O‘zbekiston | 16:56 / 23.02.2024
6644
4 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda qum-shag‘al qazib olish bilan bog‘liq 83 ta huquqbuzarlik aniqlandi

Bu holatlar yuzasidan 287 million so‘m jarima qo‘llangan.

Foto: Ekologiya vazirligi axborot xizmati

Surxondaryo viloyatida qum-shag‘al qazib olish bilan bog‘liq 83 ta huquqbuzarlik aniqlanib, 287 million so‘m jarima qo‘llandi, deb xabar bermoqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, Milliy gvardiya boshqarmasi, yo‘l-patrul xizmati hamda «Xavfsiz daryo» DUK tashkilotlari hamkorligida viloyat bo‘ylab doimiy reyd tadbirlari amalga oshirilmoqda. Yil boshidan bugunga qadar yer-suv hamda noruda materiallarini noqonuniy qazib olishga qarshi 132 ta profilaktik tadbir amalga oshirilgan bo‘lib, shundan 99 ta holatda huquqbuzarlik aniqlangan. Shundan noruda materiallarini noqonuniy qazib olish bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 70-moddasi 1-qismi va 71prim 1-moddasi bilan 29 ta holat, MJTKning 65-82-95-moddalari bilan 54 ta holatda 287 million so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan. Huquqbuzarliklarning o‘n oltitasi yer-suv bilan bog‘liq.

15 ta holatda tabiatga umumiy hisobda 15 million so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan va bu zarar huquqbuzarlardan undirilmoqda. 

Navbatdagi reyd tadbirlari davomida ham bir qator huquqbuzaliklar aniqlandi. Jumladan, Jarqo‘rg‘on tumanida huquqbuzar tumanning Gulhovuz mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Surxon daryosi o‘zanidan o‘zining maxsus texnikasi orqali qum noruda materialini qazib olayotgani aniqlandi. Unga nisbatan BHMning 30 barobari – 10 million 200 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llangan. Huquqbuzar belgilangan jarima hamda tabiatga yetkazilgan zararni (3 million 300 ming so‘m) to‘laydigan bo‘ldi.

Shuningdek, Denov tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Denov tumani Arab mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Qizilsuv daryosi o‘zanidan qum-tosh qazib olinayotgani aniqlandi. Holat natijasida tabiatga 2 million 550 ming so‘m zarar yetkazilgan. Huquqbuzar K.A.ga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 30 barobari – 10 million 200 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llandi. U jarima hamda yetkazilgan zararni to‘laydigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, Sariosiyo tumanidagi Anorzor mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Obizarang daryosi qirg‘oqlaridan tosh-qum qazib olayotgan fuqaro Q.X.ga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Huquqbuzar BHMning 10 barobari – 3 million 400 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi. 

Oltinsoy tumani hududida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida esa Oltinsoy daryosi o‘zanidan fuqarolar T.Y. va A.B. maxsus texnika yordamida qum-tosh mahsulotlarini noqonuniy ravishda qazib olayotgani aniqlandi. Holat yuzasidan fuqarolarning har biriga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Huquqbuzarlardan ikki holat oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar (4 million 490 ming so‘m) hamda BHMning 30 barobari – 10 million 200 ming so‘m miqdorida jarima undiriladigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, fuqaro B.B. Termiz tumani hududidan oqib o‘tuvchi daryo o‘zanidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olayotgan vaqtida qo‘lga tushdi. Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 30 barobari – 10 million 200 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llandi. Shuningdek. B.B. tabiatga yetkazilgan zarar – 3 million 450 ming so‘mni ham to‘laydigan bo‘ldi.

Reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid