O‘zbekiston | 18:12 / 13.02.2024
24907
2 daqiqa o‘qiladi

Qamchiq dovonidagi YTHda 5 kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi

Qamchiq dovonida DAF va Isuzu yuk mashinalari to‘qnashdi. Oqibatda ikkala haydovchi va uch yo‘lovchi voqea joyida vafot etdi. DAF yuk transport vositasiga ortilgan bir qancha yengil avtomobillar pastlikka tushib ketgan.

Foto: Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati

11 fevral kuni soat 23:40 atrofida Qamchiq dovonining Namangan viloyati Pop tumanidan o‘tgan hududida DAF va Isuzu yuk mashinalari o‘rtasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati.

Qayd etilishicha, xalqaro ahamiyatdagi A-373 avtomobil yo‘lining 222-kilometrida 41 yoshli haydovchi K.Y. DAF yuk avtomobilini (yengil avtomobillarni tashuvchi) boshqarayotib harakat xavfsizligini ta’minlamasdan, yo‘lning xavfli burilish qismida boshqaruvni yo‘qotgan.

So‘ngra qarama-qarshi yo‘nalishni ajratib turuvchi to‘siqqa urilib, qarshisidan kelayotgan 32 yoshli haydovchi J.A. boshqaruvidagi Isuzu yuk avtomobili bilan to‘qnashgan.

Oqibatda ikkala haydovchi hamda uch nafar yo‘lovchi tan jarohati olib voqea joyida vafot etgan. YTH vaqtida DAF yuk transport vositasiga ortilgan bir qancha yengil avtomobillar pastlikka tushib ketgan.

Mazkur YTH yuzasidan Namangan viloyati IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan oldinroq Kun.uz manbasi Qamchiqda avtotreyler YTHga uchrashi oqibatida 6 kishi halok bo‘lgani aytilayotganini xabar qilgandi.

 

Mavzuga oid