Uchquduqda o‘quvchilar kinomobilda kino ko‘rishga olib borildi. Bu vaqtda havo qattiq sovuq bo‘lgan
Kun.uz manbasiga ko‘ra, topshiriq Navoiy viloyati hokimligidan berilgan. Tomosha narxi bolalar uchun 10 ming so‘m, kattalar uchun 20 ming so‘m bo‘lgan. Namoyishlar bugun ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Navoiy viloyati Uchquduq tumanida budjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlar hamda maktab o‘quvchilari ko‘chada, kinomobilda film ko‘rishga majburlangan. Bu haqda Kun.uz manbasi ma’lum qildi.
Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berishicha, viloyat hokimligi hamda "Medial Illusion" XK hamkorligida hududga yuk avtomobiliga moslashtirilgan ko‘chma kinoteatr olib borilgan. Ushbu kinomobil ayni paytda viloyatning shimoliy hududlarida filmlar namoyishini o‘tkazmoqda.
Jumladan, 17 fevral kuni soat 16:00 da Uchquduq tumanida badiiy film namoyishi o‘tkazilgan. Manbaga ko‘ra, tumandagi budjet tashkilotlari xodimlari, o‘qituvchi va o‘quvchilar sovuq havoda tomoshaga borishga majburlangan. Chipta narxi bolalar uchun 10 ming so‘m, kattalar uchun 20 ming so‘m qilib belgilangan.
«Tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Jamshid Xalilov tomonidan maktab direktorlariga o‘quvchi olib borish yuzasidan topshiriq berildi. E’tiroz bildirsak ish faoliyatimizni tekshirishga odam yuborib, chora berishadi. Kattalar-ku chidar, bolalarni o‘ylashsa bo‘lardi», deydi Kun.uz jurnalisti bilan gaplashgan, ismini oshkor qilishni istamagan ta’lim sohasi vakillaridan biri.
Kun.uz holatga izoh olish maqsadida Jamshid Xalilov bilan bog‘landi. Uning bildirishicha, topshiriq tuman hokimligidan bo‘lgan.
«Topshiriq qayerdan kelishini hamma biladi, lekin doim uni bajarganimiz uchun biz aybdor bo‘lamiz. Majburlamadik hech kimni, biz faqat boruvchi o‘quvchilar ro‘yxatini shakllantirib berdik», deydi u. Biroq oddiy kino tomoshasi uchun ro‘yxat nega va kimga kerak bo‘ldi, degan savolga javob bera olmadi.
- Eslatib o‘tamiz, «O‘zgidromet» 5 kun oldin 17–19 fevral kunlari O‘zbekiston hududiga sovuq havo oqimi kirib kelishidan ogohlantirgandi. 17 fevral kuni Navoiy viloyatining shimoliy hududlarida kunduzi –3...–8 daraja sovuq bo‘lgan.
Mavzuga oid
11:02 / 19.12.2024
Navoiyda bir maktabdan ketma-ket uch o‘quvchi vafot etdi
09:30 / 04.12.2024
Dunyodagi eng qimmat 10 ta maktab-internat: ularda yillik o‘qish narxi 100 ming dollardan oshadi
23:13 / 28.11.2024
Toshkent viloyatida o‘qituvchi 9-sinf o‘quvchisini kaltakladi
07:30 / 23.11.2024