Jahon | 11:30 / 30.01.2024
10210
14 daqiqa o‘qiladi

Yamandagi fuqarolar urushi: sabablar va manfaatdor tomonlar

Yamanda 9 yildan buyon davom etayotgan fuqarolar urushida 300 mingdan ziyod odam halok bo‘ldi. Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlovchi tan olingan Yaman hukumati va Eron dastaklovchi “Ansorulloh” (husiylar) harakati mamlakatni ikki frontga aylantirgan deyish mumkin. Shu bilan birga, nizoning boshqa qurolli ishtirokchilari ham bor.

Xo‘sh, husiylar, ularning mafkurasi, geosiyosiy maqsadlari haqida nimalar ma’lum? Umuman tarixdan Yaman jamiyatida birlik bo‘lmaganiga sabablar nima?

Kun.uz muxbiri shu kabi savollar bilan “Geosiyosat” dasturiga ma’lum vaqt Yamanda faoliyat yuritgan tarix fanlari nomzodi, dotsent Aziz Xudoyberdiyev va Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Shavkat Ikromovni taklif etdi.

Siz ma’lum vaqt Yaman hududida faoliyat yuritgansiz. U yerdagi vazifangiz, umuman Yamandagi faoliyatingiz haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz.

Aziz Xudoyberdiyev: — Yamanga birinchi marta 1971 yilda borganman, talaba sifatida. Baja shahrida sement zavodi qurilishida tarjimon bo‘lib ishlaganman. Yaman davlati qadimgi sivilizatsiya uchoqlaridan biri. Yunonlar “Baxtli Arabiya” deb atagan u hududlarni. Tarjimonlik faoliyatimda ham ko‘plab rahbar shaxslar bilan suhbatlashganman. Keyin men poytaxt Sanadagi elchixonaga yuborishgan, u yerda ham tarjimonlik qilganman.

Keyin 90-yillarda Yamanga borganman. Unda ham Sanada ishlaganman. Undan oldin Toshkentda aspiranturada Yaman bo‘yicha dissertatsiya yoqlaganman, Toshkent davlat universiteti Sharqshunoslik fakultetida, Islom institutida dars berganman. Chechenistonning birinchi prezidenti Ahmad Qodirov ham talabam bo‘lgan. Diplomatiya universitetida ham dars berdim. So‘ng BMTning G‘iyohvandlik nazorati bo‘yicha dasturida maslahatchi bo‘lib ishlaganman.

Yamanning o‘z mintaqasidagi va umuman xalqaro miqyosdagi ahamiyati qanday faktorlar bilan o‘lchanadi?

Aziz Xudoyberdiyev: — Bu savolning javobini tizimlashtirish kerak. Birinchi omil bu – geostrategik omil. Yamanning geografik joylashuvi Qizil dengiz bo‘yicha, Bob al-Mandab bo‘g‘ozi bor, u yerdan Jahon savdo yo‘li o‘tadi, nazorat qilish imkoni bor. Bu bo‘g‘ozdan dunyo savdo aylanmasining 12 foizi o‘tadi. Kim shu hududni nazorat qilsa, uning qo‘lida katta kuch bo‘ladi.

Keyingi omil – diniy-siyosiy omil. Shimolda shialarning zaidiya qabilalari joylashgan. Ular so‘nggi ming yillikda doim mustaqil bo‘lgan, Usmonlilar davrida ham mustaqil bo‘lib qolishgan. Mamlakat janubida esa sunniylar, ularning orasida kelishmovchiliklar bo‘lgan.

Uchinchi omil – ichki omil. Yamandagi boshboshdoqlikka asosiy sabab hokimiyat uchun kurash, doim shunday bo‘lgan. U yerda har xil kuchlar bor, xususan, husiylar, ular zaidiylar hisoblanadi. Bir tomondan Saudiya tomonidan qo‘llanuvchi rasmiy Yaman prezident hukumati. Janubiy Yamanda yana bir kuch bor – Janubiy o‘tish kengashi, ular mustaqil suveren davlat yaratishga urinadi. To‘rtinchi kuch esa – “Al-Qoida” guruhi.

To‘rtinchi omil – tashqi omil. Yamanning ichki ishlariga ko‘p tashqi mintaqaviy kuchlar aralashadi. Masalan, Saudiya, BAA, Eron kabi davlatlar. Shu sababli ham vaziyat ancha murakkab bu yerda.

Shavkat Ikromov: – Yaman Arabiston yarimoroli sivilizatsiyasining boshlang‘ich nuqtalaridan biri. Aynan shu yerda qadimgi davlatlar vujudga kelgan va tarixiy taraqqiyotda alohida ahamiyatga ega. Ko‘rfaz arab davlatlari Yamanni Eron bilan yaqin aloqa qiladi yoki mintaqa davlatlarida turli terroristik va radikal guruhlar bilan yaqin aloqaga kirish orqali xavfsizlikka tahdid soladi deb hisoblashadi. Bundan tashqari, Ko‘rfaz arab davlatlarida aholining katta qismi sunniylar, ammo Yamanda aholining 40 foizgacha bo‘lgan qismini shialar tashkil qiladi. Shu nuqtai nazardan Yamandagi shialar boshqa mintaqa davlatlaridagi shia ozchiliklariga ta’sir qilishi mumkin, deyishadi.

Geosiyosiy ahamiyati esa Bob al-Mandab bo‘g‘ozi bilan o‘lchanadi. Yuqorida aytilgandek, umumiy dunyo savdo aylanmasining 10-13 foizi o‘tadi. Neft aylanmasining ham qariyb 30 foizi shu yerdan o‘tadi. Bob al-Mandab bo‘g‘ozidagi beqarorlik Qizil dengiz va Suvaysh kanaliga ham ta’sirini o‘tkazadi. Misr bayonotlariga ko‘ra, Bob al-Mandabdagi beqarorlik sabab Suvaysh kanalidagi savdo kemalari tranziti 44 foizga kamaygan, bu esa katta yo‘qotish degani. Qizil dengiz orqali esa Saudiya iqtisodiyotiga ta’sir qilishi mumkin. Hindiston ham xavotir bilan kuzatyapti vaziyatni, chunki Hindistonga kiradigan va u yerdan chiqadigan tovarlarning katta qismi aynan Bob al-Mandab bo‘g‘ozidan o‘tadi.

Husiylar, ularning mafkurasi, geosiyosiy maqsadlari haqida nimalar ma’lum? Biz tarixdan Yaman jamiyatida birlik yo‘qligini ko‘ramiz, buning sabablari nimada?

Aziz Xudoyberdiyev: — Husiychilik oddiy maktabdan boshlangan, ya’ni tashviqot, ta’lim orqali kirib kelgan. Husiylar Eron inqilobidan keyin Xumayniy g‘oyalarini o‘rganishdi va shu mafkura ularga asos bo‘lib qoldi. Ularning harakati tarixi Musulmon birodarlar tashkiloti tarixiga ham o‘xshaydi, ular ham oddiy maktablardan boshlashgan.

Shavkat Ikromov: — Boshqa tomondan ham e’tibor qaratmoqchiman: qabilachilik munosabatlari va iqtisodiy masalalar. Ko‘plab ekspertlar aytadiki, Yamandagi bo‘linishlar mafkura bilan izohlansa-da, lekin aslida resurslar uchun kurash bo‘ladi, iqtisodiy qulay hududlarga ega bo‘lishga intilishadi va eng asosiysi, tashqi kuchlar ixtiyorini bajarish. Yamanda Saudiya, BAA va Eron faol hisoblanadi. Eronning ishtiroki bahsli vaziyatga sabab bo‘ladi. Negaki, hozirgi vaziyat xam eronliklar tomonidan bir qancha savollarni yuzaga keltiryapti. Ko‘plab ekspertlar husiylar va Hizbulloh bir-birini qo‘llaydimi yoki Eron tomonidan moliyalashtirilayotgan raqiblarmi, degan savol ham yo‘q. Ba’zi ekspertlar ular o‘rtasida umumiy ittifoq yo‘q, deydi ham. Demoqchimanki, mafkura masalasi bor, ammo undan ham muhimroq iqtisodiy masalalar bor bu yerda.

