“Bu normaga jamiyat va qonunchilikda ehtiyoj yo‘q” - faollar IIO xodimlarini tasvirga olib tarqatishni cheklashga oid qonun haqida
Huquq-tartibot organ xodimlarini surat yoki videoga olib, tarmoqlarda obro‘sizlantirish maqsadida tarqatishga javobgarlik belgilanishiga na jamiyatning, na qonunchilikning ehtiyoji yo‘q. Yangi qonunning bu normasi ochiqlik siyosati, adolatlilik prinsipiga zid. U odamlarni qo‘rquv ostida ushlab turish maqsadida qabul qilinmoqda, bu davlat xodimi va xalq o‘rtasida jarlik paydo qilishiga olib keladi. Kun.uz'ning huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev va deputat Doniyor G‘aniyev bilan bo‘lgan suhbatida shular haqda so‘z boradi.
Shu kunlarda huquq-tartibot organlari xodimlarini suratga yoki videoga olib, ularni obro‘sizlantirish maqsadida internetda e’lon qilishga javobgarlik belgilanayotgani muhokamalar markazida bo‘lib turibdi.
Qonun Senatning tegishli qo‘mitasida muhokama qilinayotgan bo‘lsa-da, o‘tgan haftadagi yalpi majlis kun tartibidan joy olmadi.
Kun.uz bunday javobgarlik kiritilishini qo‘llayotgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov, IIV akademiyasi kafedrasi boshlig‘i Baxtiyorjon Murodov va Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirovni bu moddaga qarshi faollar bilan ochiq muloqotga taklif qildi, lekin ular turli sabablar tufayli kelmasligini bildirdi.
Natijada suhbat Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev bilan bo‘lib o‘tdi.
– Dastlab nima sabab bu qonun ko‘pchilik tomonidan muhokama qilinayotganini so‘ramoqchiman. Xushnudbek aka, Doniyor aka, bilaman, sizlar qonunning aynan surat yoki videoni e’lon qilish bilan bog‘liq bandining qabul qilinishiga qarshisizlar. Senatning qo‘mitasidagi yig‘ilishda bu qonun qabul qilinishi kerakligini asoslay olishdimi?
Xushnudbek Xudoyberdiyev: Bitta joyini to‘ldirib ketish kerak. O‘zi bu suhbat qilaylik degan tashabbusni men bildirgan edim. [Kun.uz'ga] taklif bilan chiqdim. Ayniqsa, Otabek Bakirov va maishiy texnika ishlab chiqaruvchilar bilan bo‘lgan onlayn debatdan keyin yana bir muhokama uchun mavzu bor, men tayyorman, Alisher Qodirovni chaqiraylik dedim. Nimaga Alisher Qodirovni? Chunki o‘zlarining kanallarida bu qonunni qo‘llab-quvvatlab, xullas, aybni xalqqa to‘nkagandek mazmundagi, ya’ni “sizlar o‘zi hammasini bulg‘ayapsizlar, videoni olsanglar, internetga chiqarmasdan shikoyat qilinglar”, – degandek fikr bildirdi. Aytdimki, bo‘ldi, agar shu qonunni Alisher Qodirov xohlayotgan ekan, to‘g‘ri deb hisoblar ekan, marhamat, ikki qutb o‘zaro gaplashaylik, muhokama qilaylik, quruq internetda yozish boshqa, yuzma-yuz ko‘rishib gaplashish boshqa dedim.
Yoki mabodo kelolmasa, kelishni rad etsa, IIV akademiyasining o‘sha kuni [Senatning qo‘mita yig‘ilishidagi qonun muhokamasida] gapirgan professor-o‘qituvchilari, dotsent, olimlar kelsin, marhamat, ular bilan gaplashishga tayyorman dedim. Yoki hatto, Senatning qo‘mita raisi, farqi yo‘q, bu qonunni kim qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, kelsin, bir gaplashaylik deb xohlagandim, lekin birortasi kelishmadi.
