O‘zbekiston | 13:02 / 13.01.2024
6194
5 daqiqa o‘qiladi

“Aholiga vaqtida ma’lumot berish tizimi yo‘q edi” - Ekologiya vazirligi mas’ullari havo ifloslanishi haqida

Tanqidlardan keyin Ekologiya vazirligi mas’ullari matbuot anjumani o‘tkazishdi. Unda Kun.uz muxbiri Toshkent shahri havosi ifloslanishi haqida aholiga vaqtliroq ogohlantirish e’lon qilinmagani, havo tarkibidagi zararli moddalar haqida ma’lumot berilmayotganiga oid savollar berdi.

12 yanvar kuni Ekologiya vazirligi mas’ullarining OAV uchun uzoq kutilgan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahri havosining ifloslanish sabablari va ko‘rilayotgan choralar masalalari muhokama qilindi.

Kun.uz muxbiri mas’ullardan nima sababdan bir necha oydan beri o‘ta aktual bo‘lib kelayotgan muammo yuzasidan jamoatchilikka izoh berilmaganini so‘radi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi vazirligi vakili Farrux Sattorovning aytishicha, tashkilotning tizimida kamchilik bo‘lgan, vaqtida ogohlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilmagani bois shunday muammo yuzaga kelgan. 

Odamlarga vaqtida axborot berish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Lekin bu yildan prezidentning 81-sonli qarori [Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida] imzolandi, unga ko‘ra, atmosfera havosi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarda raqamlashtirish masalasi ham turibdi. Hozirgi kunda bu yo‘nalishda ishlar olib borilyapti. Vazirligimizda situatsion markaz tashkil etildi, hozirgi kunda raqamlashtirish ishlari olib borilyapti. Demoqchi bo‘lganim, bunday voqealar haqida oldindan aholini xabardor qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Buning ustida ishlar olib borilyapti”, – dedi u. 

Kun.uz muxbiri berilgan javob yuzasidan yana ham aniqroq javob olish uchun yana mutaxassislarga yuzlandi. “Hozirgi belgilangan tartibga ko‘ra, atrof-muhit, havo ifloslanishi bilan bog‘liq o‘rganishlarni O‘zgidromet olib borib, bu boradagi axborotlarni vazirlikka taqdim qilishi, vazirlik esa shunga qarab fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni aniqlashi belgilangan. Nega haligacha shu tizim yo‘lga qo‘yilmagan?” – degan savol bilan Ekologiya vazirligi mas’ullariga murojaat qildi.

Farrux Sattorovning bergan ma’lumotiga ko‘ra, O‘zgidromet stansiyalari ancha yil oldin olingan va ko‘p joyda bu avtomatik tizimga ulanmagani sabab ma’lumotlarni yig‘ish vaqt olgan. Hozir O‘zgidromet respublikaning 65 ta nuqtasidan o‘zining kuzatish nuqtalariga ega. Shundan hozir 8tasi avtomatlashtirilgan va yana 8tasi avtomatlashtirilishi kutilyapti.

Mas’ul noyabrda Toshkent shahri havosining ifloslanishi nimaning hisobiga bo‘lgani haqida ham ma’lumot berib o‘tdi.

Noyabrdagi havo ifloslanishi asosan tabiiy faktordan kelib chiqqandi. Shamol Toshkentga qarab chang-to‘zonni olib kelgan. Lekin bizdagi havo inversiyasi tufayli havo chiqib ketmagan va havoning almashishi yuz bermagan. Shuning hisobiga havo turib qolgan. Bu narsani oldindan prognoz qilish uchun avtomatik stansiyalar bo‘lishi kerak. Avtomatik stansiyalar arzon narsa emas. Mana bu yildan boshlab, Gidrometning stansiyalarini avtomatlashtirish masalasi ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Hozirgacha 8tasi o‘rnatildi. Ya’ni endi biz ob-havoni oldindan rejalashtirib, bashorat qila olamiz. Yil oxirigacha bu haqida sizlarga ma’lumot beramiz, degan umiddaman”, – dedi Sattorov.

Tadbir davomida muxbirlar Ekologiya vazirligi tomonidan havoni ifloslantirayotgan manbalar va choralar bo‘yicha tahlillar e’loni ichida havo tarkibi haqida ma’lumot nega yo‘qligi, havo tarkibidagi PM10 va PM2.5ni nima tashkil qilayotgani haqida aniq ma’lumot bor-yo‘qligini so‘radi.

Bu savolga O‘zgidromet xizmati agentligi direktor maslahatchisi Feruz Safarov javob berdi. Biroq mas’ullardan bu savolga aniq javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Havo tarkibi bo‘yicha O‘zgidromet 12ta laboratoriyasida PM2.5 va PM10 zarralari va 4ta og‘ir metall bo‘yicha gaz birikmalarini o‘rganadi. Va bu ma’lumotlar 30 yildan beri saqlanadi. Atmosfera havosi bo‘yicha ma’lumotlar yopiq emas. Agentligimizga kelib o‘rganishingiz mumkin. Respublikada havo ifloslanishini prognozlashtirish sistemasi mavjud emas, – dedi Feruz Safarov.

Mavzuga oid