Yamandagi guruhlar ikki toifali. Bir toifa Yamanni parchalab, o‘zi ma’lum hududga egalik qilishni istaydi, husiylarning ham hududiy da’volari bor. Umuman, Yamanda urug‘-qabilachilik munosabatlari kuchli bo‘lgani sabab bir siyosiy kuch tomonidan boshqarilishi qiyin. Husiylar urug‘-qabilalar bilan kelishgani yoki bo‘ysundirgani uchun mamlakat bo‘ylab nazoratni kengaytiryapti. Dastlab shimoldagi qabilalarni bo‘ysundirishdi, keyin esa Bob al-Mandabni nazoratga olishdi.

Yamanda urush iqtisodiyoti rivojlangan. Ya’ni xalqaro humanitar yordamlar, neft-gaz konlarini talon-toroj qilish avj olgan. Shunday bir paytda guruhlar urushdan manfaatdor.

Yaman humanitar inqiroz eng avj olayotgan hudud. Koronavirus og‘ir kechdi, vabo tarqaldi, ocharchilik, bir qancha vaqt Saudiya tomonidan humanitar yordamlar yo‘li yopilgan edi. Umuman, vaziyat qiyin. Lekin urushayotgan kuchlar o‘z manfaatlarini ustun qo‘yadi, humanitar holatni emas.

Husiylar asosan qanday turdagi qurollardan foydalanadi?

Aziz Xudoyberdiyev: — 90-yillardan oldin Yamanda asosan sovet ittifoqi, Xitoy, Chexoslovakiyadan kelgan qurollar bo‘lgan, asosan avtomatlar, sovet tanklari. Keyinchalik G‘arbdan kelgan qurollar paydo bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, husiylarda 2 ming kilometrga uchuvchi ballistik raketalar bor hozir, Eron raketalari bular, bundan tashqari, yana 1200 kilometrga uchuvchi raketalar ham bor. Boshqa turdagi raketalar ham mavjud. Shular orqali Qizil dengizda Isroil ittifoqchilariga hujum qilyapti. 7 oktyabrdan keyin Isroilga ham raketa zarbalari berishga uringan, ammo o‘rtada Saudiya bo‘lgani uchun Saudiya himoya tizimlari urib tushirgan.

Yamandan ko‘rfazdagi arab davlatlari nima istashadi, Eron-chi? Yamanning o‘zi nima xohlaydi, nega birlashishmaydi?

Aziz Xudoyberdiyev: — Yamanda doim bir orzu – Yaman birligi bo‘lgan. 1990 yilda Janubiy va Shimoliy Yaman birlashgan, ammo turli nizolar ko‘paygan. Ularning eng katta kamchiligi — birlik yo‘qligi va o‘zaro ichki raqobat. U yerda qabilachilik muhim, davlat tomonidan tayinlangan rahbarning emas, ko‘proq qabila shayxiga bo‘ysunishadi.

Tashqi tomondan Saudiya Yaman bilan doim urush holatida bo‘lgan. 1934 yilda boshlangan bu urushlar. 1969 yilda Yamanda fuqarolar urushi bo‘lib, monarxiya ag‘darilgan, Saudiya bunda ham qatnashib, monarxiyachilar tomonida turgan, Misr esa respublikachilar tomonida bo‘lgan. Qizig‘i shunda ediki, monarxiyachilar shialar edi, ammo shunday bo‘lsa ham, sunniy bo‘lgan Saudiya ular tarafida bo‘lgan. Shuning uchun ham asosiy sabab diniy omil emas, ko‘proq siyosiy omil.

Shavkat Ikromov: — Yuqorida aytilgandek, Yamanda urug‘-qabilachilik ustun, e’tiqod masalasi ham. Hokimiyatni sunniylar boshqarishi kerakmi yoki shialar degan masala turadi. Agar biror bir qabila boshlig‘i hokimiyatga chiqsa, boshqalarning manfaatlari toptalmaydimi, xavfsizlik ta’minlanadimi, degan masala ham. Ekspertlar shuni aytishadiki, Yamanda yuqori darajada bo‘lmagan bir qancha siyosiy liderlar bor, ular har doim xato qiladi, butun davlatni birlashtirolmaydi. Kuchli siyosiy elita muhim hisoblanadi, Yamanda esa bunday siyosiy elita yo‘q.

