Havo ifloslanishi va aholi salomatligi bilan bog‘liq inqirozdan chiqish: Yaponiya tajribasi
Ekologik standartlarga amal qilish bo‘yicha eng ilg‘or davlatlardan biri hisoblanuvchi Yaponiya o‘z tarixida (tezkor sanoatlashuv yillarida) havo ifloslanishi bilan bog‘liq kasalliklar avj olishining to‘rtta to‘lqinini boshdan kechirgan. Bu mavzuda Yaponiyada tadqiqot olib borgan Bobur Turdiyev Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida kunchiqar yurt tajribasi haqida so‘z yuritib, O‘zbekiston uchun tavsiyalarni sanab o‘tadi.
Bugun global isish va iqlim o‘zgarishi xalqaro darajadagi dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Afsuski, bu muammo ko‘pchilik davlatlar qatori O‘zbekistonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. O‘zbekistondagi ekologik holatning naqadar jiddiy ekanini Toshkent shahri havosining ifloslanib borayotgani, xalqaro reyting va indikatorlardan ham ko‘rish mumkin.
Xususan, 2022 yilgi Ekologik samaradorlik indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston umumiy 38,2 ball bilan 107-o‘rinni band etgan bo‘lsa, havo ifloslanishi bo‘yicha 16,7 ball bilan 167-o‘rinni egallagan. Xuddi shunday, 2022 yilgi Jahon havo sifati hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston havosi eng ifloslangan 20 ta davlatdan biri hisoblanib, havodagi qum-chang zarrachalari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti me’yorlaridan o‘rtacha 6,7 baravar yuqori hisoblanadi.
Afsuski, havo sifati ko‘rsatkichlarini onlayn uzatuvchi stansiyalar asosan Toshkent shahrida (8 ta) joylashgan bo‘lib, bu butun O‘zbekiston bo‘ylab umumiy ekologik holatni baholash imkonini bermaydi. Jumladan, IQAir ma’lumotlariga ko‘ra, Termiz shahrida havo ifloslanishi darajasi Toshkent shahridan qolishmaydi va ba’zi hollarda undan ham yuqoriroq. Shunchaki ma’lumot uchun, qo‘shni Qirg‘izistonning Bishkek shahrida havo sifatini o‘lchovchi stansiyalar soni 50 ga yaqinni tashkil etib, boshqa kichik shaharlarda ham 2-3 tadan stansiyalar mavjud.
Holbuki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 maydagi PF-81-son farmoniga muvofiq, 2023 yilning 1 dekabriga qadar tuman (shaharlar)da atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringini amalga oshirish uchun jami 347 ta avtomatlashgan stansiyalar xarid qilish va o‘rnatish belgilangan bo‘lib, mazkur qaror ijrosi muddati hozirda 2024 yil 1 oktyabrga o‘zgartirilgan.
E’tiborlisi, atrof-muhit ifloslanishi va uning natijasida yuzaga keladigan tabiiy omillar nafaqat iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga, balki fuqarolar sog‘ligiga ham salbiy ta’sir qiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ekologik omillardan har yili 13 mln kishi halok bo‘lib, shundan 6,5 mln o‘lim havo ifloslanishi oqibatida yuz beradi. Bunda 90 foiz o‘lim ko‘rsatkichlari rivojlanayotgan davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston rasmiylariga ko‘ra, qurilishdagi xaos, mashinadan chiqayotgan zaharlar, rivojlanmagan jamoat transporti, infratuzilma yo‘qligi, sanoat chiqindilari, ko‘mir va mazutdan foydalanishning ortgani Toshkent shahri havosini ifloslantiruvchi asosiy omillar hisoblanadi.
