O‘zbekiston | 22:12 / 14.02.2024
43119
13 daqiqa o‘qiladi

Sherzodxon Qudratxo‘ja - Karimov shaxsiyati va prezident apparatidan qanday ketkazilgani haqida

2000-yillarda Islom Karimovning matbuot xizmatida ishlagan Sherzod Qudratxo‘ja o‘sha paytda ko‘p narsani o‘zgartirishga harakat qilgani, lekin astoydil ishlaganiga qaramay, o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabab bilan ishdan ketkazilgani haqida gapirib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi prezident gina saqlaydigan odam bo‘lgan, karera qurmoqchi bo‘lgan ambitsiyali odamlarni yoqtirmagan.

Foto: YouTube/Alter Ego

O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida 1990-yillar oxiri va 2000-yillardagi senzura haqida gapirib o‘tdi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja jurnalistik faoliyatini 1994 yilda MTRKning “Axborot” dasturi direksiyasida tarjimon, muharrir va siyosiy sharhlovchi sifatida boshlagan. 1998 yilda O‘zTV-4 telekanali direktori etib tayinlangan.

“1997-1998 yillardan boshlab senzuraning kuchayishi sabab ishlash qiyinroq bo‘lib qolgandi. 1999 yildagi fevral voqealari, bir muddat Turkiya bilan kelishmovchilik, o‘zaro tushunmovchilik bo‘lgani mediaga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Men televideniyeda jonli efir qilishni juda xohlardim. Informatsion kanal doim jonli efirga chiqishi kerak, deb hisoblayman. Lekin sekin-sekin yopishni boshlashdi.

“Trakt” degan tushuncha bor: amaldorlar o‘z kabinetida o‘tirib, syujyetlarni ko‘rib, telefon orqali “olib tashla”, “qisqartir”, “kesib yubor” degan topshiriqlar berishgan. Bu esa jurnalistning qo‘lini bog‘lab tashlaydi, bunday sharoitda ishlash juda og‘ir. Seni hamkasblaring to‘g‘rilab tursa, qanaqadir xato qilsang, bu boshqa narsa, lekin nimadir qilganingda butun boshli abzatslarni olib tashlashsa, buni qabul qilish og‘ir.

Esimda, 1997 yilda “zapravka”larda benzin kam quyilayotgani haqida lavha tayyorlagandim. O‘sha paytda bu muammo keng tarqalgan edi. Bu material [o‘z vaqtida] efirga chiqmagan. Material efirga chiqmasligi uchun, masala birinchi shaxsgacha yetib bormasligi uchun menga katta summa – 5 ming dollargacha taklif qilishgan. Chunki bu o‘ziga xos mafiya edi. 5 ming dollar ancha katta pul edi, yaxshi hovli sotib olsa bo‘lardi bunga. Pastroq darajadan boshlanib, shunga yetgan. Oxir-oqibat bu materialni yakshanba kuni (8 martga to‘g‘ri kelgandi) davlat rahbari shahardan tashqarida bo‘lgan paytda efirga berishgan.

O‘shanda qiyin bo‘lgan. Men pulni olmaganman. Meni ta’qib qilishgan, xavfsizlik nuqtayi nazaridan do‘stlarim men bilan birga yurishgan, tahdidlar ham bo‘lgan. Materialni Vazirlar Mahkamasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov ko‘rgan, masalani jiddiy ko‘targan, lekin davlatning birinchi raqamli shaxsi ko‘rmagan, agar ko‘rganida, yanada yomonroq bo‘lardi”, – dedi Sherzodxon Qudratxo‘ja.

Jurnalist 1998-1999 yillarda o‘zi boshqargan O‘zTV-4 telekanali o‘sha vaqtda mamlakatdagi 4 ta kanaldan biri bo‘lgani, Islom Karimovning o‘ndan ortiq davlatga tashriflarida ishtirok etib, undan tez-tez intervyular olgani, shundan keyin bir muddat Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmatiga rahbarlik qilib, 1999 yil oxiri va 2000 yil boshidagi saylovlardan keyin prezident matbuot xizmatiga ishga olinganini aytib o‘tdi. Bunga, Sherzodxon Qudratxo‘janing so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbariga saylovlar yuzasidan bergan takliflari sabab bo‘lgan.

“Biz ochiqlik, shaffoflik kerakligi, saylovlar raqobatli o‘tishi kerakligi, nomzodlar chiqishlar qilishi, roliklar qilinishi, buning uchun mablag‘ ajratilishi zarurligini tushuntirib bera oldik. Bu gaplarimiz unga yoqdi va qabul qilindi. Buning yana bir yaxshi tomoni, meni prezident matbuot xizmatiga hech qanday suhbatsiz, Islom Abdug‘aniyevichning topshirig‘i bilan ishga olishdi. Shunday qilib u yerda 5 yil ishladim”, – dedi u.

Sherzodxon Qudratxo‘ja shundan keyin mamlakat rivojlanishida nima xato ketdi, degan savolga javob berdi.

