O‘zbekiston | 12:18 / 07.02.2024
29984
9 daqiqa o‘qiladi

“O‘zim tengilarga dars berish oson bo‘lmagan” – 17 yoshidan buyon kimyo fanidan dars o‘tib kelayotgan qiz

“Maktablarda kimyo darsi 40-45 daqiqa davom etadi, bu vaqt ichida kimyoviy reaksiyalar bilan ishlash, har bir o‘quvchini jarayonga qamrab olish qiyin. Biron tajriba o‘tkazish uchun yetarli vaqt. Bu ishni bir sinfda 30 tadan oshiq o‘quvchi bo‘lgan dars jarayonida bajarish qiyin”. Kun.uz’ning navbatdagi qahramoni 20 yoshida oliygoh talabalariga dars berayotgan Zuhra Mahkamova. 

Zuhra Mahkamova, 20 yosh. 2021 yilda 13 ta oliy ta’lim dargohiga grant asosida o‘qishga kirgan. Hozirda D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali 3-bosqich talabasi. 3 yildan buyon kimyo fanidan dars beradi. «Mendeleyev kids» hamda «Ximiya v kolbe» loyihalari muallifi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Zuhra umumta’lim maktablaridagi kimyo darslari nima sababdan o‘quvchilarni qiziqtira olmasligini tushuntirgan. Yosh pedagog sifatida tengdoshlari orasida ilmning qadri tushib ketayotganiga alohida to‘xtalib o‘tgan.

Erishish oson bo‘lgan marra men uchun emas

Dadam doim «qiz bolani o‘qitsang, butun avlodingni o‘qitgan bo‘lasan, o‘g‘il bolani o‘qitsang – oilangni o‘qitasan» deydilar. Bizning oilada qiz bolaning ilm olishiga kuchli e’tibor beriladi. O‘qish paytida boshqa tengdoshlarim kabi ko‘cha aylangim, telefon, kompyuter o‘ynaganim kelgan, biroq ota-onam ta’lim olishimni qattiq nazorat qilgan. Dadam doim bizni bilim olishga ruhlantirib turgan. Oilamizda «erishish oson bo‘lgan narsa biz uchun emas», degan shiorimiz bor, shuning uchun doim qiyin narsalarni qo‘lga kiritishga harakat qilganmiz. Boshida qiyin bo‘lib, keyinchalik harakat bilan erishilgan narsa juda go‘zal bo‘ladi…

To‘g‘ri, boshida kimyoni tushunish oson bo‘lmadi, ba’zi vaqtlarda, hatto, to‘garaklardan uyga berilgan vazifalarni bajara olmay, yig‘lab ham chiqar edim. Oliygohga qabul qilinguncha o‘ndan ortiq ustozlarda o‘qidim, ularning metodikasini o‘rgandim. Harakatlar va izlanishlar natijasida bugun kimyo mening hayotimga aylandi.

O‘zim tengilarga dars o‘tish qiyin bo‘lgan

8-sinf paytimda onam kimyo to‘garagiga olib borgan, lekin hech narsani tushunmaganman va o‘qimayman deganman. Bir yil juda past ko‘rsatkichlarda fanni o‘zlashtirganman. Ammo shunga qaramasdan tinimsiz izlandim va 17 yoshimdan dars o‘tishni yo‘lga qo‘ydim. O‘zim tengilarga dars berish oson bo‘lmagan. Boshida o‘quvchilarimdan yoshimni yashirardim, chunki ba’zi o‘quvchilar ular bilan teng yoki ulardan kichkina ekanligimni bilishsa, gaplarimga quloq solishi qiyin bo‘lib qolar edi. Ayrimlar darsga yig‘lab, xarxasha bilan kelardi, ularni ovutib, darsga jalb qilish uchun ham katta energiya sarflashim kerak bo‘lardi. Ayrim o‘quvchilar esa darslarga o‘zi xohlamasdan, ota-onasi majburlagani uchun kelishardi. Ularning ko‘ngliga yo‘l topib, dars jarayoniga qiziqtirish alohida san’atni, chuqur psixologik bilimni talab qilardi.

Kimyo seriallardan ko‘ra qiziqroq

Odatda, kimyoviy jarayonlar, reaksiyalarni ko‘proq kino-seriallardagi voqealarga qiyoslab tushuntiraman. Bu o‘quvchilarimga yoqadi va shuning uchun darslarimni yaxshi ko‘rishadi.

Yoshlar orasida kimyoga qiziqish darajasini oshirishni o‘z oldimga maqsad qilib olganman. Hozirda kimyo bo‘yicha «Mendeleyev kids» hamda «Ximiya v kolbe» loyihalarini yo‘lga qo‘yganmiz. O‘zim ikkala loyihaning ham rahbariman. «Mendeleyev kids» loyihasida 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga kimyo bo‘yicha dastlabki tushunchalarni o‘rgatamiz, turli xil kimyoviy reaksiyalarni bajarib ko‘ramiz. Bilasizmi, o‘z qo‘li bilan qandaydir reaksiyani qilib ko‘rgan bola kimyoga qattiq qiziqib qoladi. Shu sababli to‘garagimizga kelayotganlar soni oshib bormoqda. Alohida ta’kidlashim joiz, 1,5 yil ichida 3 mingga yaqin bolalarni loyihaga qabul qilib, ko‘plab bolalarni kimyoga qiziqtira oldik va bu bizning faxrlanarli yutug‘imizdir.

