Sport | 21:10 / 23.02.2024
46727
3 daqiqa o‘qiladi

FIFA «Bunyodkor» klubi Rivaldo va Denilsonga qariyb 9,5 million yevro to‘lab berishi haqida qaror qabul qildi

FIFA dissiplinar qo‘mitasi «Bunyodkor» klubi va jamoaning sobiq o‘yinchilari Rivaldo hamda Denilson o‘rtasida uzoq davom etayotgan moliyaviy tortishuv bo‘yicha qaror qabul qildi.

Foto: Tribuna.uz

Tribuna.uz manbasi taqdim etgan hujjatlarga ko‘ra, FIFA «Bunyodkor» klubining Rivaldo oldidagi qarzdorligi – 8,1 million yevro, Denilson oldidagi qarzdorlik – 1,1 million yevro mablag‘ni to‘lash bo‘yicha qarorni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga yuborgan.

FIFA tartib-intizom qo‘mitasi a’zolari 22 fevral kuni «Bunyodkor» klubi va braziliyalik o‘yinchilar o‘rtasidagi mazkur ish bo‘yicha qarorni qabul qilgan. FIFA qarorida quyidagilar ma’lum qilingan:

«Bunyodkor» va Rivaldo o‘rtasidagi ish bo‘yicha:

1. «Bunyodkor» klubi FIFA nizolarni hal qilish palatasining 2017 yil 21 sentabrda qabul qilgan qarorini to‘liq bajarmaganlikda aybdor deb topilgan. Bu Sport arbitraj sudi tomonidan 2023 yil 6 noyabrda chiqarilgan qarorda to‘liq tasdiqlangan.

2. «Bunyodkor» klubi FIFA nizolarni hal qilish palatasi va CAS qaroriga ko‘ra, Rivaldo Vitor Borba Ferreyrega quyidagilarni to‘lashi shart:

2 489 947 yevro – klub tomonidan braziliyalik futbolchiga to‘lanmagan mukofot puli hamda yillik 5 foiz ustama;

5 664 000 yevro – shartnoma bekor qilinishi sababli tovon puli hamda yillik 5 foiz bonus.

10 ming Shveytsariya franki – arbitraj sudi jarayonida xarajatlar uchun tovon puli.

«Bunyodkor» va Denilson o‘rtasidagi ish bo‘yicha:

1. «Bunyodkor» klubi FIFA nizolarni hal qilish palatasining 2017 yil 21 sentabrda qabul qilgan qarorini to‘liq bajarmaganlikda aybdor deb topilgan. Bu Sport arbitraj sudi tomonidan 2023 yil 6 noyabrda chiqarilgan qarorda to‘liq tasdiqlangan.

2. «Bunyodkor» klubi Denilson Martinsh Nasimentoga quyidagilarni to‘lashi shart:

700 000 AQSh dollari – klub tomonidan braziliyalik futbolchiga to‘lanmagan mukofot puli hamda yillik 5 foiz ustama;

400 000 AQSh dollari – kelishuv shartlari buzilganligi uchun tovon puli hamda yillik 5 foiz bonus.

10 ming Shveytsariya franki – arbitraj sudi jarayonida xarajatlar uchun tovon puli.

Qayd etilishicha, FIFA tomonidan «Bunyodkor» klubiga 30 kun ichida ushbu mablag‘ni to‘lash muhlati berilgan. Aks holda tashkilot tomonidan tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilingan.

Shuningdek, har ikki futbolchi bo‘yicha «Bunyodkor» klubi 30 000 ming shveysar franki miqdorida jarimaga tortilgan.

Eslatib o‘tamiz, Rivaldo 2008-2010 yillar davomida «Bunyodkor» klubi sharafini himoya qilib, uch karra O‘zbekiston chempioni bo‘lgan edi. Denilson esa 2010 yil Toshkent klubi safida chempionlikka erishgan, Oliy Ligada 14 o‘yinda 4ta gol, OChLda esa 6 o‘yinda 5ta golga mualliflik qilgandi.

Mavzuga oid