O‘zbekiston | 19:10 / 22.01.2024
9168
2 daqiqa o‘qiladi

Prezidentga sportdagi natijalar va rejalar bo‘yicha axborot berildi 

Davlat rahbari sport ta’limini rivojlantirish, sportchilarni xalqaro musobaqalarga tayyorlashda ilg‘or yondashuvlarni qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

22 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga sport sohasida erishilgan natijalar va xalqaro musobaqalarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik bo‘yicha axborot berildi. 

Qayd qilinishicha, 2023 yilda «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasidagi musobaqalarda 6 milliondan ortiq yoshlar qamrab olindi. Sport infratuzilmasi yaxshi rivojlanmagan, olis va chekka hududlardagi mahallalarda 449 ta namunaviy sport maydonchasi barpo etildi. 

Besh bosqichli ommaviy musobaqalarda qariyb 12 ming nafar iqtidorli yoshlar tanlab olinib, sport maktablariga yo‘naltirildi. Sohadagi har bir maktab muayyan sport turlariga ixtisoslashtirilib, yangi inventar va anjomlar bilan ta’minlandi.  

Professional sportchilarni xalqaro musobaqalarga tayyorlash bo‘yicha ham zarur choralar ko‘rilmoqda. Ayni kunlarda Janubiy Koreyada o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasida IV qishki olimpiya o‘yinlarida tog‘ chang‘isi bo‘yicha o‘zbekistonlik sportchilar ishtirok etmoqda. 

Bu yil Parij shahrida to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi – yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Hozirga qadar atletlar ularga, mos ravishda, 17 ta va 34 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.  

2025 yilda Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan yoshlar o‘rtasida Osiyo va Paraosiyo o‘yinlariga ham tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Olimpiya shaharchasi qurilishi jadal davom etmoqda. 

2024 yilda ijtimoiy dasturlar doirasida 42 ta sport inshooti qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. «Besh tashabbus olimpiadasi» qamrovini yanada kengaytirgan holda, ishtirokchilar sonini 7 millionga yetkazish mo‘ljallangan. Sport maktablarida qo‘shimcha mingdan ortiq guruhlar ochish ko‘zda tutilgan. 

Davlat rahbari sport ta’limini rivojlantirish, sportchilarni xalqaro musobaqalarga tayyorlashda ilg‘or yondashuvlarni qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mavzuga oid