O‘zbekiston | 18:37 / 20.02.2024
6345
4 daqiqa o‘qiladi

2023 yilda farzandining ta’limiga mas’uliyatsizlik qilgan 12 mingdan ziyod ota-ona jarimaga tortilgan

6 million o‘quvchidan 14 ming nafardan ziyodi muttasil ravishda darsga kelmayotgani aniqlangan. Ularning 9 mingdan ortig‘i ta’limga qaytarilgan. 5 ming nafar o‘quvchi bo‘yicha ham o‘rganish ishlari olib borilyapti.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda ba’zi ota-onalar farzandini xorijga olib chiqib ketishi yoki ularni nazoratsiz qoldirishi oqibatida maktabga muttasil bormaydigan o‘quvchilar qatlami shakllangan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Azamat Kamolov ma’lum qildi.

«O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta’lim majburiy ta’lim hisoblanadi. Biz surunkali dars qoldiruvchi o‘quvchilar bo‘yicha o‘rganishlar olib borganimizda ayrim ota-onalar «uch kunlik safar», «davolanishga ketyapmiz» degan turli sabablarni ko‘rsatib, farzandini xorijga olib chiqib ketgan holatlar aniqlandi. Oqibatda bola surunkali ravishda maktabga kelmagan… Farzandini dars vaqtida maktabga emas, ishlashga jalb qilayotgan ota-onalar ham yo‘q emas. Shuningdek, ota-ona nazorat qilmasligi oqibatda uydagilarga «maktabga ketdim», deb internet-kafe yoki boshqa ko‘ngilochar joylarda vaqt o‘tkazadigan o‘quvchilar borligi ham aniqlanmoqda», dedi u.

Vazirlik vakili ta’lim sifatidan qoniqmay, maktabga emas, repetitorga borayotgan yoki sinfxonalar sovuqligi, yo‘llarning abgor ahvoldaligi sabab darslarda ishtirok etmayotgan o‘quvchilar haqidagi savolga quyidagicha javob bergan:

«Repetitorga, asosan, 10−11-sinf o‘quvchilari xorijiy tillarni o‘rganish yoki oliy o‘quv yurtiga kirishda bo‘ladigan test sinovlariga doir fanlardan tayyorlanishga boryapti. To‘g‘ri, o‘quvchilarning maktabga muntazam kelishi, davomatning yaxshi bo‘lishi ta’lim sifatiga va jozibadorlikka ham bog‘liq. Bugungi kunda ta’lim sifatini yaxshilash borasida ishlar qilinmoqda. Maktablarda ham ingliz tili darslari o‘tilyapti. Lekin o‘quvchi ota-onaning mablag‘ini olib, o‘quv markaziga borib, qo‘shimcha o‘rganyapti. Mana shu kabi muammolarni hal qilish uchun o‘tgan yili 500 nafar xorijiy til mutaxassislari chet eldan keltirildi. Ular Respublika bo‘ylab turli maktablarda xorijiy tilni o‘qitmoqda, barchasining yashash joyi, maoshi davlat tomonidan qoplanmoqda. 2024−2025 o‘quv yilidan boshlab chet tilini o‘rgatish uchun xorijdan yana 1,5 ming nafar malakali mutaxassis olib kelinadi. Bu esa o‘quvchilarning o‘quv markazlariga borishining oldini oladi. Davlat maktablarda umumiy o‘rta ta’lim uchun hammaga teng sharoitni yaratdi. Ayrim ijtimoiy muammolar, albatta, mahalliy hokimliklar ko‘magida hal bo‘ladi. Bu masalalar sababli o‘quvchi darsga kelmasa, inobatga olinadi», dedi boshqarma boshlig‘i.

Azamat Kamolov so‘zlariga ko‘ra, 6 million o‘quvchidan 14 ming nafardan ziyodi muttasil ravishda darsga kelmayotgani aniqlangan. Ularning 9 mingdan ortig‘i ta’limga qaytarilgan. 5 ming nafar o‘quvchi bo‘yicha ham o‘rganish ishlari olib borilyapti.

Uning ma’lum qilishicha, 2023 yilda farzandi tarbiyasida mas’uliyatsizlik qilgan 12 mingdan ortiq ota-ona Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan javobgarlikka tortilgan.

Mavzuga oid