Xullas, shu qonunni kim qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, qonun tashabbuskorlari, farqi yo‘q, qaysi tashkilot bo‘lishidan qat’i nazar, birorta vakil beringlar, ko‘rishib gaplashaylik. Men tayyorman, ochiqman. Haqiqat bahslarda tug‘iladi, argumentinglarni aytinglar, nima uchun bu qonunni qo‘llab-quvvatlayapsizlar. Farqi lavozimidan, qaysi pog‘onada ekanidan tortib, necha kishi kelsanglar ham farqi yo‘q, maqsad shu. Chunki Doniyor aka bilan bu qonunni muhokama qilganmiz, hozir bir-birimizni eshitib, juda to‘g‘ri aytyapsiz deb o‘tiraveramiz.
Doniyor G‘aniyev: Kelishdan oldin men ham shuni o‘ylagandim. Ma’qullab ovoz bergan qonun tarafdorlari fikrini eshitish juda muhim deb o‘ylayman. Chunki qonun loyiha bizga kirganda, o‘tgan yili birinchi marta kirdi, unda ham ko‘p bahslar bo‘ldi. Keyin hukumat qayta ishlaymiz deb qaytarib oldi, yana kirganida ham jarayon juda tez bo‘ldi. Fraksiyadagi bahsdan bir kun o‘tdi, xolos. Lekin shu bir kunning ichida ham juda ko‘p o‘zgarish bo‘ldi.
Bir kun avval fraksiyalardagi muhokamalarda ko‘p deputat bu normaga qarshi edi. Lekin ertasiga muhokamalar bo‘lganida sanoqli deputatgina bunga qarshi bo‘ldi, xolos. Birinchi o‘qishda atigi 5 nafar deputat qarshi ovoz bergan. Bir nechta deputat yana betaraf yoki ovoz bermagan, qo‘llamagan. 10 nafar atrofidagi deputat bu qonunni ma’qullashmagan. Keyin menda bir tasavvur paydo bo‘ldiki, juda ham katta qism bir kun ichida ular bilan o‘sha qonun tarafdorlari, qonun mualliflari yuzma-yuz ko‘rishib, balki ularni ishontira olishgandir. Profilaktik suhbat demay men. Normaning zaruriyatini qandaydir misollar, faktlar bilan ishontira olishgandir, lekin meni ishontira olishmadi. Shuning uchun ham qonun loyihasini ma’qullagan, ayniqsa, agar uni olib chiqqan qo‘mita(sud-huquq yuristi ular) vakillari bahsda ikkinchi taraf bo‘lishganda edi, balki bizni ham ishontira olishardi. Ularni normaning kerakligiga ishontirgan ulardagi bor ma’lumotlarni, faktlarni, fikrlarni o‘rtaga tashlashsa, balki biz ham ishonarmiz. Balki, jamoatchilik ham ishonar. Unga ishonish uchun esa biz o‘tirib eshitishimiz kerak. Shu nuqtai nazarida men ham qo‘llardimki, mana shu tarafdorlar ko‘proq chiqsin, afsuski ko‘p platformalarda bir tomon bo‘lib qolyapti. Ikkinchi tomon bo‘lmayapti.
Aslida bu qonun tarafdorlariga yomon, bu biz tomondan chiqayotgan fikrlar jamoatchilikni buzayotgan bo‘lishi mumkin. Qaysidir ma’noda, ularda bor fikrlarni to‘sib, o‘zimiz tomonga og‘dirayotgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ko‘proq bu narsani o‘zlari gapirishsa, menimcha, o‘zlari uchun ham yaxshi bo‘lardi.
Xushnudbek Xudoyberdiyev: Endi gapirmasdan qabul qilish osonroq-da, gapirib qabul qilgandan ko‘ra, hech qanday ma’lumot bermasdan, bir amallab o‘tkazib yuborish O‘zbekistonda bor tajriba va bu norma holat. Bu tinchroq ham, boshni og‘ritib nima qiladi, debat qilib, muhokama qilib, o‘zlarining qay darajada asosli ekanliklarini gapirib qo‘yib.
