Jahongir Ortiqxo‘jayev - Magic City, Minerva City va “Paxtakor” haqida
Tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev “Paxtakor”ni rivojlantirmoqchi bo‘lgani, shu bilan birga, klub va stadionni xususiylashtirish uchun 100 dollar ham to‘lamoqchi emasligini aytdi. “Tekinga bersa olaman, pulga bersa olmayman”, dedi u.
Tadbirkor, Toshkentning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev “Lolazor” podkastidagi ishtirokida jamoatchilik diqqat markazidagi bir qator masalalarga izoh va munosabat bildirdi.
“Paxtakor” haqida
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 17 yanvar kuni “Paxtakor” futbol klubi – klub balansidagi ko‘chmas mulklar bilan birgalikda – sotuvga qo‘yilganini e’lon qildi. Lekin klub va Toshkent markazidagi ulkan hududni egallagan stadionni qo‘shib sotmaslik haqidagi jamoatchilik vakillarining munosabatidan keyin, 18 yanvarda klubni xususiylashtirish vaqtincha to‘xtatilgani ma’lum qilindi.
Jahongir Ortiqxo‘jayevning aytishicha, “Paxtakor”ni u olmoqchi bo‘lgan, lekin internetdagi gap-so‘zlardan keyin bu fikridan qaytgan. “Aylangan gaplardan keyin, to‘g‘risini aytaman, menga kerakmas futboliyam, jonimga tegdi, menga kerakmidi shu, degan fikrga bordim va hozir shu fikrdaman”, – dedi u.
Tadbirkor klubni sotib olishdan maqsadini so‘zlab berdi.
“Faqat “Paxtakor” emas, prezidentimiz qarorlari bilan ko‘p klublar xususiylashtirilishi kerak. Bitta narsani aytishim kerak: davlatdan xususiyga o‘tadi degani futbol o‘zgarib qoladi degani emas. Milliard pul tashlaydimi, futbol o‘zgarib qoladi degani emas. Agar pul bilan bo‘lganida, bugun Saudiya eng zo‘r terma jamoa bo‘lardi. Yoki “Ulsan Hyundai” klubi. Birgina Hyundai 200 milliard “oborot” qiladi. Pul bilan bo‘lganida, ular bo‘lgan bo‘lardi. Bu futbolni biz kardinal o‘zgartirmasak, futbolimiz futbol bo‘lmaydi.
“Paxtakor”ni 100 dollarga bersa, sotib olmayman u yerni. Tekinga bersa olaman. Stadionini ham. Tekinga bersa olaman, pulga bersa olmayman.
Men futbol federatsiyasi rahbari Abdusalom aka Azizov bilan ham ko‘p gaplashdim, nima qilsa bo‘ladi? Boshqalarni bilmadim, mening taklifim bunday: mayli, men olishim mumkin stadionni, lekin pulga emas, chunki o‘zi stadionga 70-80 milliard pul tikib yubordim. 200 milliardga yaqin pulim ketdi. Qaytarib ololmayman [bu pullarni]. Yana pulga sotib olamanmi stadionni? Nima qilaman uni?
Birinchi taklifim: futbolni o‘zgartirishimiz kerak. Ikkinchisi: muxlislarni futbolga chaqirishimiz kerak. Toshkent – mening kindik qonim to‘kilgan joy. Men “Paxtakor”ga 12 yoshimda bilet olib, sotib yurgan odamman. Kimga emas, aynan menga qadrli bu joy. Hammadan ko‘ra menga qadrli. Yoshligim o‘sha yerda o‘tgan. “Paxtakor”ning nomi bor, uni yo‘qotib bo‘lmaydi.
