Sport | 14:52 / 28.01.2024
16702
5 daqiqa o‘qiladi

Bitta gol, 220 ming «layk», 240 ming yangi obunachi, 5 mln ko‘rish. «Dinamo» hujumchisi qanday qilib Indoneziya qahramoniga aylandi?

Foto: Reuters

Osiyo kubogi-2023 Qirg‘iziston uchun omadsiz yakunlanib, qo‘shnilarimiz 3 o‘yinda atigi bitta gol kiritgan holda turnirni tark etishdi. Kojo Joel tomonidan Ummon darvozasiga kiritilgan yagona gol qirg‘izlarga bir ochkoni keltirish bilan birga Qatardan uyiga qaytishga yaqin turgan Indoneziyaga o‘z tarixidagi ilk pley-off yo‘llanmasini taqdim etdi. Natijada, «Dinamo» klubi hujumchisi qariyb 275 million aholiga ega bu mamlakat qahramoniga aylandi.

«Dinamo»da «yil o‘yinchisi»ga aylangan Kojo

Asli ganalik bo‘lgan Kojo Joel 2023 yil boshida Qirg‘izistonning «Dordoy» klubidan Samarqandning «Dinamo» klubiga qo‘shilgandi. Vadim Abramov qo‘l ostida Pro ligadagi bir mavsumda 17 o‘yinda 12ta gol, O‘zbekiston kubogida esa 4ta gol kiritib, jamoasi bilan Superligaga yo‘llanma oldi, O‘zbekiston kubogida esa yarimfinalga yetib bordi. Pro liga to‘purarlari orasida 2-o‘rinni egallagan hujumchi «Dinamo» muxlislari tomonidan jamoaning 2023 yildagi eng yaxshi o‘yinchisi deb topiladi. Kojo Joel qirg‘iz qiziga uylangan, o‘tgan yili esa ushbu mamlakat fuqaroligini olib, ilk bor Qirg‘iziston milliy jamoasiga taklif etilgandi.

Osiyo kubogidagi omadsiz start va omadli yakun

Qirg‘iziston milliy jamoasi Osiyo kubogi-2023 bahslarini Tailandga qarshi o‘yin bilan boshlab, 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragach, ushbu bahsda ikkita yaxshi imkoniyatidan foydalana olmagan Kojo Joel bosh murabbiy tomonidan zaxiraga o‘tqazib qo‘yildi va Saudiya Arabistoni bilan bahsda (0:2) «Dinamo» hujumchisi maydonga tushirilmadi. Qirg‘iziston keyingi bosqichga chiqish uchun 3-turda Ummonni kamida ikki to‘p farqi bilan mag‘lub etishi talab etilardi. Shu bois qo‘shnilarimiz bosh murabbiyi Shtefan Tarkovich Kojo Joelni asosiy tarkibga qaytardi. Ummon bilan o‘yinda raqib jamoa hisobda oldinda borayotgan va 80-daqiqada Kojo jamoasining Osiyo kubogi-2023dagi yagona goliga mualliflik qilib, Qirg‘izistonga ilk ochkoni keltirdi – 1:1. Shunga qaramay, qirg‘izlar guruhda 4-o‘rinni egallab, turnirni tark etishdi.

Kojo – Indoneziya qahramoni

Qirg‘iziston – Ummon o‘yinida durang qayd etilgan taqdirda, Osiyo kubogi-2023 nimchorakfinalining so‘nggi 16-yo‘llanmasi kutilmaganda Indoneziyaga nasib etardi. Bu mamlakat jamoasi guruhda Iroq va Yaponiyadan 3tadan gol o‘tkazib yuborgan va penaltidan kiritilgan yagona gol evaziga Viyetnamni mag‘lub etgan bo‘lsa-da, 3 ochko hamda -3 to‘plar nisbati bilan keyingi bosqichga chiqishdan deyarli umidini uzgandi. Uyga qaytish uchun samolyotga chipta buyurtma berishga yaqin turgan indoneziyaliklarni Kojo Joel o‘z goli bilan Qatarda qoldirdi va ularning o‘z tarixida ilk marta Osiyo kubogi pley-off bosqichiga yo‘llanma olishiga sababchi bo‘ldi.  

220 ming «layk», 240 ming yangi obunachi va rekord «ko‘rish»

Qirg‘iziston – Ummon (1:1) uchrashuvi yakuniga yetishi bilan qariyb 275 million aholiga ega indoneziyaliklar o‘z mamlakat milliy jamoasining ilk bor guruhdan chiqishini bayram qilishdi va bunga sababchi bo‘lgan Kojo Joelga ijtimoiy tarmoqlarda minnatdorchilik bildira boshlashdi. O‘yin tugashi bilan «Dinamo» klubi matbuot xizmati Kojo Joelning golini e’lon qilgach, video «instagram» tarmog‘ining o‘zida bir necha soat ichida klub uchun rekord – 5 million marta ko‘rildi, Kojo haqidagi bitta postning o‘ziga 220 mingta «layk» bosildi, indoneziyaliklar tomonidan qariyb 100 mingta minnatdorchilik izhor etilgan izohlar yozildi. 25 yoshli hujumchining Instagram tarmog‘idagi sahifasi ikki kunning ichidayoq 5 ming obunachidan qariyb 250 ming obunachiga yetdi. Barcha ijtimoiy tarmoqlarda indoneziyaliklar Kojo Joelga hamon minnatdorchilik bildirib, «Dinamo» hujumchisini Indoneziya qahramoniga aylangani haqida yozib, uni o‘z mamlakatlariga taklif etishmoqda. O‘z o‘rnida Qirg‘iziston milliy jamoasi forvardi indoneziyaliklarga minnatdorchilik izhorlari uchun tashakkur aytib, ularga pley-offda omad tiladi.

Ammo, Indoneziya bu safar Kojo Joeldan najot kuta olmaydi, endi bor umid milliy jamoa o‘yinchilaridan. Nimchorakfinalning dastlabki bahsida Indoneziya 28 yanvar kuni turnir favoritlaridan biri Avstraliyaga qarshi saf tortadi. Bu safar kim qahramonga aylanishini ertaga bilib olamiz.

Usmon Ibodov

Mavzuga oid