Ekologiya ifloslanishi va aholi salomatligi bilan bog‘liq inqiroz (Yaponiya misolida)
Havo ifloslanishi va u bilan bog‘liq ekologik inqiroz iqtisodiy rivojlanish pallasida bo‘lgan rivojlanayotgan davlatlarda tez-tez kuzatiladi. Ayrim davlatlar bu jarayondan tezroq va oqilona qarorlar hisobiga muvaffaqiyatli o‘tib olgan bo‘lsa, ayrim davlatlarda mazkur inqirozli holat yanada murakkablashganini ko‘rish mumkin.
Xususan, Osiyoda ekologik holati barqaror va yuqori ekologik standartlarni joriy etish bo‘yicha Yaponiya yetakchi hisoblanadi. Afsuski, bunday natijaga erishish uchun mamlakat atrof-muhit ifloslanishi natijasida yuzaga kelgan kasalliklar (minamata, astma, va itai-itai kasalligi) va jamoat sog‘lig‘i bilan bog‘liq to‘rtta jiddiy inqirozlarni boshidan o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgan. Ulardan uchtasi 1950-60 yillardagi yuqori iqtisodiy o‘sish va sanoatlashish davriga to‘g‘ri keladi.
Jumladan, Yaponiyaning Miye prefekturasidagi Yokkaichi porti atrofida joylashgan urushdan keyin xaroba bo‘lib yotgan sobiq harbiy yoqilg‘i ombori hududida 1955 yilda neft-kimyo majmuasi qurish loyihasi tasdiqlanadi. 1959 yildan to‘liq ishga tushgan majmua tomonidan atmosferaga chiqarilgan tashlanmalar tufayli hududdagi havo yuqori darajada ifloslana boshlaydi.
Mahalliy aholi tomonidan neft-kimyo korxonalaridan chiqayotgan zaharli gaz, tutun, shovqin va ko‘lansa hidlardan shikoyatlar ko‘payadi. 1961 yil o‘rtalariga kelib aholi, ayniqsa 10 yoshgacha bolalar va qariyalar orasida astma kasalligiga chalinish holatlari jiddiy oshadi, nafas olish yo‘llari bilan bog‘liq turli kasalliklar ko‘payadi.
Bundan tashqari, majmua dengiz ko‘rfazida joylashgani va chiqindi suvlar yetarli ishlov berilmay dengizga quyulgani sababli, suv manbalari ham ifloslanib, bir necha kilometr radiusdagi dengizdagi baliqlar ta’mi o‘zgarib, baliq soni va sifati pasayib ketadi. Mazkur huddudda ovlangan baliqlar ifloslangani, hidi borligi sababli bozorda qo‘shimcha tekshiruvlarga, baliqchilar daromadi tushib ketishiga va ularning ishsizligiga olib keladi hamda jiddiy noroziliklarga sabab bo‘ladi.
1963 yilda ushbu hududda ikkinchi neft-kimyo majmuasi ishga tushiriladi. Bu paytga kelib ekologik ifloslanish qo‘shni tuman va hududlarga ham yoyila boshlaydi hamda bu inqiroz tarixda “Yokkaichi astma” yoki “Yokkaichi ifloslanishi” nomlari bilan qoladi. Ifloslanish darajasini pasaytirish uchun korxonalar tomonidan 1965 yilda atmosferaga chiqariladigan tashlanmalar minoralari balandligi oshiriladi. Bu chora bevosita yondosh hududlarga yetkaziladigan zarar ko‘lamini kamaytirgan bo‘lsa-da, umumiy holda ifloslanish hududi yanada kengayishiga olib keladi.
Ekologik inqirozdan aholi salomatligi bilan bog‘liq inqiroz sari
Iqtisodiy o‘sishga ustuvorlik berilgani, davlat va mahalliy hokimiyat idoralari tomonidan ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga nisbatan yon bosilgani sababli, havo ifloslanishi va uning natijasida aholi salomatligi yomonlashuvi bevosita bog‘liqligi rad etiladi. Aholi salomatligi yomonlashuviga qaramay, hududdagi neft-kimyo korxonalari va hokimiyat idoralari tomonidan havo ifloslanishini kamaytirish yuzasidan yetarli darajada amaliy choralar ko‘rilmaydi.
