O‘zbekiston | 16:00 / 20.01.2024
32598
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda “Dolzarb qirq kunlik”da qo‘lga olinganlardan biri avtosalon direktori ekani ma’lum bo‘ldi

Ushbu shaxs o‘z jiyanini o‘ldirish orqali qo‘rqitib, uning avtosalondagi 20 mlrd so‘mlik ulushini 200 ming dollar evaziga tortib olmoqchi bo‘lgani aytilmoqda. 

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrida tezkor-profilaktik tadbirlarning “Dolzarb qirq kunligi” doirasida ushlanganlardan biri – 1954 yilda tug‘ilgan Niyoz Ibodov Navoiy shahridagi “Navoiy-avtosavdo” MChJ direktori ekani ma’lum bo‘ldi. Ochiq manbalarga ko‘ra, u MChJda 61,20 foiz ulushga egalik qilgan. MChJning 32,70 foiz ulushi esa Sardor G‘afforovga tegishli bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqda “UzAuto motors”ning “Navoiy-avtosavdo” MChJga yo‘llagan xati tarqaldi. Unda yozilishicha, Niyoz Ibodovga jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 2023 yil 18 dekabrdagi ajrimi bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. 

Sud ajrimiga ko‘ra, Niyoz Ibodov o‘zining jiyani bo‘lgan Sardor G‘afforovni “Navoiy-avtosavdo” MChJdagi ulushidan voz kechdirish bo‘yicha B.Sultonovga murojaat qilgan. B.Sultonov, Niyoz Ibodov va boshqa noma’lum shaxslar 2023 yilning iyun oyi boshlarida bir guruhga birlashib, ishni “hal qilish” uchun oldindan jinoiy til biriktirgan.

Guruh a’zolari Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan ofisga Sardor G‘afforovni chaqirib, undan avtosalondagi 20 mlrd so‘mga teng ulushini 200 ming AQSh dollari evaziga Niyoz Ibodov nomiga o‘tkazib berish haqida do‘q-po‘pisa qilib, agar ulushni o‘tkazib bermasa, jismonan yo‘q qilib yuborishni aytishgan. 

N.Ibodov yaqinlarining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, “S.G‘afforov “Navoiy-avtosavdo” MChJ ustav fondida N.Ibodovning turmush o‘rtog‘i M.Norqulovaga tegishli bo‘lgan 32,70 foiz ulushni soxta bayonnoma bilan o‘z nomiga o‘tkazib olgan”ligi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Ammo S.G‘afforovning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli ish tugatilgan.

N.Ibodov yaqinlarining qo‘shimcha qilishicha, “Navoiy-avtosavdo” MChJning ustav fondi 66 mln 164 ming so‘mni tashkil qiladi. Bundan ko‘rinadiki, “UzAuto motors”ning xatidagi summa bilan MChJ ustavidagi summa o‘rtasida farq bor.

“UzAuto motors”ning xatidan so‘ng “Navoiy-avtosavdo” MChJ faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan hamda xodimlari ish haqi saqlanmagan holda ta’tilga chiqarilgan. 

Niyoz Ibodov Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Dolzarb qirq kunlik” tezkor-profilaktik tadbirlar vaqtida qo‘lga olingandi. U Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismida (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda. 

Mavzuga oid