Iqtisodiyot | 22:32 / 21.02.2024
11476
5 daqiqa o‘qiladi

Intellektual mulk huquqi JST talablariga moslashtirilyapti. Nimalar o‘zgardi?

O‘zbekistonda 5 ta qonun Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiqlashtirildi. O‘zgarishlarning katta qismi intellektual mulk sohasiga taalluqli. Xususan, O‘zbekiston fuqarolari va norezidentlar uchun patent boji tenglashtirildi. Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov nimalar o‘zgargani haqida kengroq ma’lumot berdi.

Alisher Karimov

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Unga ko‘ra, 5 ta qonun JST bitimlariga uyg‘unlashtirildi. Kiritilgan o‘zgarishlar intellektual mulk, reklama va dori vositalari bo‘yicha qonunchilikni qamrab oladi.

Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov intellektual mulk qonunchiligida nimalar o‘zgarganini sharhlab berdi.

Rezident va norezidentlar uchun patent boji birxillashtirildi

— Milliy intellektual mulk tizimini JST intellektual mulk huquqining savdo bilan bog‘liq masalalarini tartibga soluvchi bitimi bor – Trips deyiladi. Ushbu bitim talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Butun dunyoda ishlar va xizmatlar savdosida birinchi navbatda yaratilgan ixtirolar, ularga patentlar boshqa davlatlarda himoyalangani muhim hisoblanadi. O‘sha rivojlangan davlatlar tomonidan har qanday munosabatga kirishilganda asosiy talablardan biri hisoblanadi. JST doirasida ham bu masala muhim. 1994 yil 15 aprelda Marokashda JST davlatlari ishtirokidagi xalqaro konferensiyada ushbu bitim qabul qilingan va u intellektual mulk bilan bog‘liq masalalarni tartibga soluvchi asosiy hujjat hisoblanadi.

Davlat boji to‘g‘risidagi qonunda rezident va norezidentlar uchun patent boji o‘rtasida keskin farq bor edi, ya’ni masalan milliy rezidentlar tomonidan patent olish uchun, ixtironi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ekspertizadan o‘tkazib tegishli guvohnomani olish uchun BHMning 1 barobari miqdorida davlat boji to‘lanardi. Xorijiy rezidentlar uchun O‘zbekistonda o‘zining ixtirosini ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning huquqiy himoyasini ta’minlaydigan guvohnoma uchun beradigan arizaga BHMning 17 barobari miqdorida boj undirardik. Bu o‘z navbatida chet ellik ixtiro egalarining O‘zbekistonda o‘zining patentini ro‘yxatdan o‘tkazishga qiziqishini kamaytirardi. Boshqa davlatlarda ixtirosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, O‘zbekistonda ijrosini ta’minlash borasida talabnoma kiritardi. Shu masalani o‘rganib chiqdik. O‘zaro teng rejimni yaratish maqsadida davlat boji stavkalari birxillashtirilmoqda.

Ixtirodan patent egasining ruxsatisiz foydalanganda, uning huquqlari kafolatlanadi

— Hukumat tomonidan patent egasining ruxsatisiz foydalanishga ruxsat berish mumkin bo‘lgan holatlarning aniq ro‘yxati belgilanmoqda. Hukumat bu ro‘yxatni belgilab bersa, ixtiro egasining huquqi qanday ta’minlanadi, degan savol tug‘iladi. Bir narsaga e’tibor qaratishingizni xohlayman, qonunda belgilangan asoslarga ko‘ra birovning patent huquqidan foydalansak ham unga tovon puli to‘lab berilishi nazarda tutilyapti.

O‘zga shaxsga tegishli bo‘lgan sanoat mulki obektidan jamoat ehtiyojlari uchun foydalanish zaruriyati bor. Patent huquqi bunday huquqni bermagan. Bunda sud orqali sanoat mulki obektidan foydalanishga ariza berish mumkin bo‘lgan holatlar belgilanyapti. Jahon savdo tashkiloti bitimida ham, xalqaro konvensiyalarda ham bu bor. Jamoat ehtiyojlari uchun undan foydalanish mumkin. Bunda sud qaror chiqargan patent egasining huquqlarini kafolatlash uchun tovon to‘lash majburiyatini belgilaydi.

Bundan tashqari, qonunda yana quyidagi o‘zgarishlar nazarda tutilyapti:

  • insofsiz raqobat oqibatida ro‘yxatga olingan tovar belgilari mavjud, ularni bekor qilish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalarini kiritishda da’vo muddati bekor qilinyapti;
  • ixtiro va foydali modellarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga belgilangan patent bojining 90 foizi, ta’lim oluvchi shaxslarga, ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlarga 30 foizi, yuridik shaxs bo‘lgan kichik tadbirkorlik sub’yektlariga, davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan ta’lim tashkilotlariga va ilmiy tashkilotlarga 25 foizi miqdorida imtiyozlar berilmoqda;
  • original dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, xususan, dori vositasini yaratish jarayonida o‘tkaziladigan tadqiqotlar natijasida olinadigan klinik oldi va klinik sinovlar natijalarini himoya qilish choralari belgilanmoqda;
  • sanoat mulki obektlaridan tabiiy ofatlar, halokatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda holatlarda foydalanilgan holatlarda ham huquq egasiga belgilangan miqdorda tovon puli to‘lanishini ko‘zda tutuvchi qoidalar kiritildi.

Mavzuga oid