Ifloslangan havodan zararlanish darajasini kamaytirish uchun shifokorlar tavsiyasi bilan aholi, ayniqsa bolalar uchun 1960-yillar o‘rtalarida maktablarda kunida 5-6 martadan og‘iz chayqash, maska taqish tartibi joriy etiladi hamda maktablarda havoni tozalovchi moslamalar o‘rnatiladi.
Lekin ko‘rilgan choralarga qaramay vaziyat yaxshilanmaydi. Havo ifloslanishi bilan bog‘liq ekologik inqiroz ayniqsa bolalar salomatligiga jiddiy zarar yetkazib, kasal bo‘lgan bemorlarning 50 foizga yaqinini bolalar tashkil etadi. Natijada, mazkur hududda bolalar o‘limi ko‘rsatkichlari o‘rtacha umummilliy ko‘rsatkichlarga (18,1) nisbatan ikki baravar yuqoriga ko‘tarilib, har ming nafarga 36,1 nafarni tashkil etadi. Shuningdek, aholining o‘rtacha umr davomiyligi qisqarib, hududda yashovchilar orasida xronik bronxit, bronxial astma bilan bo‘g‘liq o‘lim ko‘rsatkichlari soni oshadi.
Jumladan, havo ifloslanishi natijasida Naoko Tanida ismli qizaloq 2-sinfda o‘qiyotganida astma kasalligiga chalinadi. Keyinchalik shifokorlar tavsiyasi bilan qizaloqning oilasi boshqa hududga ko‘chib o‘tadi. Biroq, ko‘rilgan choralarga qaramay, sog‘lig‘iga jiddiy putur yetgan qizaloq astma xuruji natijasida 9 yoshida (1972 yil sentabrda) bevaqt hayotdan ko‘z yumadi.
Qizaloqning onasi Teruko Tanida mana o‘n yildirki mazkur fojia bilan bog‘liq xotiralarini yoshlarning ekologik xabardorligi va mas’uliyatini oshirish maqsadida hikoya qilib keladi. “Atrof-muhit ifloslanishi juda jiddiy oqibatlarga, bolalar o‘limiga olib keladi. Biz ushbu fojyeadan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz, iqtisodiy o‘sish uchun farzandlarimiz va boshqa insonlar hayotini qurbonlik qilmasligimiz zarur”, deya ta’kidlaydi u.
Namoyishlar, mahalliy aholining noroziligi va qarshiligi hech qanday samara bermagach, bir guruh jamoatchilik faollari tomonidan aybdor kompaniyalarga qonuniy chora ko‘rish maqsadida huquqiy mexanizmlarga murojaat qilinadi. Garchi jabrlanuvchilar soni ko‘p bo‘lsa-da, faqat 9 nafar fuqarogina sudda da’vogar sifatida qatnashishga rozi bo‘ladi.
Shunday qilib, 1967 yili da’vogar fuqarolar tomonidan ekologiya ifloslanishiga sababchi bo‘lgan 6 ta javobgar kompaniyaga nisbatan yetkazilgan zararni qoplash va atrof-muhitga zararli ta’sirni kamaytirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish uchun sudga da’vo arizasi kiritiladi. Suddagi asosiy munozara jabrlanuvchilar sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar bilan neft-kimyo korxonalaridan atmosferaga chiqayotgan zaharli havo (tutun) o‘rtasida bog‘liqlik bormi yoki yo‘qmi degan savol atrofida kechadi.
