O‘zbekiston | 11:41 / 12.02.2024
15406
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 75 ta yirik kanalni betonlashga budjetdan 680 mlrd so‘m ajratilgan

Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida kanallarni betonlash ishlari sust olib borilayotgani tanqid qilindi.

Foto: Suv xo‘jaligi vazirligi

Prezident raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda qayd etilishicha, respublikada 75 ta yirik kanalni betonlashga budjetdan 680 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Asosiy maqsad eng ko‘p suv yo‘qotiladigan kanallarni sug‘orish davri boshlanishigacha betonlashdan iborat.

Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryodagi loyihasi tayyor 9 ta kanalni beton qoplamaga o‘tkazish ishlari bor-yo‘g‘i 34 foizga bajarilgan. Sirdaryodagi 3 ta kanalda esa betonlash bo‘yicha bajarilgan ishlar 10 foizga ham yetmaydi.

Davlat rahbari hamma kuchni to‘liq safarbar qilib, vegetatsiya davri boshlanguncha betonlash ishlarini yakunlash shartligini ta’kidladi.

Suv yo‘qotishlarini kamaytirish va suvni tejab ishlatish Suv xo‘jaligi vazirligining eng asosiy vazifasi ekani qayd etildi.

Shuningdek, 2024 yilgi paxta va g‘alla hosili uchun budjetdan 10 trln so‘mdan ziyod imtiyozli resurs ajratilgani qayd etildi

Klaster, fermer va dehqonlar imtiyozli kredit olishini osonlashtirish maqsadida ochiq-oshkora platforma ishga tushgan. Lekin 2024 yil paxtasini sotish bo‘yicha fyuchers shartnomasi tuzgan fermerlarning ma’lum qismi kreditlarni haligacha olmagan. Ayrim banklar “resurs yo‘q, garov ta’minoti kerak”, degan bahonalar bilan tayyor mablag‘ni bermayotgani aytildi.  

Mavzuga oid