O‘zbekiston | 11:20 / 21.02.2024
8224
8 daqiqa o‘qiladi

Uyga qamalayotgan bolalar – ifloslangan havo badalini bolalar to‘laydimi?

Havo ifloslanishidan eng ko‘p jabr chekuvchilar bolalar hisoblanadi. O‘zbekistondagi oxirgi havo ifloslanishi hodisalari sabab bolalarning allergik kasalliklarga chalinish holatlari kuzatilyapti. Havoda zararli moddalar miqdori oshib ketgan kunlari bolalar uyda qamalib o‘tirishga majbur. Bolasining sog‘ligi sabab yashash joyini o‘zgartirishni rejalashtirayotgan oilalar ham bor.

Foto: Kun.uz

So‘nggi vaqtlarda insonlarni tashvishga solayotgan holatlar qatoriga havo ifloslanishi hodisasi ham qo‘shildi. Poytaxt Toshkent havosi eng iflos shaharlar reytingida tez-tez top o‘rinlarga chiqyapti. Boshqa hududlarda ham ahvolni havas qilarli deb bo‘lmaydi.

Afsuski, havo ifloslanishidan kattalarga qaraganda ko‘proq bolalar jabr ko‘radi. Doimiy ifloslangan havodan nafas olish ularning sog‘ligida qisqa va uzoq muddatda turli xavflarni keltirib chiqarishi mumkin.

Nega bolalar ko‘proq zaharlanadi?

Bolalar o‘suvchan organizm hisoblanadi. Ularning hali rivojlanish jarayonida bo‘lgan miya va o‘pkalari zararli havoga nisbatan ta’sirchan.

Bolalarning immun tizimi ham kattalarnikiga nisbatan kuchsizroq, bu esa turli virus, bakteriya va mikroblarga nisbatan bolalar ta’sirchan bo‘lishini anglatadi.

Qolaversa, bolalar kattalarga qaraganda ko‘proq nafas oladi (Ko‘p hollarda og‘zi bilan ham). Bu holat ularning ko‘proq zaharli moddalarni yutishlariga sabab bo‘ladi.

Yana bir tarafi bolalarning bo‘ylari hali uzun bo‘lmasligida. Ular yerga nisbatan yaqinroq yurishadi. Havodagi zararli moddalarning konsentratsiyasi ham yerning pastki qismida yuqoriroq darajada bo‘ladi.

JSSTning 2018 yilgi ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 93 foizi ifloslangan havodan nafas oladi. Asosan, past va o‘rta daromadli davlatlarda yashovchi bolalar bunga mahkum.

Doimiy ifloslangan havoning ta’siri qanday namoyon bo‘ladi?

Quruq va qichishgan ko‘zlar, bosh og‘rig‘i, allergiya, charchoq, qisqa-qisqa nafas olish kabilar namoyon bo‘lishi mumkin. Chaqaloqlarda esa nafas olishda zo‘riqishlar kuzatilishi mumkin.

Astma bilan og‘rigan insonlarda kuchliroq astma xurujlari, yo‘tal, xirillash kabi holatlar bilan namoyon bo‘ladi.

Homiladorlik davrida ifloslangan havodan nafas olish oqibatida erta tug‘uruq, me’yordan kam vaznli bola tug‘ilishi holatlari kuzatilishi mumkin. Havo ifloslanishi nerv tizimi rivojlanishi va kognitiv qobiliyat shakllanishiga ham salbiy ta’sir qiladi, astma, kichik yoshdagi saraton xavfini paydo qiladi. Yuqori darajadagi havo ifloslanishini boshdan kechirgan bolalar yurak-qon tomir, nafas yo‘llari kasalliklari kabi surunkali dardlarga chalinishi ehtimoli bor.

O‘zbekistonda havo ifloslanishi bolalarga qanday ta’sir qilyapti?

So‘nggi paytlarda kuzatilayotgan havo ifloslanishi bolalarning sog‘ligida qanday aks etayotgani haqida bilish uchun onalarning fikrlari bilan qiziqdik.

