Jahon | 11:29 / 17.01.2024
9474
3 daqiqa o‘qiladi

Qrim ko‘prigiga dronlar hujumi: Rosgvardiya polkovnigi 6 yilga qamaldi

Harbiy sud Qrim ko‘prigi uchuvchisiz uchoqlardan yetarli darajada himoyalanmagani uchun Rossiya gvardiyasi dengiz boshqarmasi bo‘lim boshlig‘ini 6 yilga ozodlikdan mahrum qildi. U yaroqsiz uskunalarni foydalanishga qabul qilgani aytiladi.

Foto: Globallookpress

Rossiya Federatsiyasi sudi Rossiya gvardiyasi polkovnigini Kerch bo‘g‘ozi orqali Rossiyani Qrim yarimoroli bilan bog‘lovchi ko‘prikni Ukraina uchuvchisiz uchoqlaridan himoya qilish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmagani uchun aybdor deb topdi. Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi Rossiya gvardiyasi dengiz boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, polkovnik Sergey Volkovni Qrim ko‘prigini qo‘riqlash uchun sifatsiz radarlar yetkazib berishda ayblab, 6 yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qildi, deb xabar berdi «Mediazona» seshanba, 16 yanvar kuni. Bundan tashqari, unga ikki yilga davlat lavozimlarida ishlash taqiqlandi.

Volkov Jinoyat kodeksining og‘ir oqibatlarga olib kelgan mansab vakolatini suiiste’mol qilish moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi. 

Dronlardan himoyalanish uchun yaroqsiz bo‘lgan qurilmalar 

Rossiya gvardiyasi dengiz bo‘limi boshlig‘ining hibsga olingani 2023 yil mart oyida ma’lum bo‘ldi. Ayblov tomoni 7 yil qamoq jazosi, unvon va mukofotlardan mahrum etish hamda 3 yilga davlat ishida ishlashni taqiqlashni so‘radi, deb xabar berdi «Kommersant» avvalroq. 

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Volkov Qrim ko‘prigini himoya qilish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan hujumkor dronlarga qarshi kurashish radar tizimlarini qabul qilgan. Ular Rostov radioaloqa ilmiy tadqiqot instituti (RNIIRS) tomonidan 395,5 million rubllik shartnoma bo‘yicha yetkazib berilgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu komplekslar «uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi kurashdagi muammolarni muvaffaqiyatli hal qilishga imkon bermagan», deb ta’kidlaydi «Mediazona» tergov materiallariga tayanib.

Hukmni e’lon qilar ekan, sudya radarlar ishlayotganini, ammo dronlardan himoyalanish uchun yaroqsizligini ta’kidladi. Ayblanuvchi o‘z aybini tan olmadi. Uning himoyasi uskuna ushbu hududdagi monopolistdan sotib olinganini ta’kidladi.

Ukraina Qrim ko‘prigini qonuniy harbiy nishon deb e’lon qildi

Ukraina ko‘prikni qonuniy harbiy nishon deb bilishini bir necha bor ta’kidlagan, chunki u Rossiya kuchlarini ta’minlash uchun ham foydalanilgan. Rossiya Federatsiyasining keng ko‘lamli harbiy hujumi boshlanganidan beri Qrim ko‘prigi ikki marta - 2022 yil oktyabr va 2023 yil iyul oylarida jiddiy shikastlangan. Birinchi holatda tirkamali yuk mashinasining portlashi natijasida yo‘l ko‘prigi uch oraliq qismi, ikkinchi portlashdan keyin esa ko‘prik bir oraliq qismi qulab tushgan, ikkinchisi esa shikastlangan. Birinchi portlashda to‘rt kishi halok bo‘lgan, ikkinchisi esa mashinalardan biridagi er-xotinning hayotiga zomin bo‘lgan. Portlashlar uchun javobgarlikni Ukraina xavfsizlik xizmati o‘z zimmasiga oldi.

Mavzuga oid