Jahon | 09:42 / 27.01.2024
2124
2 daqiqa o‘qiladi

Irlandiyalik O'Flaerti YeKning inson huquqlari bo‘yicha komissari etib saylandi

64 yoshli yurist Maykl O'Flaerti 1 apreldan olti yillik muddatga bu lavozimga kirishadi. U 2018 yildan buyon Yevropa kengashining inson huquqlari bo‘yicha komissari lavozimida ishlab kelayotgan Dunya Miyatovich o‘rnini egallaydi. 

Foto: Picture Alliance

64 yoshli irlandiyalik yurist Maykl O'Flaerti Yevropa kengashi (EK)ning inson huquqlari bo‘yicha yangi komissari etib saylandi. 26 yanvar, payshanba kuni Yevropa kengashi parlament assambleyasi (YeKPA) deputatlari ovoz berishining ikkinchi bosqichida 104 nafar parlamentariy O'Flaertini qo‘llab-quvvatladi. Uning raqiblari Meglena Kuneva (Bolgariya) va Manfred Novak (Avstriya) mos ravishda 70 va 37 ta ovoz oldi

O'Flaerti 1 apreldan boshlab Yevropa kengashining inson huquqlari bo‘yicha komissari lavozimini olti yilga uzaytirilmaydigan muddatga egallaydi. U bu lavozimda 2018 yildan buyon ishlab kelayotgan 59 yoshli Dunya Miyatovichni almashtiradi. Maykl O'Flaerti 2016 yildan beri Yevropa Ittifoqining asosiy huquqlar agentligi direktori lavozimida ishlagan, undan avval inson huquqlari bo‘yicha huquqshunoslik professori va Irlandiya milliy universiteti qoshidagi inson huquqlari bo‘yicha Irlandiya markazi direktori, Shimoliy Irlandiya inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining bosh komissari, BMTning inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan. 

Huquqiy va diniy ta’lim 

Maykl O'Flaerti huquqshunoslik darajasini oldi. Bir necha yil huquq sohasida ishlagandan so‘ng, u Rimdagi papa Gregorian universitetida katoliklar tarixini o‘rgangan va 1987 yilda ruhoniy etib tayinlangan, ammo keyin iste’foga chiqqan. 

Yevropa kengashining inson huquqlari bo‘yicha komissari instituti 1999 yilda Yevropa kengashiga a’zo 46 ta davlatda inson huquqlari bo‘yicha xabardorlik va ularga hurmatni oshirish, inson huquqlari bo‘yicha qonunchilik va amaliyotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni aniqlash, shuningdek, ombudsman va boshqa inson huquqlari milliy institutlari faoliyatiga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan.

Mavzuga oid