Doniyor G‘aniyev: Bu – ham normal holat, to‘g‘ri. Lekin odatda bunday bo‘lmasligining sababi asosan o‘zi qabul qilinayotgan qonunlar, normalarda jamoatchilikning e’tiborini tortadigan, jamoatchilikning muhokamasiga sabab bo‘ladigan normalar bo‘lmaydi. Shuning uchun qaysidir ma’noda, bu ko‘pincha normal bo‘lishi mumkin. Chunki qachon debat bo‘ladi? Qachonki, bunga ehtiyoj bo‘lsa, jamoatchilikda fikr paydo bo‘lsa. Lekin aynan bu qonunni bu tarzda aylanib o‘tib qabul qilish hatto qabul qilingandan keyin ham uning qo‘llanishida doimiy legitimligini savol ostiga oladi.
Hamma shuni aytadiki, bu qabul qilinguncha, juda ham ko‘p savol bo‘lgan, norozilik bo‘lgan, lekin baribir qabul qilishdi deydi. Nafaqat o‘sha normani, balki umuman bundan keyin ham huquq-tartibot organlarining faoliyatidagi ochiqlikka oid qismini doimiy savol ostiga olamiz. Oqibati o‘zlariga yomon bo‘ladi.
– Nima uchun bu normaga qarshi ekaningizni tushuntirib bersangiz.
Xushnudbek Xudoyberdiyev: Menimcha, ko‘pchilik tushunib bo‘ldi. Birinchidan, bu qonunni qabul qilish uchun hech qanday zaruriyat yo‘q. Ya’ni har qanday qonunni qabul qilayotganda, mening o‘ylashimcha, 2 ta asosiy faktor bo‘ladi.
Birinchisi – jamiyatda bunga ehtiyoj bo‘lishi kerak. Jamiyatda qandaydir ijtimoiy munosabat shakllanadi va uning oqibatlari salbiy bo‘ladi va davlat shuning oldini olishi kerak bo‘ladi. Ikkinchisi – qonunda bo‘shliq bo‘lishi kerak. Ya’ni jamiyatda ma’lum bir ijtimoiy munosabat ildiz otib ketyapti-da, lekin davlat uni tartibga solaman desa, qarasa, qonunlari, hujjatlarida buni tartibga soladigan birorta norma yo‘q. Keyin aytadiki, “o‘rtoqlar, buni tartibga solishimiz kerak, lekin biz tartibga solaylik desak, qonunchiligimizda bo‘shliq bor, bunga birorta modda, norma yo‘q ekan, shuni qo‘shsak nima deysizlar” – deyiladi va bu qonun ishlab chiqiladi. O‘zi bu qonun – davlat va xalq o‘rtasidagi o‘zaro shartnoma. Ya’ni xalq o‘zining vakillarini saylab qo‘ygan, xalqning vakillari turadi-da, o‘sha qonun chiqaruvchi, vakolatli insonlar bilan kerakligi yoki kerakmasligi bo‘yicha muzokaralar olib boradi. Bizni saylagan elektorat uchun bu qanchalik foyda va hokazo.
Va shunday qilib, davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro shartnoma paydo bo‘ladi. Shartnoma qonun ko‘rinishiga aylanadi. Mana shu shartnoma uchun birinchidan, hozir ehtiyoj yo‘q. Ya’ni yiliga 51 ta degan statistika bor, u ham bo‘lsa, YPX xodimlari haqida. Qonun esa butun boshli organ tizimi xodimlari haqida ketyapti. Birorta shunday epizodlarimiz bormi, DXX xodimlarini videoga olib chiqarib, ularni obro‘sizlantirishga sabab bo‘layotgan. Unday qilayotgani yo‘q. Yoki Prokuratura xodimlari haqida [shunday videolarni] ko‘rdinglarmi, nechta ko‘rdinglar?
Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.
Montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
18:39 / 19.12.2024
Qirg‘izistonda militsiya xodimlarini suratga olishni taqiqlovchi qonun loyihasi qabul qilinmadi
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024