Nima qilmoqchi edim? Qibrayda bazasi bor. Men u yerga 100-120 talik mehmonxona qurmoqchi edim. To‘rtta maydoni bor, ikkitasini o‘zgartirmoqchi edim. Chilonzorda akademiya bor, maydoni sun’iy, oyoqlari shilinyapti, o‘t ekib bermoqchi edim. “Paxtakor” stadionini esa yangilab, tagiga do‘kon, kafelar qilib, atrofini bog‘ qilib, odamlar kechki payt ham kafega kelsin, ham hech bo‘lmasa biror shou qilib, bir amallab stadionga olib chiqib olamiz. Ko‘ngilochar joy bo‘lsinki, odamlar ichkariga kirsin, ya’ni chaqirish kerak.
Bolalarni esa 14, 15, 18, 20 yashar bolalarni olib kelib, Qibrayga mehmonxonaga tiqib, ota-onasi bilan kelishib: “Go‘shti menga, suyagi sizga, 3 oyda 1 marta uyingizga boradi”, alkogol ichish yo‘q, kechasi yurish yo‘q... Ertalabdan kechgacha qattiqqo‘llik bilan, ertalab turg‘azib, yugurtirib... “Yog‘li ovqat yema, yotib olib osh yema, yugur...” Bolalarning vitamini yo‘q edi, kiyimi yo‘q edi, qildik qo‘limizdan kelguncha. 3 yil mana shunday chillaxona deydimi, “kazarma” rejimida boqmoqchi edim.
Keyin uni “Paxtakor”da o‘ynatib, agar chet elga sotiladigan bo‘lsa, masalan, sotardik. Shundan xarajatlarimni ehtimolki qoplardim. Lekin xohlasang uyingga bor, xohlagan payting kel, xohlasang trenirovkaga kel, xohlamasang yo‘q – bu bilan biz futbolni ko‘tara olmaymiz. Qattiq rejimda trenirovka qiladigan bolalarni yoshligidan yetishtirib, viloyatlardan, o‘zimizdan yig‘ib kelib, zo‘r akademiya qilmas ekanmiz, biz futbolni katta pul bilan qila olmaymiz.
Mana, kechaginda bitta o‘yinchini O‘zbekiston tarixida birinchi marta Angliya Premer-ligasi ijaraga berdik. Men uni O‘zbekistonda yoki “Paxtakor”da olib qolish niyatim yo‘q, rivojlantirib, yiliga 5-10 ta chet elga olib chiqish niyatim bor. Chet elda o‘ynasa, xohlagan vaqtda terma jamoaga chaqirsa, yetib keladi-ku. Faraz qiling, 11 ta o‘yinchingizning 11 tasi Angliya, Fransiya, Portugaliyada o‘ynayapti. Mening niyatim shu edi”, – dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.
Magic City va sobiq City Makon
Jahongir Ortiqxo‘jayevning AKFA kompaniyalar guruhiga kirgan “Stargate Systems” MChJ 2017–2021 yillarda Toshkent markazidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida Magic City ko‘ngilochar majmuasini qurgan edi. Buning uchun Milliy bog‘ning 20 gektardan ortiq hududi shu kompaniyaga investitsiya kiritish sharti bilan 49 yilga ijaraga berilgan.
Ortiqxo‘jayev o‘tgan hafta Termizdagi “Biznes marafon”da 7 ta kompaniyasi, xususan Magic City'ni ham sotganini aytgandi. Ayni paytda kompaniya to‘liqligicha Abduvohidov Alisher Abdujabborovichga tegishli. Sobiq hokimning so‘zlariga ko‘ra, u Magic City'ga ortiq vaqt ajratishni istamagani va boshqa g‘oyalari ham ko‘pligi uchun parkdan voz kechgan.
“2016 yillar oxirida Toshkentda bitta tadbirkor Rohat taraflarda “Disneylend” quraman deb so‘z bergan. Qurolmadi. Qilaman deb rosa gapirdi, lekin qilmadi. Ketvordi.
