekor qilish bo‘yicha xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashiga qaror loyihasi kiritilgan.

Hokimlik rasmiy munosabatida qonunchilikka zid ravishda mahalliy kengash qarorini tayyorlab, huquqiy jihatdan qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yganlarga qanday chora ko‘rilishi ochiqlanmagan.

Oldinroq Koson tumani hokimi Asrol Boyqorayev mahalliy kengash qarori bilan 1 ta bog‘dorchilik, 1 ta chorvachilik hamda 46 ta paxta va g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik yerlarini tuman zaxirasiga qaytargani, uning bu harakati prezidentning ikkita farmoniga zidligi xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, Koson tumani hokimi Asrol Boyqorayev o‘tgan yili yig‘ilishda ro‘zadorlar og‘zini majburan ochdirgani hamda mahalla raislarini soliq yig‘ishga majburlab, haqoratlagani bilan OAV e’tiboriga tushgandi. 2020 yilning dekabrida Asrol Boyqorayevning Captiva rusumli xizmat avtomashinasi 60 yoshli Sherali Jumaqulovni urib yuborgan va fuqaro voqea joyida vafot etgandi. Ko‘p o‘tmay ushbu YTHda pachaqlangan Captiva yangisiga almashtirilgandi.

Mavzuga oid