“Ochiqlik, liberallik borgan sari kamayib bordi. U soat 17 dan keyin amaldorlarni qabul qilardi. OAV, madaniyat, san’at va boshqa sohalar vakillari bilan 2-3 soatlik yig‘ilishlar bo‘lib turardi. Ertalab asosan kadrlarga oid masalalar ko‘rilar, Xavfsizlik kengashi va boshqalarning muhim dokladlari ko‘rib chiqilardi. Men 5 yil shu ritmda yashadim. Bu og‘ir edi, o‘sha paytda 25-26 yoshda edim. Lavozimim – matbuot kotibidan keyingi ikkinchi shaxs edi, undan [Islom Karimovdan – tahr.] yarim soat oldin kelib, yarim soat keyin ketardim. 2001 yil sentabrda Amerikadagi voqealar ro‘y berganidan keyin u ishdan juda kech keta boshladi: ba’zida soat 12da ketardi. Amerika vakillari tez-tez kela boshladi.

Orada bir nechta uchrashuvlarda men ham o‘zimning liberal fikrlarimni aytdim. Keyin ko‘ryapmanki, bu narsa yoqmaydi. Keyin yana bitta holat bo‘ldi, shunga ko‘ra, tushundimki, mening missiyam tugadi, men keraksiz bo‘lib qoldim. Bu fakt yetarlicha shaxsiy xarakterga ega, professional bo‘lmaganim yoki menga nisbatan kompromatlar bo‘lgani bilan bog‘liq emas. Qandaydir dose bo‘lgan. Men to‘g‘ri ishlardim, men uchun bu muhim edi. Bir qarindoshim o‘z vaqtida Karimov bilan juda jiddiy tortishib qolgandi. Uning familiyasini ayta olmayman, bilgan biladi. Hozir u keksa yoshda. U ham prinsipial odam edi, Oliy Kengash majlisida ular chiqisholmay qolishdi.

Bu qarindoshim bilan biz ko‘p ham muloqot qilavermasdik, qarindoshligimiz qudachilik bilan bog‘liq edi. Islom Karimov u bilan qarindosh ekanimizni... Xotiramda qolgani, u [Karimov] gina saqlovchi edi. Lekin men unga ishonardim. Va meni 33 yoshimda Boeing'da uchib ketayotganda, 10 ming metr balandlikda parashyutsiz samolyotdan otib yuborishdi. Bu men uchun og‘riqli bo‘ldi. Chunki men o‘zimning ongli 15 yilimni shu odamga, shu mamlakatga xizmat qilishga bag‘ishlagandim. Uni ideallashtirgandim. Chunki o‘shanda hamma narsani pushti ko‘zoynak bilan ko‘rardim. Shunday holatda qattiq munosabat bo‘lgan menga nisbatan.

Keyinroq menga aybim bo‘lmagani, meni o‘zimga hech qanaqa bog‘liq bo‘lmagan faktorlar sabab ishdan bo‘shatishganini aytishgan.

[...] Umar Safoyevich Ismoilov degan davlat maslahatchisi ishdan bo‘shatilayotganimni aytdi. Nega deb so‘radim. O‘shanda lavozimimdan ketsam, kattaroq mansabga ketaman, deb o‘ylardim, o‘zimga yarasha rejalarim bor edi. Men ham yetarlicha ambitsiyali odam edim. Aytgancha, Islom Abdug‘aniyevichga ambitsioz degan so‘z umuman yoqmasdi. U kareristlarni juda yomon ko‘rardi. Men buni noto‘g‘ri deb hisoblayman.

Umuman olganda, men prezidentning matbuot kotibi bo‘lishim kerak edi. Islom Abdug‘aniyevich mening nomzodimga nisbatan katta savol qo‘ygan va bu yerda besh yil nima qilganim haqida muhokama bo‘lgan. Men ishlaganman. Menga bu yerda tanlovni siz qilmaysiz, nima deyishsa, shuni qilasiz, deyishdi.

O‘shanda men minnatdorchilik so‘zlari bilan ishdan bo‘shashga ariza yozganman. Menga shunday o‘rgatishgan: bu yerda ishlaganim, ko‘p narsani o‘rganganimdan minnatdor ekanim, hayotda ko‘p narsa olganim haqida yozishimni aytishgan. Salomatligim holati sababli, deb yoz deyishgan. Nima, men Adropov yoki Chernenko emasmanki, reanimatsiyada yotgan bo‘lsam, dedim. Shunday yozing, deyishdi. Ham kulging qistaydi, ham alam qiladi. O‘sha vaqtda prezident matbuot xizmati joylashgan xona oldidan anhor oqib o‘tardi. Tashqariga chiqdim. Fevral. Tashqarida sovuq. 2-3 soat yakka-yolg‘iz aylanib yurdim. Tushuna olmayman, nima bo‘ldi, qayerda xato qildim? Sizni cho‘qqida sindirishyapti, tushunyapsizmi?