5 yil davom etgan va OAV tomonidan keng yoritib borilgan sud jarayoni nihoyat 1972 yilda da’vogarlarning g‘alabasi bilan yakunlanadi. Afsus, bu paytga kelib eng yosh hisoblangan da’vogar jabrlanuvchi vafot etgan edi. Sud qarori jabrlanuvchilarga nafaqat zararni qoplash imkonini beradi, balki kompaniyalar va ularga yon bosgan markaziy va mahalliy hokimiyat bilan kelgusidagi choralar yuzasidan muzokaralar olib borish, davlatning ekologik siyosati va standartlarini qaytadan ko‘rib chiqish, ekologiya qonunchiligini takomillashtirishda tub burilish yuz berishiga olib keladi.
Sud o‘z qarorida “kompaniyalar iqtisodiy samaradorlik va foyda olishga ustuvorlik berishdan voz kechishi, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rishi, bunda dunyodagi eng ilg‘or texnologiya va bilimlarni qo‘llashi kerakligi”ni qayd etadi. Sud, shuningdek, milliy hukumat va mahalliy hokimiyat idoralari kompaniyalarni atrof-muhitga ta’sirini yetarlicha baholamay turib hududga jalb etgani uchun mas’uliyat ularning bo‘ynida ekanini ko‘rsatib o‘tadi.
Shuningdek, bu suddagi g‘alaba Yaponiyaning boshqa hududlarida ham ekologiya ifloslanishi bilan bog‘liq jamoat manfaatlari uchun da’vo arizalarini qo‘zg‘atishga turtki beradi va yapon kompaniyalarining ekologik mas’uliyati oshishiga xizmat qiladi.
Ekologik va aholi salomatligi bilan bog‘liq bu inqirozdan kechikib bo‘lsa-da yapon hukumati to‘g‘ri xulosa chiqaradi. Birinchi navbatda ekologiya sohasidagi qonunchilik takomillashtirilib, sohani tartibga soluvchi bir qator yangi qonunlar qabul qilinadi. 1963 yilda “Tutunlarni nazorat qilish to‘g‘risida”, 1966 yilda “Suv sifatini nazorat qilish to‘g‘risida”, “Sanoat suyuq chiqindilarini nazorat qilish to‘g‘risida”, 1967 yil “Atrof-muhit ifloslanishini nazorat qilish to‘g‘risida”, 1968 yil “Havo ifloslanishini nazorat qilish to‘g‘risida”, 1973 yil “Atrof-muhit ifloslanishi natijasida aholi sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonni kompensatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinadi.
1971 yilda Miye prefekturasi tomonidan havo ifloslanishining oldini olish, atmosferaga tashlanmalar miqdori bo‘yicha cheklovlar o‘rnatish va tashlanmalar miqdorini keskin qisqartirish bo‘yicha 5 yil muddatga erishilishi lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar joriy etiladi hamda belgilangan ko‘rsatkichlarga muddatidan bir yil avval erishiladi.
Havo ifloslanishi darajasini monitoring qilish maqsadida 1960 yil oxiridan boshlab havodagi oltingugurt oksidi va tushadigan chang miqdori o‘lchana boshlaydi, 1962 yil yakunlarida havo sifatini avtomatik o‘lchaydigan uskuna o‘rnatiladi. 1966-69 yillarda 28 gektar maydonda shaharning Markaziy yashil bog‘i barpo etiladi. 1967 yil Miye prefekturasining atrof-muhit ifloslanishi ahvolini doimiy o‘rganish va tadqiqot qilish uchun Atrof-muhit ifloslanishi markazi tashkil etilgan bo‘lsa, 1971 yilga kelib Yaponiya Ekologiya vazirligi tashkil etiladi.
O‘z navbatida kompaniyalar tomonidan ham atmosferaga tashlanmalar va chiqindi suvlarni tozalash va zararsizlantirishga qaratilgan chora tadbirlar (filtrlar o‘rnatish, bir necha bosqichli tozalash texnologiyalari joriy etish) amalga oshiriladi. 1969 yilda neft-kimyo korxonalari va shahar hokimligi o‘rtasida atrof-muhit ifloslanishining oldini olish bo‘yicha shartnoma imzolanib, ifloslantirish sharoitida korxonalar faoliyatini to‘xtatib turish, shahar hokimiyatining ahvolni joyiga chiqib tekshirish vakolatlari belgilanadi. Shartnoma shartlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun mahalliy aholi vakillaridan iborat qo‘shma kengash tashkil etiladi.
