O‘zbekiston | 15:25 / 19.01.2024
2743
2 daqiqa o‘qiladi

Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasining vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi huzurida Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgan. Uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

  • sanoat tarmoqlarida yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish, sohaga zamonaviy texnologiyalar va bilimlarni olib kirish hamda mehnat unumdorligi va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga ko‘maklashish;
  • yuqori qo‘shilgan qiymatli eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, xususiy sektor korxonalarida mahsulot tannarxini pasaytirish imkoniyatlarini yaratish hamda ularni eksport faoliyatiga jalb qilish va yangi bozorlarni o‘zlashtirishda ishtirok etish;
  • yuqori qo‘shilgan qiymatli va yangi yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan va eksportbop investitsiya loyihalarini, shu jumladan sanoat ipotekasi tizimi orqali moliyalashtirish.

Metallurgiya, mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik sanoati (paxta yigirish va qayta ishlash bundan mustasno), ipak sanoati, charm va poyabzal sanoati (terini qayta ishlash bundan mustasno), zargarlik buyumlari, oziq-ovqat va tibbiyot mahsulotlari sohasida biotexnologiya, zamonaviy qurilish tarmoqlarini takomillashtirish, qurilish materiallari ishlab chiqarish fond mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari bo‘lib hisoblanadi.

Jamg‘arma mablag‘lari investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi tomonidan taqsimlanadi.

Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom quyidagi tartiblarni belgilaydi:

  • jamg‘armani shakllantirish va ushbu mablag‘lardan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari;
  • jamg‘arma faoliyatini boshqarish;
  • jamg‘arma tomonidan tijorat banklari orqali kreditlar berish;
  • korxonalarning ustav kapitaliga investitsiya kiritish uchun jamg‘arma mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha loyihalarni tayyorlash va rasmiylashtirish.

Shuningdek, hujjat bilan ishlab chiqarilishi Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan yuqori texnologiyali va muhim mahsulot turlari ro‘yxati ham tasdiqlangan.

Mavzuga oid