«Ximiya v kolbe» loyihasi esa faqat qizlar uchun mo‘ljallangan. Unda har haftada bir marotaba qizlar uchun kimyo fani bo‘yicha bepul master-klasslar tashkil etiladi.

Atrofimizdagi hamma narsa aslida kimyo. Ba’zilar kimyo desa, ma’lum doiradagi tushunchalarni tushunishadi. Biroq har bir narsa kimyoviy tarkibga, reaksiyaga ega. Hayotimizning o‘zi to‘liq kimyoviy jarayonlardan iborat. Eng birinchi laboratoriya – bu oshxona, eng birinchi kimyogar esa ayol kishi, degan gap ham bejiz aytilmagan.

O‘quvchilarga nimadir o‘rgatsam, tushunmaganini tushuntirsam, shundan maza qilaman. Daftarlariga eslatmalar yozdirayotganimda ham so‘zlarni qiziqarli qilib aytishga harakat qilaman. Ular xursand bo‘lib, kayfiyati ko‘tarilsa, bundan menam xursand bo‘lib ketaman. Odatda, darslarga charchab kirib, chiqayotganda hordiq olib chiqaman.

Kimyo bo‘yicha maktab darsliklari – murakkab

Maktablarda kimyo darsi 40-45 daqiqa davom etadi, bu vaqt ichida kimyoviy reaksiyalar bilan ishlash, har bir o‘quvchini jarayonga qamrab olish qiyin. Masalan, biron bir reaksiya qilib ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, unga yetarli vaqt kerak, reagentlar atrof va o‘quvchilarga zarar yetkazmasligi uchun reaksiya jarayonlarini boshidan oxirigacha kuzatib, nazorat qilib turish lozim. Bu ishni bir sinfda 30 tadan oshiq o‘quvchilar bo‘lgan dars jarayonida bajarib ko‘rish – biroz noqulay.

Maktablarda nazariyaga ko‘proq e’tibor qaratiladi, natijada o‘quvchilar kimyoga qiziqishmaydi. Menimcha, darsliklarni osonlashtirish kerak.              7-sinf bola kitobdagi murakkabliklarni ko‘rib, o‘qigisi kelmay qoladi. Kuzatuvlarimdan xulosa chiqarib, hozirda o‘zim kimyo bo‘yicha aynan bolalarga mo‘ljallab kitob yozyapman, yaqin bir oylarda nashrdan chiqadi. Boshida kitobga muharrir topish qiyin bo‘ldi – yangicha yo‘nalish bo‘lgani uchun. Kitobda kimyoviy nazariylar sodda tilda yozilgan, dizayn bolalarni qiziqtira oladigan darajada rang-barang ishlab chiqilgan.

Ilmning qadri tushib ketyapti

Nimagadir bugun yoshlar jamiyatida yaxshi kiyingan odam ilmli odamdan ko‘ra hurmatliroq bo‘lib bormoqda. Ilmning qadri tushib ketgan. Tengdoshlarim kam ishlab, ko‘proq pul topishga harakat qiladi. Ilm yo‘lida oz mehnat qilib, katta daromad topib bo‘lmaydi, ilmning o‘ziga yarasha zahmati, mehnati bor. Yoshlar o‘rtasida kimyoni targ‘ib qilishni yaxshi ko‘raman, hozir ham ko‘proq shu ish bilan shug‘ullanyapman. Odamlarga kimyo fanining qiziq ekanini ko‘rsatish, shu soha bo‘yicha bilimlarini oshirish – asosiy maqsadim. Ko‘p oilalarda kimyo texnologiya qizlar uchun emas, degan qarash ham bor, shu stereotipni parchalab tashlash harakatidaman.

Sohani yaxshi bilsangiz, oyiga 20 000 dollargacha daromad topasiz

O‘zbekistonda kimyo texnologiyalari bo‘yicha yaxshi mutaxassis kam, sohadagi kadrlar bozorida raqobat deyarli yo‘q. Kimyoni yaxshi o‘zlashtirib, bu sohada bemalol katta daromad topsa bo‘ladi, masalan, boshlanishiga 3 million so‘mdan tajriba va malakaga qarab 20 000 dollargacha.

O‘z maqsadingiz bo‘lmasa, o‘zgalar maqsadi uchun ishlaysiz

Ko‘pchilik birovning maqsadlari bilan yashaydi. Kimdir mashina olsa, men ham shunaqa mashina xarid qilaman deydi, o‘zgalar ayfon olsa, men ham shundan olaman deydi. Biroq men uchun hech qachon mashina, uy olish kabilar maqsad bo‘lmagan, bular katta marra emas. Fikrimcha, hayotda har bir odam o‘zidan yaxshi ish qoldirishga urinishi kerak. Bu yo‘lda insonning o‘zi istayotgan haqiqiy maqsadini topishi juda ham muhim.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator: Abduqodir To‘lqinov
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov

Mavzuga oid