O‘zbekiston | 18:19 / 24.01.2024
32572
10 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda rus propaganda kanallarini yopish taklif qilinmoqda

«1917 yilgacha o‘zbek millati bo‘lmagani» haqida gapirgan rossiyalik tarixchi Mixail Smolinning chiqishiga javoban o‘zbekistonlik rasmiylar, deputatlar va blogerlar Rossiyaning propaganda telekanallarini cheklashni taklif qilib, qarshi choralar ko‘rish lozimligini bildirmoqda.

Rossiyalik tarixchi Mixail Smolinning shov-shuvli chiqishi ortidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Minhojiddin Mirzo O‘zbekiston aholisini zaharli g‘oyalardan saqlash uchun mamlakatdagi xorijiy davlatlar propagandasiga xizmat qilayotgan barcha radio-televideniye kanallar hamda ularning internetdagi saytlarini zudlik bilan cheklash masalasini ko‘rib chiqish taklifi bilan chiqdi.

Minhojiddin Mirzo

«Imperiyaparastlik talvasasi yana turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘la boshladi. «Yo‘qsullar dohiysi» Lenin vafotining 100 yilligi munosabati bilan Rossiyaning NTV kanalida uyushtirilgan tok-shouda rossiyalik «tarixchi» Mixail Smolin 1917 yilga qadar o‘zbeklar, qozoqlar va ozarboyjonlar millat sifatida mavjud bo‘lmagan, inqilobdan keyingina ular SSSR nomi bilan paydo bo‘lgan, degan nihoyatda ahmoqona safsatani o‘rtaga tashladi.

Bu bir shaxsning fikrimi yoki rus shovinizmining asl basharasimi? Garchi madaniyatsizlarcha va kaltabinlarcha bo‘lsa-da, shovinizmning asosiy basharasini ko‘rsatuvchi ushbu «siyosiy qarash» istibdod kishanlarini parchalab, necha ming yillik o‘z milliy davlatchiligini qaytadan tiklagan el-u yurtlarni mana shunday olchoq g‘oyalari bilan ruhan cho‘ktirishga urinishdir. Aks holda ularga bunday media imkoniyat yaratib berilmagan bo‘lardi», – deb yozgan u feysbuk sahifasida.

U ushbu qo‘shtirnoq ichidagi tarixchi haqqoniy tarixni juda yaxshi bilishi, lekin uning «shovinizm bilan emlangan tafakkuri» azaldan buyuk davlat, buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalqning kimligini tan olgisi kelmasligini ta’kidlaydi. 

«Bobolarimiz necha asrlar mobaynida mintaqada ahil, bahamjihat bo‘lib, buyuk qadriyatlar asosida yashab kelgan bo‘lsa, bugun ham, ta’bir joiz bo‘lsa, tarix va hayot gardishi, tabiatning o‘zi bizni – butun Markaziy Osiyo xalqlarini aynan ana shunday do‘stlik va hamkorlik ruhida hayot kechirishga da’vat etmoqda. Bu – tarixiy voqelik!

Ming afsuski, mana shunday tarixiy haqiqatni anglamaydigan yoki anglashni istamaydigan Mixail Smolinga o‘xshaganlar bunday qarashlari bilan bir butun xalqlarni haqorat qilmoqda. Bu kechirilmaydigan va shunchaki «alahsirash» deb qarab bo‘lmaydigan holdir!» – degan u.

Minhojiddin Mirzo shovinistik propaganda yuzidagi niqobni yirtib, o‘zining haqiqiy basharasini namoyish qilar ekan, ularning xatti-harakatida fashizmning «qo‘lansa hidi» anqiyotganini ta’kidlagan va shovinistlarning jinoiy harakatlari o‘z jamoatchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganidan tashvish bildirgan.

«Aslida, Mixail Smolin va unga o‘xshash «siyosatdon»larning og‘zida aylanayotgan til qora niyat egasining tilidir.  
SSSR deb nomlangan, allaqachon tarix axlatxonasiga itqitilgan imperiyani tiriltirish – amalga oshirib bo‘lmaydigan xomxayoldan boshqa narsa emas. Tarixdan yaxshi bilamiz: faqat olchoqlik va zo‘ravonlik bilan kun ko‘rgan bu imperiya zuluk singari boshqa xalqlarning mehnati orqali yashab kelgan. Bugun prilepinlar, smolinlar yana o‘sha sovetning istibdod asosiga qurilgan tuzumini qo‘msab ayyuhannos solishmoqda. 

Jamiyatimizni bunday xurujlardan, zaharli g‘oyalardan saqlash uchun mamlakatimizdagi xorijiy davlatlar propagandasiga xizmat qilayotgan barcha radio-televideniye kanallari hamda internetdagi saytlarini zudlik bilan cheklash masalasini ko‘rib chiqishni vaziyatning o‘zi taqozo etayotir», – degan Minhojiddin Mirzo.

Nima bo‘lgandi?

 

Mixail Smolin. Foto: «Mesto vstrechi» ko‘rsatuvidan kadr.

NTV telekanalidagi tok-shouda Mixail Smolin 1917 yilgi inqilobgacha o‘zbeklar xalq sifatida mavjud bo‘lmagani haqida gapirgandi.

«Qarang, Qozog‘iston qanday paydo bo‘ldi. Dastlab u RSFSR tarkibida Qozoq Respublikasi deb atalgan. Ya’ni qozoqlar umuman yo‘q edi, keyin Qozog‘iston SSR tarkibida Qirg‘iziston avtonom sovet sotsialistik respublikasi tashkil etildi. Masalan, o‘zbeklar inqilobgacha bo‘lmagan. Bunday etnik nom yo‘q edi. Markaziy Osiyodagi bir qancha xalqlarni bir qilib, o‘zbeklarni [sun’iy] yaratishgan. Ozarboyjonlar kimlar? Bunday millat bo‘lmagan», – degandi Mixail Smolin teledastur chog‘ida.