  • “2021 yil noyabrda Toshkentda kuchli chang bo‘roni bo‘lgandi. Shu paytdan boshlab qizimda allergiya paydo bo‘ldi. Shamollamagan holatida ham burun qichishishi, bitishi holatlari kuzatiladi. Kuzatganman, allergiyasi ovqat bilan emas, havo bilan bog‘liq. Kichik farzandim esa ob-havoning ifloslik darajasi oshganda uxlashi qiyinlashadi, uyqusida ko‘p bezovta bo‘ladi”.
  • “Poytaxtga kelganimizga 2 oy bo‘ldi. Allergiyam qo‘zg‘alib qoldi. O‘zim ham, 10 oylik bolam ham havo sabab qiynalyapmiz. Viloyatga qaytsakmi deb turibman”.
  • “Iflos havo hammaga birday ta’sir qilyapti. Respirator kasalliklar ham shuning uchun ko‘payyapti deb o‘ylayman. 2 yashar o‘g‘limning o‘pkasigacha shamollash o‘tdi. Emlash olganimizga qaramay hozir ko‘kyo‘tal bo‘lib qolgan”.
  • “Qizimda allergiya kuzatilyapti, har kuni burni bitib uyg‘onadi. Charchoq, uyquga to‘ymaslik, allergik yo‘tal bezovta qilyapti”.
  • "3 farzandim bor, kichigi 1,5 yosh. Uyimizga yaqin joyda qurilish bo‘lyapti. Bolamning burni tez-tez oqadi yoki bitib qoladi".
  • "Asli Yakkabog‘danman. Otamning hovlisiga borsak, bolamning ishtahasi, uyqusi yaxshilanib qoladi. Toshkentda esa injiq bo‘lib qoladi. Havolardagi farqni shundan bilaman".
  • "Qizimda yo‘tal, burun oqishi, ko‘z qizarishlari ketmayapti. Ko‘chada aylanib kelsa yana bu asoratlar zo‘rayib qoladi".
  • 2021 yilning oxirida kuchli chang bo‘lgan payti bolam qattiq kasal bo‘ldi. Shundan beri allergiyasi bor, yo‘talib qoladi. Ko‘chada yugursa, kuchli yo‘tal tutadi. Bolamizning holatiga qarab markazdan uzoqroqdan, tog‘ga yaqinroq yerdan uy-joy qilmoqchimiz".
  • "Yanvarning boshidan beri ikkala o‘g‘limda ham shamollashga moyillik oshdi”.

Onalarning aytishicha, ular bolalarini mashinalar qatnaydigan yo‘llardan uzoqroqda sayr qildirishga harakat qilyapti. Havo iflosligi darajasi yuqori bo‘lgan kunlarda esa ko‘chaga chiqishning ham imkoni bo‘lmayapti. Ba’zilar havo sifatini tozalab beruvchi texnikalar xarid qilishgan. Yashash joyini o‘zgartirish rejasini tuzayotgan oilalar ham bor.

Biror chora ko‘rsa bo‘ladimi?

Yomon tarafi shundaki, havo ifloslanishi bilan kurashib uni birdaniga tugatib bo‘lmaydi. Bu esa bolalarning toza havodan nafas olishiga sharoit qilib berish qo‘limizdan kelmasligini anglatishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, havo ifloslanishining bolalarga ta’sirini kamaytirishga harakat qilish mumkin.

Avvalo, hukumat tomonidan havo sifatini yaxshilashga qaratilgan uzoq muddatli choralar ko‘rilishi lozim. Ularni kechiktirish o‘sib kelayotgan yangi avlodning sog‘ligi uchun jiddiy xavf bo‘lishi ehtimolini nazardan qochirmaslik zarur.

Qolaversa, sog‘liqni saqlashga mas’ullar havo ifloslanishi sharoitida ota-onalar bolalarni qay tarzda maksimal asrashi mumkinligi haqida tavsiyaviy materiallar, videoroliklar ishlab chiqishi zarur. Havo ifloslanishi yuqori bo‘lganda ham bolasini bilmasdan ko‘chada olib yurgan onalar bo‘lsa, bunday ogohlantirish roliklarini ko‘rib, qanday yo‘l tutishi kerakligi haqida xabardorligi oshadi.

Qolaversa, bolalar o‘rtasida ko‘payayotgan mavsumiy shamollash va gripp kasalliklarining ham havo sifatiga bog‘liqligi bor-yo‘qligi bo‘yicha o‘rganishlar olib borilishi, umuman, bolalar sog‘ligi haqida ko‘proq qayg‘urilishi kerak.

Ota-onalar nima qila oladi?

Havo sifatini tekshirib turish, agar ifloslanish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lsa, uyda qolish;

Bola bilan mashinalar tirband ko‘chalarda emas, tinchroq va daraxtlari ko‘proq hududlarda birga sayr qilish;

Xonalarni ozoda saqlash, agar imkon bo‘lsa, havo tozalagich sotib olish;

Eng muhimi, bolada sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sog‘lom ovqatlanishiga e’tiborli bo‘lish zarur.

Bolaga ifloslangan havo uning sog‘ligiga qanchalik zararligi haqida u tushunadigan tarzda ma’lumot berish, uning ham ogohlik darajasini oshirish kerak. 

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi

Mavzuga oid