Hisob palatasiga yangi rais tayinlandi
Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Adiz Boboyev Hisob palatasi raisi lavozimiga, palata raisi o‘rinbosari Mehriddin Abdullayev palata raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Palata raisi lavozimi qariyb 5 yildan beri bo‘sh qolayotgandi.
Adiz Muzaffarovich Boboyev Hisob palatasi raisi lavozimiga, Mehriddin Razzoqovich Abdullayev esa palata raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident raisligida bo‘lib o‘tayotgan uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Adiz Boboyev (1972 yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan (1993). Buxoro viloyati moliya boshqarmasida 1-toifali iqtisodchi, monopoliyaga qarshi va narx siyosati bo‘limi yetakchi iqtisodchisi bo‘lib, shuningdek, boshqa lavozimlarda ishlagan (1993−2007). Shuningdek, Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi Ijroiya boshqarmasi daromadlarni prognozlash boshqarmasi boshlig‘i (2008−2010), Davlat budjeti bosh boshqarmasining jamlanma budjet daromadlarini rejalashtirish va tahlil qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari (2010−2012) va Moliya vazirligi tuzilmasidagi boshqa lavozimlarda ishlagan.
Tayinlovga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
Mehriddin Abdullayev (1969 yilda tug‘ilgan) — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (1993) va Toshkent davlat yuridik instituti (2005) bitiruvchisi.
U turli yillarda Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi ijrochi direktori sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Avval ham hisob palatasida ishlagan, 2017-2020 yillarda palata raisi o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
2020 yil yanvaridan boshlab uch yil davomida «O‘zbekneftgaz» AJga rahbarlik qilgan, 2022 yil dekabrida esa energetika inqirozi sabab boshqa mas’ullar qatorida hayfsan olgan, 2023 yil martida ishdan ketgandi.
2023 yil martidan Hisob palatasiga qaytib, rais o‘rinbosari lavozimida iashlab kelayotgan edi.
- Ma’lumot uchun, oxirgi marta Hisob palatasi raisi lavozimida 2017-2019 yillarda Muzraf Ikromov ishlagan. 2019 yil mart oyidan beri bu joy vakant edi.
Mavzuga oid
14:26 / 28.11.2024
Samarqand viloyatiga yangi rahbar tayinlandi
17:50 / 30.09.2024
Hisob palatasi raisiga ikki nafar o‘rinbosar tayinlandi
14:21 / 10.07.2024
Budjetdan tashqari jamg‘armalar va tashqi qarzlar sarfi tashqi auditdan o‘tkaziladi
15:08 / 20.04.2024