Jahon | 09:10 / 19.01.2024
2726
3 daqiqa o‘qiladi

Novosibirskda kommunal muammolar bo‘yicha miting o‘tkazish taqiqlandi

Novosibirsk meriyasining fikricha, uy-joy kommunal xo‘jaligi muammolari bo‘yicha miting «fuqarolar huquq va erkinliklari va jamoat xavfsizligiga, shu jumladan konstitutsiyaviy tuzum asoslariga tahdid solishi mumkin».

Foto: RIA Novosti

Novosibirsk meriyasi ushbu shaharda uy-joy kommunal xo‘jaligi muammolariga bag‘ishlangan miting o‘tkazishga ruxsat bermadi. Bu haqda 18 yanvar, payshanba kuni «Krasnyy povorot» Telegram-kanali ma’lum qilib, xabarga Novosibirsk meri o‘rinbosari Gennadiy Zaxarovning ariza rad etilgani haqidagi xati fotonusxasini ilova qildi. Miting 20 yanvarga rejalashtirilgan edi. Novosibirsk ma’muriyati uni tasdiqlamaslik to‘g‘risidagi qarorni «fuqarolar huquq va erkinliklari, qonuniylik, huquq-tartibot va jamoat xavfsizligiga, shu jumladan konstitutsiyaviy tuzum asoslariga tahdid solishi» bilan asosladi.

Novosibirskdagi «Krasnyy povorot» kommunistik harakatlar uyushmasi vakillari mitingni tashkil etmoqchi edi. Xuddi shu nomdagi Telegram-kanalda postdan ma’lum bo‘lishicha, ariza 14 yanvar kuni soddalashtirilgan tartibda (onlayn) topshirilgan. Tadbir shahardagi «gayd-parklar»dan birida, ya’ni ommaviy tadbirlarni meriya ruxsatisiz o‘tkazish mumkin bo‘lgan yerlarda bo‘lib o‘tishi kerak edi.

«Bu rad etish, albatta, noqonuniy va siyosiy sabablarga ko‘ra amalga oshirildi», - deydi Telegram-kanal mualliflari. Aksiya tashkilotchilari yana bir ariza berdi - 27 yanvar kuniga.

Novosibirskda avariyalar natijasida issiqlik ta’minotidagi uzilishlar

Yanvar oyi boshida Novosibirskning chap qirg‘og‘ida isitish tizimidagi avariya natijasida bir necha yuzlab uylar issiqlik va issiq suvsiz qoldi. «Sibirskiy ekspress» Telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, shaharning Lenin tumanida magistral issiqlik tarmog‘ida avariya sodir bo‘lgan, natijada turar joy binolari va boshqa binolarda issiqlik va issiq suv ta’minoti uzilib qolgan, ko‘chalar suv ostida qolgan. O‘sha paytda Novosibirskda havo harorati kunduzi taxminan -15 daraja edi, kechasi esa -20 dan pastga tushdi.

17 yanvar kuni tushdan keyin Novosibirskning Petropavlovskaya ko‘chasida quvur yorilib ketdi.

Mahalliy aholi ijtimoiy tarmoqlarda osmonga ko‘tarilayotgan zich bug‘ ustunlari va bug‘ga botgan ko‘chalar aks etgan suratlarni joylashtirdi.

18 yanvar kuni ertalab Sibir ishlab chiqarish kompaniyasining Telegram'dagi xabariga ko‘ra, ushbu avariya natijasida 2000 ga yaqin uy issiqliksiz qolgan.

So‘nggi haftalarda Rossiyaning bir qancha viloyatlarida issiqlik trassalarida avariyalar sodir bo‘ldi. Yanvar oyi boshida Moskva viloyatidagi issiqlik trassasida sodir bo‘lgan avariya eng katta rezonansga sabab bo‘ldi, buning natijasida Podolskda 20 mingga yaqin odam issiqliksiz qoldi.

Mavzuga oid