Surxondaryoda “Tashabbusli budjet”da yutgan mahalla ko‘chasiga sifatsiz asfalt yotqizildi
Mutasaddilar holatni o‘rganib pudratchiga sifatsiz bajarilgan ishni qaytadan qilib berish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berishgan va holat prokuratura nazoratiga olingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Bandixon tumani Paxtakor mahallasida Open budget’da yutgan mahallaning ko‘chasida loyning ustiga asfalt yotqizilayotgani aytilgan video tarqaldi.
Tuman hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, videoda tilga olingan muammo mutasaddilar ishtirokida o‘rganilgan.
O‘rganish davomida “Tashabbusli budjet”ning 2023 yil 2-mavsumida g‘olib bo‘lgan Paxtakor mahallasi ko‘chalarini pudratchi “Surxon Servis Baraka” MChJ bajarayotgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, pudratchi 2024 yil 25 yanvar kuni asfaltlash ishlarini amalga oshirayotib, ob-havo noqulay kelgani sababli ishni to‘xtatgan.
Asfalt qilingan yo‘lning 34 metr qismida namgarchilik kuzatilgani sababli ish sifatsiz bajarilgan. Pudratchiga sifatsiz yotqizilgan asfaltni qayta amalga oshirish bo‘yicha 29 yanvar kuni yozma ko‘rsatma berilgan. Holat tuman prokuraturasi nazoratiga olingan.