O‘zbekiston | 17:29 / 21.02.2024
9247
3 daqiqa o‘qiladi

Uch viloyatda noqonuniy yer sotish holatlarining oldi olindi

Samarqandda 1 gektar yerni 13 ming dollarga, Qashqadaryoda esa 12 sotix yerni 10 ming dollarga sotishga uringan shaxslar ushlandi.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Samarqand, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida noqonuniy ravishda yer maydonlarini sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.

Departamentning Ishtixon tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda O.D. ismli shaxs fuqaro O.A.ga «E.A.» fermer xo‘jaligining 1 gektar yer maydonini firibgarlik yo‘li bilan 13 ming dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, departamentning Bulung‘ur tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda M.A. ismli shaxs fuqaro N.Q.ga 35 sotix zaxiradagi yer maydonini 24 ming dollarga kadastr hujjatlarini uning nomiga rasmiylashtirib olib berishini aytib, oldindan 11 ming dollar olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Qarshi shahar bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa A.S. va S.A. ismli shaxslar «Parg‘uza» MFY hududidagi 12 sotix zaxiradagi yer maydonini fuqaro N.T.ga go‘yoki kadastr idoralarida ishlovchi tanishlari yordamida rasmiylashtirib olib berishi evaziga 10 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Departamentning Jizzax viloyat boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda  M.X. ismli shaxs fuqaro S.S.ning ishonchiga kirib, unga Mirzacho‘l tuman «Mirzadala» ShFYda joylashgan 6 sotix zaxiradagi yer maydonini qalbaki hujjatlar orqali o‘ziniki ekanligini aytib, ushbu yer maydonini 6,4 ming dollarga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar orqali ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid