Jahon | 09:40 / 21.02.2024
5431
3 daqiqa o‘qiladi

Sud jurnalist Evan Gershkovichni hibsda qoldirdi

Moskva shahar sudi Gershkovichning hibsga olish muddatini uzaytirish haqidagi Lefortovo tuman sudi qarori ustidan shikoyatini rad etdi. 

Foto: Evgenia Novozhenina/REUTERS

Moskva shahar sudi amerikalik jurnalist Evan Gershkovichni hibsga olish muddatini uzaytirish haqidagi Lefortovo tuman sudi qarori ustidan berilgan apellyatsiyani rad etdi. U 30 martga qadar hibsda saqlandi. Bu haqda 20 fevral, seshanba kuni Moskva sudlari matbuot xizmati xabar berdi. 

Evan Gershkovich ishi 

The Wall Street Journal muxbiri Evan Gershkovich 2023 yilning 29 martida Yekaterinburgda qo‘lga olingan va keyinchalik josuslikda ayblangan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalist «Amerika tomonining ko‘rsatmalariga binoan Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalaridan biri faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagan». Gershkovichning o‘zi ham, nashr ham ayblovlarni rad etadi. Oq uy ularni «bema’ni» deb atadi. 

Gershkovich Vadim Krasikovga almashishga tayyor 

Yaqinda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan intervyuda amerikalik jurnalist Taker Karlson unga Gershkovichni «yaxshi niyat belgisi sifatida» ozod qilishni taklif etdi, shunda Karlson uni Qo‘shma Shtatlarga olib ketishi mumkin bo‘lardi. Bunga javoban Putinning aytishicha, Rossiya shunchalik ko‘p xayrixohlik ko‘rsatganki, u «barcha limitni tugatganga o‘xshaydi». Shunga qaramay, Putin Gershkovichni almashish variantini rad etmadi. 

The Wall Street Journal 2023 yil sentabrida Putin Rossiya maxsus xizmatlari xodimi ekani aytilayotgan Vadim Krasikovni ozod qilishga shaxsan buyruq berganini yozgan edi. Krasikov Germaniyada chechen bo‘lginchilarining sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xanqoshvilini o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Krasikovning ismi Rossiyada josuslikda ayblanib sudlangan AQSh fuqarolari Pol Uilan va jurnalist Evan Gershkovichni almashish bo‘yicha muzokaralar chog‘ida tilga olingan. 

Mavzuga oid