O‘zbekiston | 18:50 / 07.02.2024
9376
2 daqiqa o‘qiladi

“Bu inson huquqlariga zid” – Ombudsman Navoiydagi “Sharmanda doskasi” bo‘yicha munosabat bildirdi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili mahallalardagi e’lon taxtalariga aybdor deb topilgan shaxsning fotosurati va u haqdagi ma’lumotlar joylashtirish amaliyotini inson huquqlariga zid deb hisoblamoqda.

Foto: Kun.uz

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Navoiy viloyatining Karmana tumanida mahallalarga “Sharmanda doskasi” tarqatilishiga munosabat bildirdi.

“Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi qat’iy belgilangan.

Qolaversa, Jinoyat kodeksining 7-moddasiga ko‘ra, jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko‘zlamaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili mahallalardagi e’lon taxtalariga aybdor deb topilgan shaxsning fotosurati va u haqdagi ma’lumotlar joylashtirish amaliyotini inson huquqlariga zid deb hisoblaydi”, deyiladi Ombudsman munosabatida.

Oldinroq Navoiydagi mahallalarda “Sharmanda doskasi” paydo bo‘lgani, ana shunday “doska”lar Karmana tumanidagi mahallalarga tarqatish uchun tayyorlab qo‘yilgani xabar qilingan edi. Karmana tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari Nabijon Cho‘liyev Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda taxtaning nomlanishi xato ketganini, hozirda xatolik tuzatilib, MFY binolariga e’lonlar taxtasi o‘rnatib chiqilayotganini bildirgandi.

Mavzuga oid