O‘zbekiston | 15:43 / 01.02.2024
46396
4 daqiqa o‘qiladi

Ortiqxo‘jayev 7 ta kompaniyasini sotganini ma’lum qildi. Ular orasida Magic City ham bor

Toshkent shahrining sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev Crafers, Mediapark, Akfa Lighting va Magic City kabi 7 ta yirik aktivini sotganini ma’lum qildi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev bugun, 1 fevral kuni Termiz shahrida tajribali ishbilarmonlar va yosh tadbirkorlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan “Biznes marafon”da ishtirok etdi.

Toshkent shahrining sobiq hokimi berilgan savollardan biriga javob berarkan, o‘zining 7 ta katta aktivi, xususan poytaxt markazidagi Magic City majmuasini sotganini aytdi.

“Yana bitta yaxshi praktikamni aytib beraman, ruxsat bersanglar. Ko‘pchilikka aytmagandim, mayli, aytvoraman. Turklarda “o‘zingni to‘porilavol” degan narsa bor, ya’ni o‘zingni yig‘ishtirib ol. Men esa har 5 yilda o‘zimni yig‘ishtirib, “tozalab” olishga harakat qilaman. Men 7 ta kompaniyamni sotdim.

Crafers'ni sotdim, chunki bu sohada obro‘ qozona olmadim, oziq-ovqat ishlab chiqarishni eplay olmaydim. Mediapark'ni hamma magazinlari bilan sotdim – kim ishlayotgan bo‘lsa, o‘shanga sotdim. Ecobozor'ning bittasini sotdim. Akfa Lighting'ni sotdim. Magic City'ni sotdim. Basalt'ni ham nemislarga – Knauf'ga sotdim. Aytmoqchimanki, 5 yilda o‘zimni o‘zim bir “tozalab” olaman. Kerak emasmi, unga qiziqmayapmanmi, unga pul tikmayapmanmi – sotaman. Va yana boshqa ochaveraman. Yaxshisini olib qolib rivojlantiraman, qolganlarini tozalab tashlayveraman.

Masalan, Akfa Lighting'ga 15 yil vaqtim ketdi, umrim ketdi, lekin bundan keyin men lampochka bilan, “vklyuchatel” bilan shug‘ullanmoqchi emasman, shunchaki xohlamayman xolos. Kerak emas narsadan qutulib turish kerak”, – dedi Ortiqxo‘jayev.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i 2017 yil sentabr oyida yangi bog‘ qurish uchun yopilgan, 2021 yil o‘rtalariga kelib bu yerda Magic City majmuasi ochilgandi.

“Intellektual mulk” axborot-qidiruv tizimidagi ma’lumotlarga ko‘ra, “Magic City” savdo belgisini 2020 yil 27 sentabrda Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli “J-United Group” MChJ ro‘yxatdan o‘tkazgan. Ayni paytda bu savdo belgisiga nisbatan huquqlar “Stargate Systems” MChJga tegishli.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 sentabrdagi qarori bilan, Milliy bog‘ning 20,79 gektar hududi o‘sha vaqtda Ortiqxo‘jayevning AKFA kompaniyalari guruhi tarkibiga kirgan “Stargate Systems” MChJga 49 yil muddatga ijaraga berilishi belgilangan. Kompaniya o‘z mablag‘lari yoki xorijiy banklarning kredit mablag‘lari hisobidan 60 mln dollar investitsiya kiritib, zamonaviy park qurish loyihasini amalga oshirishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, 49 yillik muddat loyihaning barcha bosqichlari yakuniga yetkazilgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.

Korxona va tashkilotlar reyestriga ko‘ra, 2024 yilning 1 fevral holatiga Stargate Systems'ning 86,20 foiz ulushi “Tashkent Aquarium” MChJga, 13,80 foizi esa Jahongir Ortiqxo‘jayevning kuyovi Abduvohidov Alisher Abdujabborovichga tegishli. Alisher Abduvohidov – Tashkent Aquarium'ning ham 100 foiz ulushdori. Ma’lumot uchun, Jahongir Ortiqxo‘jayev va prezidentning sobiq maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov o‘zaro quda hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar hokimi lavozimida 2018 yil aprelidan 2023 yil 16 yanvargacha ishladi.

Mavzuga oid