Jamiyat | 19:14 / 21.02.2024
16163
3 daqiqa o‘qiladi

Sovqotmaslik uchun to‘g‘ri ovqatlanish qoidalari ma’lum qilindi 

Sovuq havoda inson tanasi ko‘proq vitaminlar va minerallar, ayniqsa, oqsil moddasini talab qiladi. Shuningdek, issiq taomlar ham muhim. 

Foto: Getty Images

Sovuq kunlarda issiqlik beruvchi taomlar ayni muddao. Bunday havoda tana isishi uchun juda ko‘p energiya sarflanadi. To‘g‘ri ovqatlanish esa organizmning shamollash va o‘tkir respiratorli infeksiyalarga chidamliligini oshiradi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumot berdi. 

Tibbiyot fanlari doktori, professor Nizom Ermatov so‘zlariga ko‘ra, sovuq havoda inson tanasi ko‘proq vitaminlar va minerallar, ayniqsa, oqsil moddasini talab qiladi. Uning tarkibidagi aminokislotalar immunitetni ko‘tarib, mikroblarga qarshi kurashda yordam beradi. 

Tarkibida issiqlik saqlovchi mahsulotlarga grechka va jo‘xori yormalari, piyoz, sarimsoqpiyoz, yerqalampir, qalampir, zira, turshak, mayiz, baliq, qo‘y, mol, tovuq go‘shti, sut mahsulotlari, zanjabil choyi, arpabodiyon choyi va qahva kabi mahsulotlar kiradi. 

Nutritsiologlar vazn tashlash uchun qishda parhezdan foydalanishni tavsiya etmaydi. Aksincha, aynan shu vaqtda organizm dam olishi va kuch yig‘ishi kerak. 

Sovuq mavsumda qizil va qora qalampir, zanjabil, dolchin kabi issiq ziravorlardan foydalanish tavsiya etiladi. Ularning tarkibidagi qizdiruvchi moddalar ovqat hazm qilish tizimining retseptorlarini qo‘zg‘ab, qonni tomirlar bo‘ylab tezroq aylanishi va issiqlikni ta’minlaydi. 

Qishda kam miqdorda yog‘li go‘sht iste’mol qilib turish ham zarar qilmaydi. Unda sovuqqa qarshi turish uchun zarur bo‘lgan araxidon kislotasi mavjud. Vitaminlarga boy mol, qo‘y jigari qishda A vitamini manbai sifatida organizm uchun zarur bo‘ladi. Xamirli ovqatlar ham tanani isitish uchun xizmat qiladi. Bunday taomlar qish uchun juda mos keladi. 

Qayd qilinishicha, issiq, to‘yimli ovqat iste’mol qilish qishning sovuq kunlarida odamlarning kayfiyatiga ijobiy ta’sir qiladi. Ayniqsa, tovuqli sho‘rva organizmda proteinning kerakli darajasini saqlab qolish uchun muhim taomdir. 

Shakar iste’molini cheklash salomatlik uchun ahamiyatli. Issiq va achchiq qahva organizmga undan ko‘ra ko‘proq tetiklik bag‘ishlaydi.

Mavzuga oid