Qaytdim, qog‘oz so‘radim, “o‘z ixtiyorim bilan, salomatligim tufayli ketmoqchiman”, deb ariza yozdim. Nima qilay, ketaymi, dedim. Yo‘q, borib ishlang, deb yana masxara ham qilishdi”, – dedi sobiq davlat mulozimi.

Sherzodxon Qudratxo‘janing so‘zlariga ko‘ra, u prezident matbuot xizmati ishlagan yillarida (2000-2005 yillar) ko‘p narsani o‘zgartirishga harakat qilgan, lekin bu samara bermagan, o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shab, televideniyega ketmoqchi bo‘lganida esa bunga ruxsat berilmagan.

“Matbuot xizmatida ko‘p narsani o‘zgartirishga harakat qildim. Qayergadir safar bo‘lsa, prezident o‘sha yerga ketdi, shunaqa maqsad bilan deb intervyu berardim. Bu o‘sha vaqtda matbuot kotibiga yoqmasdi. Yoki matbuot anjumani o‘tkazish tarafdori edim. Uch-to‘rt marta shunday holat bo‘lgan, Islom Karimov asabiylashib nega falon holat bo‘lyapti, nega bu narsa yoritilmayapti degan. Men vazirliklarda matbuot kotibi institutini ta’sis etishni taklif qilganman. Chunki yoritishga vakolatli shaxslar yo‘q edi. U qo‘l siltab, bu yechim emas, degan.

Hozir vazirliklarda, hokimiyatlarda matbuot kotiblari bor. Ular uchun o‘quv seminarlari, mashg‘ulotlar o‘tkazamiz. O‘shanda bunaqa narsaga prezident rozi bo‘lmagan. Xafsalam pir bo‘lgan. Yana ketaman deganman. Yana o‘sha davlat maslahatchisi, siz kimsiz bu yerda tanlov qilgani va qayerga ketasiz, degan. Yuqoridan o‘zlari aytmaguncha, shu yerda o‘tirasiz, deyishgan. 15-20 yillab o‘sha yerda qolib ketganlar bor. Men buncha o‘tirishni xohlamasdim, albatta. 25 yoshdaman. Azonlab qishda 7:30 da ishga ketib, tungi 12 da qaytaman. Na rafiqangni, na bola-chaqangni, na ota-onangni ko‘rasan, shu ham hayotmi? Hammayoqda tabu, hammayoqda maxfiylik. O‘zim ham bulardan charchagandim. Lekin mehnat qilgan odam bilan bu tarzda xayrlashish, bunday “minnatdorlik bildirish” – Islom Abdug‘aniyevichning kadrlar siyosatidagi xatoliklar edi.

Bundan jabr ko‘rgan faqat men emasdim, bunaqalar ko‘p bo‘lgan. Qancha yaxshi kadrlar ketdi. Shunchaki allaqanday bir qarindoshi aytgan gap uchun o‘zing ishga olgan, tarbiyalagan odamni sindirish, yosh bir yigitdan o‘ch olish bu oliyjanoblikdan emas”, – deya eslagan Sherzodxon Qudratxo‘ja.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident apparatidan bo‘shatilganidan keyin tajribasini inobatga olib o‘sha vaqtdagi bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga matbuot kotibi sifatida ishga taklif etilgan. Jurnalist bu lavozimda 2005-2008 yillarda faoliyat olib borgan.

Sherzodxon Qudratxo‘ja ko‘rsatuv davomida birinchi prezident Islom Karimov davridagi xatolardan sifatli ta’limga e’tibor berilmagani, tashqi dunyodan izolyatsiyada bo‘lingani, qo‘shnilar bilan munosabatlar iliq bo‘lmagani va konvertatsiyani tilga oldi. “Bu qarorlarni oqlashlar bo‘lgan, lekin vaqt shuni ko‘rsatdiki, bu oqlashlar to‘g‘ri bo‘lmagan”, dedi jurnalist.

“U – murakkab davrda hokimiyat yukini o‘ziga olgan inson. O‘z yo‘lini bosib o‘tdi. Hammaga u boshqacha yo‘ldan yurishi ham mumkin bo‘lgandek tuyuladi. Unda maslahatchilar va maslahat beruvchilar ko‘p edi, lekin u o‘zi tanlagan yo‘ldan – tikanli, murakkab yo‘ldan yurishga qaror qildi. Yo‘l qo‘ygan xatolari ham o‘ziga tegishli. Har qanday siyosatchi xato qiladi. Muvaffaqiyatlari ham o‘ziniki. Shu bilan birga, men ayrim momentlarda boshqacharoq yo‘l tutish mumkin edi, deb o‘ylayman. Men o‘zim hozir ta’lim sohasida ishlayapman va ko‘rib turibmanki, aynan ta’limda, odamlarimizni rivojlantirishda muammolarimiz ko‘p”, – dedi O‘zJOKU rektori.

Mavzuga oid