O‘zbekiston tomonidan reaksiyalar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov «ilmsiz tarixchini e’tiborsiz qoldirish kerak»ligini yozdi.

«Qadimgi turkiy millatlar, jumladan, ularning eng mustahkam qo‘llaridan biri qarluqning boshi — o‘zbeklarning 3 ming yillik davlatchiligini oddiy inson bilmasligi mumkin, lekin tarixchiman degani bilmasa, bunday ilmsiz tarixchini e’tiborsiz qoldirish kerak.

Davlatchilik tajribamizning muhim xulosasi — el bo‘lmasdan o‘zimiz bilan o‘zimiz tortishaversak, yana zo‘ravonga qul bo‘lamiz!» – dedi deputat.

«Yuksalish» harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov «Rossiyalik propagandachilar jazavaga tushmoqda. Ularga aqldan ozishga xalaqit bermang», – deya post qoldirgan.

Sobiq deputat Rasul Kusherbayev ham rus kanallarini O‘zbekistonda cheklash kerakligini bildirgan.

«Ko‘rinib turibdiki, katta ehtimol bilan Kreml buyurtmasi asosida rus ziyolilari sekin-asta Markaziy Osiyo mamlakatlarini bosib olishga o‘z jamiyatini ruhan tayyorlamoqda. Bu ssenariy Ukrainaga uyushtirilishi kutilgan bosqindan oldin ham qo‘llangan. Bunday harakatlar fonida biz hech bo‘lmasa birinchi galda o‘z jamiyatimizni xurujlardan saqlash uchun rus propagandasi bilan shug‘ullanayotgan barcha kanallarni cheklash haqida to‘xtamga kelishimiz kerak. Bunisi endi oshib tushdi», – dedi u o‘z Telegram-kanalida.

Smolin fikrlariga munosabat bildirar ekan, huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev buning Rossiyaning propagandasi Markaziy Osiyo xalqlariga, jumladan, o‘zbeklarga ochiqdan ochiq tahdidi ekanini ta’kidladi.

«Rossiyaning bosqinchi propagandasi Markaziy Osiyo xalqlariga, jumladan, o‘zbeklarga ochiqdan-ochiq tahdid qilmoqda. Yaqindagina Zaxar Prilepin ismli ahmoq O‘zbekistonni Rossiyaga qo‘shib olish haqida gapirgandi. Va buni zaldagi boshqa ruslar qarsak chalib qo‘llab-quvvatlagandi. Endi esa auditoriyasi katta bo‘lgan NTV telekanalida Mixail Smolin degan tovuqmiya «1917 yilgacha o‘zbek va qozoq millat sifatida mavjud bo‘lmagan (ozarboyjonlar ham), rus inqilobidan keyin bu millatlar sun’iy yaratilgan» debdi.

Bu kabi holatlar shunchaki tasodif ekanligiga ishonish uchun aqli noraso bo‘lish kerak. Sog‘lom odam bularning barchasi nima uchun qilinayotganini yaxshi biladi. Chunki Ukrainaga bosqin ham aynan mana shu kabi umumiy tezislar asosida boshlangan. Ya’ni uzoq yillar shovinistik propaganda mashinasi tomonidan Ukrainaning davlatchilik tarixi yo‘qligi, millat sifatida mavjud emasligi, Lenin yaratgan sun’iy davlat ekanligi haqidagi cho‘pchaklar rus xalqi ongiga singdirilgan va bugun buning oqibatini hammamiz ko‘rib turibmiz.

Nega biz mana shunaqa isqirtlarga qarshi biror chora ko‘ra olmaymiz? Nega doim rus shovinistlariga qarshi muloyim va bag‘rikeng munosabatda bo‘lamiz? Nega Rossiya elchisini «chaqirtirmaymizu», shunchaki «taklif etamiz«? Nega butun boshli O‘zbekistonni bosib olish haqida gapirganlarga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atmaymiz? Nega o‘zbek xalqini yerga urganlarni O‘zbekistonga kirishini taqiqlash haqida qarorlar qabul qilmaymiz? Nega doim qo‘rqib yashashimiz, «katta og‘a» nima der ekan deb, og‘zini poylab turishimiz kerak?» – deya qayd etdi huquqshunos.

Rossiya tomonidan rasmiy munosabat

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Smolinning bayonotiga izoh berib, bu tarixchining shaxsiy fikri ekanini aytdi.

«Rossiya va Markaziy Osiyo respublikalarini umumiy tarix, yaqin insoniy, gumanitar aloqalar, savdo-iqtisodiy va biznes aloqalari birlashtiradi.

Bizning chinakam  hamkorligimiz, strategik sherikligimiz va aksariyat hollarda ittifoqdoshligimiz bir-biriga hurmat va madaniyatlar muloqotiga asoslangan bo‘lib, bizni o‘zining chuqur tarixi va butun insoniyat uchun qadrli samarasi bilan boyitadi.

Rossiya va ishonchimiz komilki, Markaziy Osiyo mintaqasining suveren, mustaqil davlatlari bunday munosabatlarning ahamiyatini to‘liq tushunadi.

Qayd etilgan g‘alati bayonotlar tabiatan sof sub’yektivdir, hozirgina aytib o‘tilgan voqeliklar bilan hech qanday umumiylik yo‘q va butunlay muallifning vijdonida qoladi», – dedi Zaxarova.

Mavzuga oid