Belgorodda xavfsizlik choralari va sharqiy frontdagi pozitsiyalar. Urush suratlari
Ukrainada urushning 689-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunakning Kiyevga tashrifi vaqtida Britaniya hukumati Ukrainaga 2,5 milliard funt sterling miqdorida harbiy yordam ajratishi e’lon qilindi.
- Ukraina va Buyuk Britaniya xavfsizlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Hujjat Ukrainaga takroriy hujum ro‘y bergan taqdirda Buyuk Britaniya Kiyevga mudofaa sohasida «tezkor va to‘xtovsiz» yordam ko‘rsatishini nazarda tutadi.
- Rossiyalik harbiylar Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘lladi. Ukraina qurolli kuchlariga ko‘ra, jami 40 ta raketa uchirilgan, shundan sakkiztasi urib tushirilgan, yana 20 tasi nishonga yetib bora olmagan. RF mudofaa vazirligi esa «barcha belgilangan obektlarga aniq zarba berilgani»ni bildirgan.
- Krasnodar o‘lkasidagi dalada raketaga o‘xshash obekt topildi. Mahalliy rasmiylar bu «noma’lum qurilma parchasi» ekanini ma’lum qilgan.
- Ukraina QK Belgorod oblastidagi qishloqlardan biriga kamikadze dronlar bilan hujum uyushtirdi. Bir kishi jarohatlangan.
- «RBK-Ukraina» nashri yozishicha, Ukrainadagi safarbarlik to‘g‘risidagi qonun loyihasining yangi versiyasiga ko‘ra, deputatlar harbiy majburiyatdan himoyalangan bo‘lmaydi.
- «Mediazona» va BBC Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan 41 mingdan ortiq rossiyalik harbiylar shaxsini tasdiqladi. Shundan 1 100 dan ortig‘i 20 yoshga to‘lmagan harbiylar bo‘lgan.
- FT xabariga ko‘ra, Yevrokomissiya Ukrainaga 50 milliard yevro miqdorida yordam ajratilishi uchun Vengriyaga yon beradi.
- Fransiya TIVning yangi rahbari lavozimga tayinlanganidan bir necha kun o‘tib Kiyevga keldi.
Kun kadri. Shostka shahri o‘qqa tutilishi
13 yanvarga o‘tar kechasi va tongda Rossiya qo‘shini Ukrainaga raketa va dronlar bilan hujum qildi. Ukraina QK havo kuchlari qo‘mondonligi RF armiyasi 40 ta «havo hujumi vositalari»: qanotli, aeroballistik, ballistik, aviatsion, zenit raketalar hamda dronlardan foydalangan. Mahalliy rasmiylar Rivne, Poltava, Chernihiv, Kirovograd, Xmelnitskaya, Dnipropetrovsk va Sumi oblastlarida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushgani haqida xabar bergan. Sumi oblastida Shostka shahri zarbaga uchrab, bir ayol jarohatlangan. Shostkada 12 ming kvartira issiqliksiz qolgan, ayrim joylarda portlash tufayli derazalar to‘kilgan.
Belgoroddagi avtobus bekatlarida himoya vositalari o‘rnatilishi
Belgorod rasmiylari shahardagi ayrim avtobus bekatlarini qum to‘ldirilgan qoplar va beton bloklar bilan o‘rashmoqda. Ular bu orqali aholini ukrainlarning zarbalaridan himoya qilishni ko‘zlagan: mahalliy «Moyo! Belgorod» nashri yozishicha, yangi yil kunidagi zarbalar oqibatida tinch aholi vakillaridan ko‘pchilik «pavilyonlarning shisha devorlari parchalari uchib kelishi oqibatida yaralangan».
12 yanvar tongiga kelib 14 ta bekat o‘rab chiqilgan: to‘qqiztasi qum to‘ldirilgan qoplar bilan, qolganlari — beton bloklar bilan himoyalangan. «Moyo! Belgorod»ning yozishicha, keyingi chora mahalliy aholi vakillarini norozi qilmoqda: ular beton bloklar portlash to‘lqinidan qulab, odamlarni bosib qolishi mumkinligidan xavotir olmoqda.
Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkovning xabar qilishicha, region markazi meri Valentin Demidov odamlar ko‘p to‘planadigan va qum to‘ldirilgan qoplar yoki beton bloklar bilan o‘rab chiqishning imkoni yo‘q bo‘lgan joylarda «mudofaa vazirligi uchun tayyorlanadigan modul konstruksiyalar»dan foydalanishni taklif etgan. Bu qanday modul konstruksiyalar ekani noma’lum.
Kreminna yaqinidagi o‘rmonda «Azov» polki jangchilari
Okkupatsiya ostidagi Makiyivka o‘qqa tutilishi oqibatlari
Yanvar oyida «DXR» rahbari Denis Pushilin Rossiya okkupatsiyasi ostidagi Makiyivka shahri Ukraina qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutilgani haqida uch marta xabar bergan. Quyidagi fotosuratda oxirgi zarbalar vaqtida jabrlangan ikki qavatli uylardan birida joylashgan kvartirasini ko‘zdan kechirayotgan mahalliy aholi vakili aks etgan.
Donetsk oblastidagi evakuatsiya
Donetsk oblastining front chizig‘iga yaqin joylashgan — Kramatorsk, Toretsk Pokrovsk rayonlari va RF nazoratiga o‘tgan Baxmut shahri atrofidagi aholi yashash manzillaridan mamlakatning nisbatan xavfsiz hududlariga evakuatsiya jarayoni davom etmoqda. Aholiga ukrainlarning «Vostok SOS» jamoat tashkiloti xodimlari yordam ko‘rsatmoqda. Ushbu fond 2014 yil mayida tashkil topgan, u Rossiya-Ukraina urushi tufayli jabrlanganlarga va uyini tashlab chiqishga majbur bo‘lganlarga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
Donetsk oblasti shimolidagi ukrain artilleriyachilari hayoti
Mavzuga oid
14:45 / 26.12.2024
Zaxarova: Ukraina mustaqil ravishda yadro qurolini yaratishga qodir emas
11:53 / 26.12.2024
Zelenskiy Ukrainaning Germaniyadagi elchisini almashtirishga qaror qildi
08:05 / 26.12.2024
Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi
21:53 / 25.12.2024