O‘sha paytda davolanish va salomatligini tiklash bilan bog‘liq xarajatlar to‘liq fuqarolarning o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanishi va tibbiy sug‘urta tizimi orqali qamrab olinmagani aholi uchun jiddiy iqtisodiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Shu sababli 1965 yilda Yokkaichidagi mahalliy hokimiyat tomonidan Yaponiyada ilk marotaba havo ifloslanishidan jabr ko‘rayotgan fuqarolarning tibbiy xarajatlarini davlat tomonidan qoplash tizimi joriy etiladi.
1990 yilda shahar hokimligi tomonidan atrof-muhit ifloslanishini oldini olishga qaratilgan texnologiyalarni boshqa rivojlanayotgan davlatlar ham foydalanishi uchun Ekologik texnologiyalar transferi markazi tashkil etiladi. 2015 yilda Yokkaichi ifloslanishi va kelajak avlodlardagi xabardorlikni oshirish bo‘yicha ekologiya muzeyi tashkil etiladi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida atrof-muhit ifloslanishi va aholi salomatligi bilan bog‘liq yuzaga kelgan inqirozli holat to‘liq bartaraf etiladi.
Bugungi kunda Yaponiyada, xususan Yokkaichi shahrida ekologik holat ancha barqaror va atrof-muhit tozaligi bo‘yicha yuqori natijalar qayd etib kelinmoqda.
Ekologik samaradorlik indeksiga ko‘ra, Yaponiya umumiy 57,2 ball bilan 25-o‘rinni band etgan bo‘lsa, havo tozaligi bo‘yicha 78,9 ball bilan dunyo mamlakatlari ichida 13-o‘rinni band etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yapon kompaniyalarining 76 foizi iqlim o‘zgarishini jiddiy masala ekanini qayd etib, issiqxona gazlarini kamaytirish uchun 85 foiz holatda energiyani tejash, 68 foiz holatda ekologik toza tovar va xizmatlardan foydalanish, 55 foiz holatda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish va 51 foiz holatda ishlab chiqarish jarayonini optimallashtirish orqali erishib kelmoqda.
Xulosa
Ming afsus, rivojlangan davlatlar bosib o‘tgan va jiddiy oqibatlarga olib kelgan ekologik inqirozlardan doim ham to‘g‘ri xulosa chiqarilmayapti, ular qilgan xatolarni rivojlanish bosqichida turgan davlatlar ham takrorlamoqda. Zero, iqtisodiy o‘sishga erishish uchun boy berilgan va ekologiya yetkazilgan zararning o‘rnini kelajakda o‘rnini qoplash imkoniyati yo‘q yoki bo‘lgan taqdirda ham uning qiymati erishilgan iqtisodiy qiymatdan bir necha karra qimmatga tushadi.
E’tiborlisi, Yaponiyada yuzaga kelgan inqirozni qisqa muddatda bartaraf etishga erishilgan bo‘lsa-da, hozirgi iqlim o‘zgarishi va global isish sharoitida atrof-muhitga yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash hamda uni tiklash yanada murakkab va tobora qiyinlashib bormoqda.
Bunda eng asosiysi iqtisodiy rivojlanish, ekologik barqarorlik va insonning munosib yashashga bo‘lgan huquqlari o‘rtasida muvozanatga erishish hisoblanadi. Zero, qaysidir biriga ustuvorlik berish boshqasining halokati va inqirozi bilan yakun topadi. Dastlab 1992-yilda qabul qilingan Rio deklaratsiyasida o‘z ifodasini topgan mazkur barqaror rivojlanish tamoyillari hayot uchun qulay tabiiy muhitga ega bo‘lish, iqtisodiy o‘sish va atrof-muhitni muhofaza qilish ajralmas ekanligi va ular o‘rtasida muvozanatni ta’minlash kerakligini mustahkamlab qo‘ygan.
