Jahon | 14:22 / 15.01.2024
2681
2 daqiqa o‘qiladi

Rio-de-Janeyroda kuchli yog‘ingarchilik oqibatida kamida 11 kishi halok bo‘ldi

Braziliyaning aholi soni bo‘yicha ikkinchi eng yirik shahrida bir kun ichida oy boshidan beri ko‘proq yomg‘ir yog‘di. Rio-de-Janeyroning ko‘plab hududlari suv ostida qolgan.

Foto: Pilar Olivares/REUTERS

Rio-de-Janeyroda kuchli yomg‘ir va suv toshqini oqibatida kamida o‘n bir kishi halok bo‘ldi. Favqulodda xizmatlar bu ma’lumotni 14 yanvar, yakshanba kuni taqdim etdi.

O‘t o‘chirish xizmati ma’lum qilishicha, Braziliyaning ikkinchi yirik shahri shimoli eng ko‘p zarar ko‘rgan. Odamlar ko‘chki, elektr toki urishi yoki cho‘kib ketish natijasida halok bo‘lgan. Bir ayol mashinasi daryoga qulaganidan keyin bedarak yo‘qolgan.

Rio-de-Janeyroning ba’zi qismlarida bir kunda yanvar oyining barcha oldingi kunlariga qaraganda ko‘proq yomg‘ir yog‘di. Shaharning ba’zi markaziy ko‘chalari suv ostida qoldi, suv esa avtomobillarning tomigacha yetib keldi. Jamoat transporti harakati ishdan chiqqan.

Ko‘chki xavfi saqlanib qolmoqda

Shahar meri Eduardo Payes odamlarni uyda qolishga hamda qutqaruv va tiklash ishlariga xalaqit bermaslikka chaqirdi. Shaharda favqulodda holat e’lon qilindi. Prezident Luiz Inasio Lula da Silva hukumati Rio-de-Janeyroga federal yordam taklif qildi. Braziliya rasmiylariga ko‘ra, shtatning sakkiz shahrida ko‘chki xavfi saqlanib qolmoqda.

Mavzuga oid