Lekin o‘rniga ko‘ngilochar joy bo‘lishi kerak edi. Shunda biz “shu joyni [Milliy bog‘ nazarda tutilmoqda – tahr.] olamiz, shunaqa joyga aylantiramiz” degan taklif bilan chiqdik. [Magic City'ning] orqa tomonida kichik-kichik attraksionlar va akvaparklar ham bo‘lishi kerak edi, keyin mohiyati yo‘qolib qoladi deb o‘zimiz voj kechdik.
Magic city taqdimot qilindi va qabul qilindi. 49 yilga 55 mln dollar investitsiya kiritish sharti bilan ijaraga berildi. Bosh reja ko‘rsatildi, taqdimot qilindi, rozi bo‘lishdi va qaror chiqdi. Shunga asosan, u qilindi. Biz kerakli summani oshig‘i bilan investitsiya qildik.
Xuddi shunaqa qaror “Alpomish” sport saroyiga ham chiqqan. Xuddi eskicha qilib tiklash kerak bo‘lgan. “Alpomish” sport saroyi umuman foyda keltirmaydigan joy, muzning pulini yoqasiz-da faqat. Qildikmi, qildik. Sizlar uni gapirmaysizlar, “Alpomish”ni qanday bo‘lgan bo‘lsa shunday joyiga qo‘yganmiz.
Magic city masalasi bo‘yicha, 55 mln dollar investitsiya bajarildi. To‘g‘risini aytaman: muammo ko‘p, ijarachilar bor, boshqasi bor, mingta odam keladi, tadbirlar bo‘ladi, fontan otadi, salyut otadi, unisi bu bilan urishib qoladi… To‘g‘risi-da, bularga vaqt ajratishingiz kerak-da”, – dedi u.
Qolaversa, Ortiqxo‘jayevning aytishicha, u faqat Magic City parki bilan chegaralanib qolmagan: “Menda boshqa idealarim ham bor. Faqat shu bilan chegaralanib qolgan joyim yo‘q-ku”.
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, u Magic City loyihasini amalga oshirishda avvalboshdan ishtirok etgan menejyerlaridan biriga parkning egasi bo‘lishni taklif etgan. U rozi bo‘lib, kompaniyaning kredit majburiyatlarini ham zimmasiga olishini bildirgan. Jahongir Ortiqxo‘jayev Magic City'ni “kamrog‘iga bo‘lsa ham, zarariga bo‘lsa ham” berganini aytdi.
Ijaraga olgan kompaniya ta’sischisining o‘zgarishi davlat bilan kelishilganmi, degan savolga javoban Ortiqxo‘jayev bunday kelishuv bo‘lishi shart emasligini ta’kidladi.
“Davlat Jahongir Ortiqxo‘jayev 49 yil yashasin demagan-ku. Davlatning ko‘zi ko‘r emas, xudoga shukr, ancha narsa joyiga tushdi. Jazo muqarrar, agar muammo bo‘lsa, javobini beradi. Men davlatdan 49 yilga olganman deb, 49 yil yashashimga kafolat berolmayman-ku. Imkonsiz bu narsa, xudo bersa, yashayman. Menga u-bu narsa bo‘lsa, baribir kimgadir o‘tkazardim, to‘g‘rimi? Nega kimdandir so‘rash kerak? Egasi bitta, firma bitta. Qarzini bo‘yniga oldi, talablari bor.
Biz [park] orqasida qurilish qilmaydigan bo‘ldik, sokin joy qiladigan bo‘ldik. Prezidentimizning o‘zlari tashrif buyurdilar, sokin joy bo‘lsin dedilar, xuddi shunday qildik”, – dedi sobiq hokim.
Ortiqxo‘jayev Milliy bog‘ga tutash, Seul (sobiq Baynalmilal) ko‘chasi tomondan kiriladigan hudud haqidagi savolga javoban, bu yer uning ofisi ekanini aytdi.
“U – mening ofisim. Boshqa odamlarning ofisi bo‘lgan, City Makon. 2012 yo 2013 yilda uni 23 milliardgami, 24 milliardgami, auksionda sotib olganman – o‘sha paytda katta pul edi”, – dedi tadbirkor.
Jahongir Ortiqxo‘jayevga ko‘ra, o‘tgan yili Magic City'ga 2,3 mln kishi kelgan.
“Mening hech qanaqa davlatga ziyon keltiradigan ishim yo‘q. Magic city bo‘yicha, kechirasiz-u, o‘sha “yomon” deb yozganlar ham bola-chaqasini aylantirib yuribdi, mazza qilib. “Yomon” deydi-ku, bitta-ikkita blogerlar, jurnalistlar bor, “dabdalasini chiqardi” deydi-ku. Shularning [Magic City'da] aylanib yurganini men o‘zim ko‘zim bilan ko‘rganman. Videosini ham ko‘rsatishim mumkin. Yomon bo‘lsa borarmidi?
2 mln 300 mingta odam kelgani – bu fakt. Ta’mirlanmasidan oldin qancha odam kelgan? Kuniga 300 kishi bormidi-yo‘qmidi? Balki sizga yoqmas, lekin boshqalarga yoqar. Nima qilamiz o‘zimizni aldab, faktga asoslanaylik. Fakt – 2 mln 300 ming odam u yerga [Magic City] keldi, 4 mln 100 ming “Toshkent siti”ga keldi”, – dedi u.
Minerva City
2022 yilda hindistonlik investor Murari Lal Jalanning “MJ Developer” kompaniyasi tomonidan Yangihayot tumanida qurilishi boshlangan “Minerva city” loyihasi mojaroli tarzda sabab to‘xtab qolgandi. Yer hindistonlik tadbirkordan olib qo‘yilgach, u Toshkentning o‘sha vaqtdagi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni unga noqonuniy talab qo‘yishda ayblab chiqqandi. Toshkent shahar hokimligi investorning so‘zlarini rad etib, Bosh prokuraturaga murojaat qilgan, Bosh prokuratura Murari Lal Jalanning iddaosi tekshirilayotganini ma’lum qilgan edi.
Jahongir Ortiqxo‘jayev “Lolazor” podkastiga hokim sifatidagi faoliyati yuzasidan suhbatlashmaslik sharti bilan kelganini bildirib, “Minerva city” haqidagi savolga qisqa javob berdi.
“Bu yigitda soxta piar ko‘payib ketdi. Birorta chet ellik, biznes qilaman degan kamtar odam boshqa mamlakatga borib, sport mashinalarida yurib, kechasi bilan katta pul sochib, hammaning oldida katta maishat, katta piarlarni o‘tkazib, katta-katta odamlarni olib chiqmaydi. Buni faqat o‘sha davlatga borib pulini yeb, olib qochib ketadigan odam qiladi. Unga boy ekan, zo‘r ekan, falon mashinalarda yuribdi, deb pul berishni boshlashadi. Natijada pulni olib, qochib ketadi. Buning shunga o‘xshagan qadamlari paydo bo‘ldi, shaharda kechki payt qizildan o‘tib ketish... Menga hech kim hech balo qila olmaydi, degan shekilli. Sport mashinalarini har hafta almashtirish, kechki yurishlar, katta bazmlar o‘tkazishlar – bular menga soxtadek tuyuldi. Boshqa sabablar ham bor, aytishni istamagan bo‘lardim”, – dedi poytaxtning sobiq rahbari.
Suhbat davomida Jahongir Ortiqxo‘jayev hokim lavozimidan olinishi bo‘yicha prezidentning qarorini muhokama qilmasligi, “Texnopark” MChJni ishonchli boshqaruvga olgani, O‘zbekistondan tashqarida birorta ham uyi yo‘qligi va o‘zi uchun samolyot ijaraga olganini ham aytib o‘tgan.
Mavzuga oid
16:35
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024