O‘zbekiston | 11:30 / 16.01.2024
3071
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklarning 39 foizi o‘z farovonligi oshib borayotganini qayd etdi

Mamlakatda ishdan qoniqish va muassasalarga ishonch o‘rtacha darajadan yuqori.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Gallup tadqiqot va konsalting tashkiloti tomonidan tayyorlanayotgan yillik so‘rovnomasi bo‘yicha hisobotini tahlil qildi.

2022 yilda mamlakatda farovonlik indeksi maksimal 10 balldan 6 ballni tashkil etdi. Possovet Yevrosiyo mintaqasida (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarboyjon, Armaniston, Gurjiston, Rossiya, Belarus, Ukraina, Moldova kiradi) o‘rtacha ko‘rsatkich 5,7 ga teng.

So‘rov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning 39 foizi o‘z farovonligi oshib borayotganini qayd etgan, bu mintaqaviy o‘rtacha 30 foizdan sezilarli darajada yuqori. Faqat 2 foiz aholi hayotda qiyinchiliklarga uchrayotganini bildirgan, bu mintaqaviy ko‘rsatkichdan 6 foizga past.

O‘zbekiston farovonlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha mintaqa mamlakatlari orasida eng yaxshi natijani qayd etgan. 80 foiz aholi hozirgi moliyaviy holatidan qoniqayotganligini bildirgan, bu mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, mintaqa uchun o‘rtacha 60 foizni tashkil etgan.

Aholining 44 foizi (mintaqada 33 foiz) hozirgi daromadlarida yaxshi hayot kechirayotganini bildirgan.

Mamlakat keyingi besh yil ichida kutilayotgan farovonlik bo‘yicha eng yuqori ballga ega bo‘ldi — 8,7 ball, mintaqaviy o‘rtacha ko‘rsatkich — 7,4 ball. O‘zbekistonlik ishtirokchilarning 86 foizi turmush darajasi yaxshilanayotganini ta’kidlagan (mintaqada 40 foizi).

Mavzuga oid