O‘zbekiston | 18:20 / 20.01.2024
11566
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryodagi maktab-internatda 32 nafar o‘quvchi zaharlangan bo‘lishi mumkin

Ularda ko‘ngil aynishi, oshqozon va qorinda og‘riqlar kuzatilgan. Shundan so‘ng, tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan.

Foto: Kun.uz

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatida 18 yanvardan 19 yanvarga o‘tar kechasi yotoqxonada yashovchi 120 nafar o‘quvchidan 32 nafarinda ko‘ngil aynishi, oshqozonda va qorinda og‘riq kuzatilgan. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan ma’lumotni shanba kuni O‘zbekiston Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tasdiqladi.

Holat bo‘yicha maktab-internat hamshirasi birinchi yordam ko‘rsatgan, qo‘shimcha yordam uchun tez yordam xodimlarining ko‘rsatmasiga ko‘ra tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Ma’lumot o‘rnida maktab-internat oshxonasida autsorsing asosida «Azizbek Omad uchquni» MChJ faoliyat olib boradi.

2024 yilning 19 yanvar kuni Sariosiyo tuman Sanitariya va epidimalogiya osoyishtalik markazi tomonidan maktab-internat oshxonasining sanitariya holati to‘liq o‘rganilib, 18 yanvar kuni o‘quvchilarga berilgan nonushta, tushlik va kechki ovqat namunalari tahlil uchun olindi.

«Hozirda barcha o‘quvchilarning sog‘ligi yaxshi, dars jarayonlarda faol ishtirok etishmoqda. Shuni alohida ta’kidlaymizki, vaziyat IIB, SES hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan nazoratga olingan», — deyiladi agentlik xabarida.

Maktab-internatida 402 nafar o‘quvchiga 37 nafar o‘qituvchi, 8 nafar tarbiyachi ta’lim-tarbiya berib keladi.

  • Ma’lumot uchun, maktab-internatni issiq ovqat bilan ta’minlash ishlarini autsorsing asosida Termiz shahrida joylashgan «Azizbek Omad uchquni» xususiy korxonasi olib boradi
  • Ushbu korxona 2023 yil 22 fevralda o‘tkazilgan tenderda g‘olib chiqqan va 30 oy mobaynida mazkur ixtisoslashtirilgan maktab-internatni 684,3 mln so‘mlik oziq-ovqat bilan ta’minlashni o‘z gardaniga olgan.

Mavzuga oid