“Oq eshak kimning qo‘lini g‘ajigan?” - Oqqo‘rg‘on sudi raisining “qo‘l uchida” yozilgan hukmi ustidan xizmat tekshiruvi tayinlandi
Xizmat tekshiruvini Toshkent viloyati sudlari sudyalari malaka hay’ati o‘tkazadi. Sudyalar oliy kengashiga ko‘ra, xizmat tekshiruvi Kun.uz’da e’lon qilingan maqolada keltirilgan holat doirasida bo‘lib, unda hukmning qonuniyligi ko‘rib chiqilmaydi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tumani sudi raisi Sanjar Isaqulovning hukmi ustidan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda Oliy sud hamda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmatlari ma’lum qildi.
Oliy sud matbuot xizmatiga ko‘ra, Toshkent viloyati sudlari sudyalari malaka hay’ati raisining 2024 yil 24 yanvardagi farmoyishiga muvofiq Sanjar Isaqulovning hukmidagi xato va noaniqlik holatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish belgilangan.
Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, xizmat tekshiruvi Kun.uz’da e’lon qilingan maqolada keltirilgan holat doirasida bo‘lib, unda hukmning qonuniyligi ko‘rib chiqilmaydi.
“Toshkent viloyat sudlari sudyalari malaka hay’ati tomonidan o‘tkaziladigan xizmat tekshiruvi maqolada bayon qilingan holat doirasida bo‘lib, unda R.B. va boshqalarga oid hukmning qonuniyligi ko‘rib chiqilmaydi. Chunki qonunga muvofiq, sud hujjatlariga, taraflarning shikoyatidan (protesti) kelib chiqib, faqat yuqori sud instansiyasi tomonidan huquqiy baho beriladi.
Toshkent viloyati sudining ma’lum qilishicha, hukmga nisbatan (2024 yil 23 yanvar holatiga) shikoyat (protest) kelib tushmagan”, deyiladi kengash munosabatida.
Kun.uz oldinroq jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudi raisi Sanjar Isaqulovning hukmida son-sanoqsiz orfografik va grammatik xatolar, mazmun jihatdan telba-teskari jumlalar ishlatilib, odam taqdiriga daxldor hujjatga qo‘l uchidagi munosabat qilinayotgani haqida maqola e’lon qilgan edi.
Maqolada S.Isaqulov raisligida ko‘rilgan ishlardan biri – ikki erkakning “jin chiqarish” paytida 42 yoshli ayolni o‘ldirib qo‘yishi bilan bog‘liq jinoyat ishi hukmidan misollar keltirilgandi.
Jumladan, hukmda sudlanuvchining ko‘rsatmasi shunday o‘rinlar bor:
“Sudlanuvchi R.Baltabayev sud majlisida aybiga qisman iqror bo‘lib, Men 2022 yil bahor oylarida uxlagan vaqtlarimda meni ko‘ziga noma’lum maxluqlar ko‘rinib, ko‘zini bir nimalar urib ketganga o‘xshab, og‘irliklar seza boshlagan. Shu vaqtlarda kechasi bir tush ko‘rdim, tushida oq rangli eshak o‘ng qo‘lini tishlab g‘ajib tashladi. Ushbu tushdan qo‘rqib uyg‘onib ketdim. Uyg‘onganimda tishlari bilan o‘zini o‘ng qo‘lini tishlayotgan ekan”.
Jumlani o‘qigan kishida 2022 yilning bahor oylarida kim uxlagan vaqtlarida ko‘ziga maxluq ko‘ringani, kechasi bilan kim tush ko‘rgani, oq rangli eshak kimning qo‘lini g‘ajigani hamda kim o‘zining qo‘lini o‘zi tishlagani haqida savollar tug‘iladi. Hukmda bu kabi misollar juda ko‘p.
Ma’lumot uchun, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 74-moddasiga ko‘ra, sudya sud ishini tashkil etishda beparvoligi yoki intizomsizligi oqibatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun faqat tegishli sudyalar malaka hay’ati qaroriga binoan intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Shu qonunning 76-moddasiga ko‘ra, sudyaga ogohlantirish, hayfsan, o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima, malaka darajasini bir pog‘onaga pasaytirish hamda vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish kabi intizomiy jazo choralaridan biri qo‘llanilishi mumkin.
Mavzuga oid
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
21:02 / 12.12.2024
Yangiyo‘lda 5 bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini oldi
15:29 / 11.12.2024
Moskvadagi harbiy sud terrorizm bo‘yicha deyarli barcha ishlarni yashirdi
17:49 / 06.12.2024