Yil boshidan beri 10 mingga yaqin bola gepatit A virusini yuqtirib oldi
“Sariq kasal”ga chalinish ko‘rsatkichlarining o‘sishi Andijon, Buxoro, Namangan, Surxondaryo, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilmoqda. Sanepidqo‘m ota-onalarga murojaat qilib, farzandlarini gigiyena qoidalariga rioya qilishni o‘rgatishga va gepatit A ga qarshi o‘z vaqtida emlatishga chaqirdi.
O‘zbekistonda 2024 yil boshidan buyon 9507 nafar bola gepatit A kasalligini yuqtirib olgan. Bu haqda 9 fevral kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita bayonotida avvalgi davrlar bilan taqqoslangan raqamlar keltirilmagan.
Virusli gepatit A kasalligi (xalq tilida “sariq kasal”) – bolalar o‘rtasida uchraydigan yuqumli kasallik bo‘lib, jigar to‘qimalarining shikastlanishi bilan kechadi. Gepatit A gepatitning boshqa turlariga qaraganda nisbatan xavfsizroq xastalik ekani, surunkali tus olmasligi, o‘lim va boshqa jiddiy oqibatlarga olib kelmasligi bilan farqlanadi va “iflos qo‘llar kasalligi” deb ham ataladi.
Sanepidqo‘m matbuot kotibi Maftuna Saidovaning aytishicha, kasallanish ko‘rsatkichlarining o‘sishi Andijon, Buxoro, Namangan, Surxondaryo, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilmoqda.
Gepatit A kasalligiga qarshi emlash 94-98 foiz holatlarda virus yuqishining oldini oladi va emlashdan keyin kuzatilishi mumkin bo‘lgan jiddiy asoratlar kuzatilmaydi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra, bu vaksinaning xavfsizligi va sifatini kafolatlovchi sertifikatlari mavjud bo‘lib, vaksinatsiya bir marotaba qo‘llaniladi, qayta emlash ishlari talab etilmaydi. Virusli gepatit A kasalligiga qarshi, asosan, 18 oylikdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar emlanadi. Emlashdan keyin 15 yilgacha muddatda immunitet tarangligi saqlanib qoladi.
Qayd etilishicha, 2023 yil davomida O‘zbekiston bo‘yicha jami 365 167 nafar bola virusli gepatit A kasalligiga qarshi vaksina bilan emlangan.
Shuningdek, nogiron, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarini ushbu kasallikka qarshi emlash maqsadida Qashqadaryo viloyati, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumani va Toshkent shahri hokimliklari tashabbusi bilan virusli gepatit A vaksinasini xarid qilish uchun mahalliy budjetdan jami 4 mlrd so‘mdan ko‘proq miqdorida mablag‘lar ajratilib, 24 765 nafar bola kasallikka qarshi emlangan.
“Hurmatli ota-onalar, farzandlaringiz ushbu kasallikni yuqtirib olmasliklari uchun avvalo ularni shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishga o‘rgating va ularni gepatit A ga qarshi o‘z vaqtida emlating.
Har bir ota-ona farzadining salomatligi uchun mas’ul ekanligini unutmang!” – deyiladi Sanepidqo‘m axborotida.
Mavzuga oid
17:46
Misrdan gepatitga qarshi dorining navbatdagi partiyasi olib kelindi
17:43 / 05.12.2024
Hukumat qonundan tashqari 10 trln so‘m xarajat qilgan. Deputatlar 9 daqiqada bu xarajatlarni qonunga kiritib berdi
16:59 / 04.12.2024
Andijondagi mutasaddilarning harakatlariga baho berish uchun ogohlantiruv hujjati kiritildi - Bolalar ombudsmani
22:48 / 03.12.2024