2023 yilda umumxalq muhokamasi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga intilishi qayd etilgan. Konstitutsiyaning 49-moddasida har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga egaligi mustahkamlangan.
Biroq, so‘nggi vaqtlarda Toshkent shahrida havo ifloslanishi darajasi yuqoriligicha qolayotgan bo‘lib, bu nafas yo‘llarining surunkali kasalliklari, allergiya va saraton kasalligiga olib kelishi mumkin.
Takliflar
O‘zbekistonda havo ifloslanishi ekologik va aholi salomatligi bilan bog‘liq inqirozga aylanib ketmasligi uchun quyidagilar taklif qilinadi:
Birinchidan, barqaror rivojlanish tamoyillariga muvofiq barcha darajadagi qarorlarni qabul qilishda iqtisodiy va ekologik manfaatlar hamda insonning munosib yashashga bo‘lgan huquqlari o‘rtasida muvozanatni ta’minlash lozim. Bunda ekologik tamoyillarni rad etish yoki ularga zid ravishda iqtisodiy manfaatlarga ustuvorlik berishdan voz kechish lozim.
Jumladan, atrof-muhit jiddiy ifloslanishiga olib keladigan sement ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun joriy yilda ayrim soliq stavkalari 4 baravarga pasaytirilgan holda ularning ekologik mas’uliyatini oshirish bo‘yicha yetarli choralar belgilanmagani natijasida iqtisodiy manfaatlarga ustuvorlik berilishi, o‘z navbatida ekologik va insonning munosib yashashga bo‘lgan huquqlari muvozanati buzilishiga va ularga ziyon yetkazilishiga olib kelishi mumkin.
Ikkinchidan, fuqarolarni atrof-muhit holati to‘g‘risidagi ishonchli axborot bilan ta’minlash maqsadida ekologiyaga oid axborotlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash va kengaytirish zarur.
Jumladan, har bir korxona va tashkilot kesimida atrof tabiiy muhit holatiga zararli ta’sir qiladigan yoki nomaqbul tarzda ta’sir etishi mumkin bo‘lgan obektlar, atrof tabiiy muhitga tushadigan zararli moddalarning turlari va miqdori, chiqindilarning hajmlari va tarkibi, o‘zgarish dinamikasiga oid ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash va e’lon qilib borish zarur.
Ayni paytda, respublikaning barcha hududlarida atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringini amalga oshiruvchi stansiyalarni tezroq ishga tushirish va real vaqt rejimida onlayn uzatishni yo‘lga qo‘yish zarur.
Shuningdek, havo ifloslanishi fon monitoringidan kelib chiqib, aholi uchun o‘z salomatligini asrash choralarini ko‘rish uchun qanday ehtiyot choralarini ko‘rish kerakligi bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish va aholi e’tiboriga yetkazib turish zarur.
Uchinchidan, ekologiyaga zararli ta’sirlarning asosiy sababchilaridan biri korporativ sektor hisoblanadi. Rivojlangan davlatlarda korporativ hamjamiyatning mas’uliyatini oshirish uchun korporativ ijtimoiy mas’uliyat (KIM) tamoyillaridan keng foydalaniladi. Shu sababli, milliy qonunchilikda, xususan tadbirkorlik va ekologiyaga oid qonunchilikda KIM tamoyillarini mustahkamlash orqali korporativ sektorning ekologik mas’uliyatini oshirish zarur.
