Jahon | 14:11 / 06.02.2024
4747
4 daqiqa o‘qiladi

Senegalda prezidentlik saylovlari kechiktirildi. Muxolifat buni ​«konstitutsiyaviy to‘ntarish» deb atamoqda

Senegal parlamenti prezidentlik saylovlari muddatini 10 oyga surib, 15 dekabrga ko‘chirish uchun ovoz berdi. Amaldagi davlat rahbari Maki Sall ayrim nomzodlarning qonuniyligi borasidagi kelishmovchiliklar tufayli shuni talab qilayotgandi. Muxolifatchi guruhlardan biri bu qarorni «konstitutsiyaviy to‘ntarish» deb baholagan.

Xalqaro hamjamiyat ham G‘arbiy Afrikadagi eng barqaror davlatlardan biri bo‘lib kelgan Senegaldagi vaziyat yuzasidan xavotir bildirmoqda.

Prezidentlik saylovlari 25 fevralga belgilangandi.

Mamlakat 1960 yilda Fransiyadan mustaqillikka erishilganidan beri hokimiyat tinch yo‘l bilan, faqat saylovlar orqali o‘tkazilgan. Mintaqadagi boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, Senegalda hech qachon kuch ishlatish yo‘li bilan hokimiyatga kelish holati kuzatilmagan.

1963 yilda prezidentlik boshqaruvi o‘rnatilganidan buyon mamlakatda saylovlar doimo o‘z vaqtida o‘tkazilgan.

Tahlilchilar mamlakatdagi barqarorlikka jiddiy putur yetkazishi mumkin bo‘lgan konstitutsiyaviy inqirozni bashorat qilmoqda.

«Ushbu qaror Senegalni konstitutsiyaviy inqiroz girdobiga tashlaydi», — degan BBC bilan suhbatda risklarni baholash bilan shug‘ullanuvchi Verisk Maplecroft konsalting kompaniyasining G‘arbiy Afrika bo‘yicha katta tahlilchisi Mukahid Durmaz.

Muxolifatning ayrim vakillari allaqachon Sallaning qarorini konstitutsiyaviy davlat to‘ntarishi deb atamoqda.

«Faqat Konstitutsiyaviy kengash prezidentlik saylovlari muddatini keyinga surishi mumkin va bunday kechiktirish ham qat’iy tartibga solinadi. Shunday ekan, bu shunchaki konstitutsiyaga zid, shuning uchun aytamanki, bugun biz konstitutsiyaviy davlat to‘ntarishi keltirib chiqarishga urinishning guvohi bo‘lib turibmiz», — deya vaziyatni izohlagan muxolifatchi siyosatchilardan biri Gi Marius Sanya.

Saylovda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan nomzodlarning yakuniy ro‘yxatidan 20 kishi o‘rin olgan. Nomzodlar saylovlarda ishtirok etish shartlariga mos kelish-kelmasligini belgilaydigan Konstitutsiyaviy kengash yanvar oyida muxolifatning bir necha vakillarini saylovga nomzod  bo‘lishga qo‘ymagandi va bu tanqidlar to‘lqiniga sabab bo‘lgandi.

Shu bilan birga, Maki Sallning o‘zi saylovlarda qatnashmaslikka va’da bergan.

Saylovlarning kechiktirish haqidagi qarordan keyin mamlakat poytaxti Dakarda norozilik namoyishlari boshlanib ketdi.

Dushanba kuni hukumat internetda «nafratomuz va buzg‘unchi xabarlar» tarqalishi va jamoat tartibiga tahdid solinishining oldini olish maqsadida – boshqacha so‘z bilan aytganda, namoyishlarni tashkillashtirishni qiyinlashtirish uchun mobil internet-xizmatlaridan foydalanishni cheklab qo‘ydi.

Dakardagi Xavfsizlik tadqiqotlari institutining Markaziy Afrika bo‘yicha mintaqaviy koordinatori, tahlilchi Vole Odjyevale prezidentlik saylovlari kechiktirilishi asossizligi, chunki prezident saylov jarayoniga mas’ul hisoblanmasligini aytadi.

Amaldagi prezidentning tanqidchilari Maki Sall bosh vazir Amadu Ba saylovlarda yutqazishi mumkinligidan xavotirlanayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda – u Bani o‘zining vorisi sifatida ko‘radi.

«Uning partiyasi [prezident Sall] qo‘llab-quvvatlovdan mahrum bo‘lmoqda. Katta ehtimol bilan, hozirda ular ishni qayta qurishni va o‘z nomzodini almashtirishni istamoqda», — degan BBC suhbatdoshi.

Kuzatuvchilar saylovlar shaffof o‘tmasa, mamlakatni norozilik namoyishlari va ommaviy tartibsizliklar qamrab olishi, esa Senegalning G‘arbiy Afrikadagi eng barqaror davlat sifatidagi maqomiga putur yetkazishi mumkinligidan xavotir olmoqda.

Mavzuga oid