O‘zbekiston | 12:22 / 11.02.2024
21478
5 daqiqa o‘qiladi

Pora bermaslikni so‘rab talabalardan tilxat olgan domla, bekatga yozilgan “ochlik xati” – “Talaba kundaligi”

Tanish-bilish aralashtirmaslik, pora bermaslikka qasam ichib, tilxat yozib bergan, hokim kortejini dalaga kelishga majbur qilgan talabalar boshdan kechirganlarini “Talaba kundaligi”ga hikoya qilib berishdi.

Foto: Kun.uz

1-hikoya. Bekatga yozilgan “ochlik xati”

– Nukus davlat pedagogiga institutida tahsil olganman. 2007 yil uchinchi kursligimizda paxtani yagana qilishga Shumanay tumaniga jo‘natishdi. Ertalab 6:00 dan dalaga chiqarishdi. Nonushta ham berishmadi. Ana olib kelishadi, mana olib kelishadi, deb soat 13:00 gacha kutamiz hamki, haligacha ovqatdan darak yo‘q. Kutdik, kutdik, ochlik jonimizdan o‘tib ketdi. Shunda xayolimga bir fikr keldi. Biz ishlayotgan dala katta yo‘lning bo‘yida edi. Yo‘lning qarama-qarshisida bekat bor edi. Shu bekatga katta qilib “BIZ OChMIZ (BIZLeR AShPYZ)” deb yozib, dalaga qaratib strelka chizib qo‘ydim. Oradan ozroq vaqt o‘tib, dala yonida mashinalar yig‘ilib ketdi. Bilsak, o‘sha paytdagi tuman hokimi R.Razzoqov korteji yo‘ldan o‘tayotib yozuvni o‘qib qolgan. Keyin to‘xtab, hammani yig‘ib, tanbeh bergan. Voqeadan biroz o‘tib hammaning qornini to‘ydirishgan edi. Lekin bekatga kim yozganini aniqlasholmagan. Xususan, mendan umuman shubha qilishmagan. Chunki men o‘zbek guruhida o‘qirdim. Yozuv esa qoraqalpoq tilida edi.

2-hikoya. Orzusini qurbon qilgan talaba

– Andijon davlat tibbiyot institutining to‘rtinchi kursida o‘qirdim. Neyroxirurgiya fanini yaxshi o‘qiganim, rus tilini yaxshi bilganim uchun domlamiz menga ilmiy ish qilib, shu kafedrada qolishni taklif qilib qoldi. Rosti, juda quvondim. Axir bu 30 yil oldin ham hazilakam taklif emas edi-da. Buni ota-onamga ham darhol aytdim. Ular ham quvonishdi. Taklifni jon deb qabul qildim. Fanga bo‘lgan qiziqishim kundan kunga ortib borar edi. Ilmiy ish qilish, fanga yangilik kiritish, shu bilan bemorlar joniga oro kirishga astoydil harakat qilar edim. Xullas, orzularim osmon qadar edi. Shu fan darslari tugash arafasida haligi domla meni yoniga chaqirib, gap boshlab qoldi. “Agar institutni tugatguncha va undan keyin ham kafedrada ilm bilan shug‘ullanishga qiziqishing bo‘lsa, kafedra mudiri bilan gaplashib, seni olib qolishga harakat qilaman. Faqat mudirga shogird tushishning to‘lovi bor”, dedi. Buni eshitgach, tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib ketdi, ilmiy ish qilishga bo‘lgan qiziqishim umuman so‘ndi. Shu voqea sabab ilmiy ish qilish fikridan qaytdim, institutni tugatgandan so‘ng faqat boshqaruv tizimida ishladim. Keyin bilsam kafedra mudiri umuman moddiy manfaatdorlik haqida o‘ylamaydigan, halol-pok inson bo‘lgan-u, pul so‘rash neyroxirurgiya fani domlasining shaxsiy tashabbusi bo‘lgan ekan.

Bu bilan talabalarga orzularingiz uchun kurashing, hayotingizga adolatsizliklar ko‘p bo‘ladi, lekin taslim bo‘lmang, demoqchiman. Men ham o‘shanda domlani yaxshiroq surishtirganimda, orzularimdan voz kechmaganimda bugun ko‘plarning sog‘ayishiga sabab bo‘lishim mumkin edi.

3-hikoya. Tanish-bilish aralashtirmaslikka qasam ichtirgan domla

– 2006-2010 yillarda Farg‘ona davlat universiteti filologiya fakultetida o‘qiganman. Oliy matematikadan bir domla darsga kirar edi. Bu fan biz filologlar uchun juda qiyin bo‘lgani uchun shu domlaning fanidan yaxshi baho olishga qiynalar edik. Ustiga-ustak, domla birovdan bir so‘m olmaydigan, tanish-bilish aralashtirganlarni o‘lguday yomon ko‘rar edi. Baxtga qarshi, fanning o‘zi juda qiyin, uni o‘zlashtirishga juda qiynalganmiz. Domlaning pul olmasligini bilganlar, "tank" aralashtirish yo‘liga o‘tgan. Bu domlaga juda yomon ta’sir qilgan, o‘zini vijdoniga xiyonat qilgandek his etgan. Keyingi semestrda esa u bizdan yaxshigina o‘chini olgan. 110 talabaning hammasidan taxminan shunday mazmunda tilxat yozdirib olgan. "Men ... shu semestrda ... domlaning oldiga yalinib borsam, pul bersam yoki tanish-bilishni o‘rtaga qo‘yib, semestrni yopishga urinsam, Alloh jazoimni bersin".

Lekin dunyo teskari aylanib, semestr yopish vaqti kelganda domlaning mazasi qochib yotib qoldi. Baholarimizni dekanat to‘g‘rilab bergan.

Hikoyalarni Zuhra Abduhalimova nashrga tayyorladi.

P.S: Talabalik davringizda turli xil qiziqarli, ibratli, kulgili yoki og‘riqli voqealarni boshdan kechirganmisiz? Bu haqda boshqalarga ham aytib berishni xohlaysizmi? Kun.uzʼning "Talaba kundaligi" rukni aynan siz uchun.

Hikoyani @talabakundaligi_bot manziliga yuboring. Tahririyat sizning shaxsingiz sir tutilishini ta’minlaydi.

Mavzuga oid