O‘zbekiston | 15:10 / 17.01.2024
32681
2 daqiqa o‘qiladi

Milliy sertifikat test natijalarini hisoblash metodikasi o‘zgardi

Milliy sertifikat imtihonlari natijalari endi xalqaro Rash modeli asosida baholanadi. Bunda abituriyentlar olgan ballini hisoblash qoidalari o‘zgarmaydi, faqat baholash metodikasida o‘zgarish bo‘ladi.

Foto: Getty Images

17 yanvar kuni o‘tgan matbuot anjumanida Bilimni baholash agentligi direktori maslahatchisi Farhod Mirzayev Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 oktyabrdagi 646-son qaroriga kiritilgan o‘zgartirishlar haqida ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, umumta’lim fanlaridan milliy sertifikat imtihonlariga talabgorlarni ro‘yxatga olish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz sayti) orqali amalga oshiriladi.

Milliy sertifikat imtihonida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish my.gov.uz sayti orqali amalga oshirilgani sababli talabgordan belgilangan to‘lovning 90 foizi undiriladi.

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga 50 foiz chegirma qo‘llanadi.

Test natijalari xalqaro metodika – Rash modeli asosida hisoblanadi. Unga ko‘ra:

  • 70 balldan yuqori ball olgan talabgorga — A+ daraja;
  • 65 - 69,9 ball olgan talabgorga — A daraja;
  • 60 - 64,9 ball olgan talabgorga — B+ daraja;
  • 55 - 59,9 ball olgan talabgorga — B daraja;
  • 50 - 54,9 ball olgan talabgorga — C+ daraja;
  • 46 - 49,9 ball olgan talabgorga — C daraja.

A+, A darajali sertifikat olgan abituriyentgagina OTMning bakalavriatiga kirish test sinovlarida ushbu fandan maksimal ball beriladi.

B+, B, C+, C darajali sertifikat olgan abituriyentga mos ravishda maksimal ballga nisbatan proporsional ball beriladi.

Milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga tegishli majburiy fan bo‘yicha belgilangan eng yuqori ball beriladi.

Mavzuga oid