KIM korporativ sektorning jamiyat va atrof-muhitga ehtimoliy ta’siri yuzasidan mas’uliyati va hisobdorligini oshirishni nazarda tutadi. KIM nafaqat qonunlarga amal qilish, balki o‘zining faoliyatiga qonunlarda nazarda tutilganidan ham yuqori standartlar joriy etish orqali, korporativ sektorning jamiyat va ekologiyaga salbiy ta’sirini minimallashtirish hamda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik manfaatlar uyg‘unligini ta’minlashni nazarda tutadi.
KIM tamoyillarining amalga tatbiq etilishini nazorat qilish fuqarolik jamiyati institutlari, OAV, faol iste’molchilar qatlami yordamida jamoatchilik nazorati mexanizmlari orqali amalga oshiriladi. Shu sababli, davlat fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish, ijtimoiy sherikchilik tamoyillari asosida insofsiz tadbirkorlik sub’yektlari, ekologiyani ifloslantiruvchi korxonalarni fosh etishga oid faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilab olishi maqsadga muvofiq.
To‘rtinchidan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentabrdagi 541-son qarorida keltirilgan atrof-muhitga zarar yetkazish darajasi yuqori va o‘rta bo‘lgan korxonalar tomonidan atrof-muhitga zarar ko‘lamini kamaytirish va oldini olish uchun ilg‘or ekologik tozalash texnologiya va filtrlarini majburiy qo‘llash tartibini joriy etish maqsadga muvofiq.
Bunda xuddi sement ishlab chiqarish tashkilotlari uchun Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 apreldagi 223-son qarorida belgilangani kabi mazkur korxona va tashkilotlarga tutash hududlarda statsionar kuzatish punktlari (postlar)ni o‘rnatish hamda fon monitoringini real vaqt rejimida onlayn uzatishni yo‘lga qo‘yish taklif qilinadi.
Bunda atrof-muhitga jiddiy ziyon yetkazadigan korxonalar faoliyati ekologik va jamoatchilik nazorati mexanizmlari orqali nazorat qilinishi va fosh etilishi, qonun ustuvorligini ta’minlash, ekologik nazoratni amalga oshiruvchi idoralarning mustaqil, xolis faoliyat yuritishini ta’minlash lozim. Ayni paytda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufida bo‘lgan ekologiyani asrash bilan bog‘liq bo‘lmagan yoki aksincha unga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi vazirlik tasarrufidan chiqarilishi maqsadga muvofiq.
Mazkur chora tadbirlar ma’lum bir moliyaviy xarajatlarni amalga oshirishni talab etsa-da, bunday xarajatlar ekologik mas’uliyatsizlik oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jiddiy ekologik talafotlar va aholi sog‘lig‘i bilan bog‘liq inqirozli holatlar natijasida yetkazilgan zararga qaraganda bir necha baravar arzon hisoblanadi. Buning uchun davlat tomonidan tegishli qonunchilik va standartlarni ishlab chiqish, ularning joriy etilishi va keng tatbiq etilishini rag‘batlantirish talab etiladi.
Eng asosiysi, insonning munosib yashash huquqi, atrof-muhit va iqtisodiy manfaatlar o‘rtasida muvozanatni ta’minlash, fuqarolar va korporativ sektorning ekologik xabardorligi va mas’uliyatini oshirish, ekologik axborotning ochiqligini ta’minlash orqali jamoatchilik nazorati imkoniyatlaridan foydalanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadga muvofiq.
Bobur Turdiyev,
mustaqil tadqiqotchi
Mavzuga oid
20:50 / 23.12.2024
Yaponiyada sun’iy gravitatsiyaga ega Oy majmuasi prototipi quriladi
20:28 / 23.12.2024
Honda va Nissan birlashmoqda. Ular dunyodagi eng yirik uchinchi avtomobil ishlab chiqaruvchiga aylanadi
15:00 / 23.12.2024
Yaponiya savdo tarmoqlarida O‘zbekiston mahsulotlari sotuvi yo‘lga qo‘yiladi
18:22 / 22.12.2024