DXX qo‘shni davlatlardan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan narkotik moddalarni to‘xtatib qoldi
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘shni davlatlardan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan narkotik moddalar to‘xtatib qolindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy va Samarqand viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari hamkorligida Nurobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Urgut tumanida yashovchi shaxs Nurobod tumanida istiqomat qiluvchi jinoiy sherigi bilan til biriktirib, Tojikistondan olib kelingan 2 kg 875 gr “opiy” moddasini 40,5 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand-Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina Jomboy tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Urgut tumanida yashovchi 2 nafar shaxsning yonida 1 kg 616 gr “opiy” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent-Farg‘ona yo‘nalishida harakatlanayotgan “Nexia” rusumli avtomashina Namangan viloyatining Pop tumanidagi YPX maskanida to‘xtatildi. To‘xtash jarayonida avtotransport vositasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Bag‘dod tumanida tug‘ilgan shaxs avtomashina oynasidan bir dona paketni uloqtirib yuboradi. Shundan so‘ng, ushbu paket xolislar ishtirokida tekshirib ko‘rilganda, unda 1 kg 915 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi. Aniqlanishicha, mazkur fuqaro tojikistonlik narkokurerlar tomonidan Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan ajal og‘usini olib ketayotgan bo‘lgan. U giyohvandlik vositasini 8 ming AQSh dollariga sotib olgan.
Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Farg‘ona tumanida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs 770 gr “gashish” moddasini 7 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olindi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan ushbu narkotik moddaning haqiqiy egasi Farg‘ona tumanida yashovchi fuqaro ekanligi aniqlanib, u ham ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Mavzuga oid
16:18 / 10.12.2024
Suriyadagi urushda qatnashib, vaziyatni yoritayotgan o‘zbekistonlik shaxs qidiruvda ekani ma’lum qilindi
12:38 / 25.11.2024
Bosh vazir yordamchisi va uning DXX Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan akasi ishdan olindi
15:44 / 24.11.2024
Abdusalom Azizov DXX raisligidan haydalgani tasdiqlandi
19:25 / 23.11.2024