Boshqa arab davlatlarida hali boshqaruv, davlatchilik to‘la yo‘lga qo‘yilmagan paytda Yamanda monarxiya boshqaruvi bor edi, 1970 yillargacha va bunday monarxiya boshqa arab davlatlari bilan nizoga bormasdi, bir xil tuzum edi. Respublika bo‘lgach esa arab davlatlari buni tuzumga tahdid sifatida ko‘rib, Yamanni blokada qilishgan edi. Bundan tashqari, arab davlatlari AQSh bilan yaqin edi, Yamanda esa sovetparast kuchlar bor edi. Shu nuqtai nazardan ham Yaman bilan aloqalarni uzishgandi. Keyinchalik sovet ittifoqi parchalangach ham Yamanda to‘la boshqaruvga ega hokimiyat o‘rnatilmadi, sababi esa yuqorida aytilgan urug‘-qabilachilik, kuchli siyosiy elita yo‘qligi bo‘ldi.

Bu yerda Saudiyaning ham manfaatlari bor. 1934 yilda chegaralar aniqlangan bo‘lsa-da, hali ham husiylar va Saudiya tan olmaydigan hududlar bor. BAA Yamanda Saudiyaga raqobatchi sifatida ham ko‘riladi. Husiylarga qarshi bo‘lish borasida yakdil ikki davlat, ammo BAA Saudiya tan olmaydigan boshqa guruhlarni ham qo‘llaydi. Bundan tashqari, BAAning portlardan ham manfaati bor. Beqaror vaziyatdan foydalanishi mumkin. Shu nuqtai nazardan bu Yamanda barqarorlikka erishish qiyin, avvalo u yerda kuchli siyosiy elita shakllanishi kerak. Birlashtirish g‘oyasidagi partiyalar esa zaif, moliyalashtiruvchilar ham yo‘q.

Qizil dengizda tuzilgan koalitsiya harakati oxir-oqibat husiylarni tan olish bilan tugashi mumkin. Chunki muzokara qilish to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, tan olishlari kerak bo‘ladi. Bu esa Yamanda yana bo‘linishlarga olib kelishi mumkin.

Eron manfaatlari haqida gapirsak. Eron husiylarni o‘zining doimiy vakili sifatida ko‘rmoqchi emas. Saudiyada 10-15 foiz aholi shialar, ular chegara hududlarida joylashgan. Eron Yamandagi shialarni qo‘llash orqali mintaqa davlatlariga ta’sir o‘tkazishi mumkin. Agar shialar hokimiyatni to‘la egallab, butunlay nazorat o‘rnatsa keyingi ta’sir nuqtalari Qatar, Kuvayt kabi davlatlar bo‘lishi mumkin, u yerda ham shialar bor. Eron va Saudiya o‘rtasidagi me’yorlashtirish jarayonlarini Yamandagi holat izdan chiqarib yuborishi ham mumkin. Yamandagi guruhlar bu me’yorlashtirishni istamayapti.

Aziz Xudoyberdiyev: — Hozirgi vaziyat ancha keskin. AQSh va Britaniya havo zarbalari berdi husiylarga. Saudiya ham bir necha yillar harakat qilib, yo‘q qila olmagan edi ularni. Ayrim mutaxassislar fikricha, AQSh va Britaniya Yamanga kirsa, Yaqin Sharqda yana bir katta urushga olib kelishi mumkin. Agar shunday urush boshlanib, Eron husiylarga yordam bersa, uning ortidan “Hizbulloh”, Iroqdagi shialar aralashuvi natijasida urush kattalashib ketish ehtimoli bor. Shu sababli hozirgi vaziyat juda og‘ir.

Umuman, bu vaziyatning tarixiy ildizi 40-yillarda boshlangan Yaqin Sharq mojarosiga borib taqaladi. Asosiy sabab, mustaqil Falastin davlati tuzilmagani. Bugungi kunda AQSh ham bu masalani ko‘tara boshladi, lekin Isroil qarshi bunga. Urushni to‘xtatilib, mustaqil Falastin davlati tuzilsa, Yaqin Sharqdagi vaziyat ancha barqarorlashadi.

Yamandagi urushdan manfaatdor guruhlar bor, deyildi. Lekin menimcha, urush manfaat keltirmaydi. U yerda ham urush to‘xtatilishi kerak. Ilgariroq Yamanda milliy kengash chaqirilganda federativ davlat tuzish taklifi ham bo‘lgan, mana shu yo‘l eng maqbuli deb o‘ylayman.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid