O‘zbekiston | 17:50 / 06.02.2024
20121
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident topshirig‘iga ko‘ra lavozimga loyiqligi ko‘rib chiqilgan yana bir tuman hokimi ishdan ketdi

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumani hokimi Muhammadmuso Obidov lavozimdan ozod etildi. Tumanga yangi hokim tayinlangan.

Abdujalilov Ergashali Abduqurbonovich Oltinko‘l tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ergashali Abdujalilov

Ergashali Abdujalilov 1985 yili Marhamat tumanida tug‘ilgan. 2007 yilda IIV akademiyasini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy tizimlarda mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i, rahbar o‘rinbosari hamda rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

Ergashali Abdujalilov mazkur lavozimga tayinlanguniga qadar Andijon viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Oltinko‘l tumaniga 2022 yil may oyidan buyon Muhammadmuso Obidov hokimlik qilayotgandi. 

Muhammadmuso Obidov

16 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Abdulla Aripovga 9 ta tuman hokimining lavozimiga loyiqligini hal qilish topshirilgandi. Ushbu ro‘yxatda Oltinko‘l tumani hokimi Muhammadmuso Obidov ham bor edi.

Yanvar oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda Obidov ishdan ketgani haqida xabar tarqalgan, viloyat hokimligi matbuot xizmati esa bu ma’lumotni rad etib, yolg‘on xabar tarqatganlik uchun javobgarlik borligini eslatgandi.

  • Bundan oldinroq prezident bosh vazir Abdulla Aripovga lavozimga loyiqligini hal qilishni topshirgan tuman hokimlari qatorida bo‘lgan Toshkent shahri Bektemir tumani hokimi Tapil Mahamadziyayev vazifasidan ozod qilingandi

Mavzuga oid