O‘zbekiston | 10:33 / 24.02.2024
34331
2 daqiqa o‘qiladi

«Baxti Tashkentskiy»ning akasi Shuhrat Qudratullayev qo‘lga olindi

U tovlamachilikda ayblanib, qidiruvga berilgandi.

Foto: IIB

«Baxti Tashkentskiy» Baxtiyor Qudratullayevning akasi Shuhrat Qudratullayev qo‘lga olingan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

1966 yilda tug‘ilgan Shuhrat Qudratullayev oldinroq Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida tergovdan qochib yashiringan edi.

U bilan birga yana ikki kishi – 1964 yilda tug‘ilgan Husan Isomiddinov hamda 1988 yilda tug‘ilgan Feruz Vapayevga nisbatan ham qidiruv e’lon qilingandi. Ushbu shaxslarni ko‘rgan yoki qayerda ekanligi haqida ma’lumotga ega bo‘lganlardan Toshkent shahar IIBBga murojaat qilish so‘ralgan.

Oldinroq «Baxti Tashkentskiy»ning ikki o‘g‘li – Begzod Baxtiyorovich Zafarov hamda Qudratullayev Ixtiyor Baxtiyor o‘g‘li ham jinoyat sodir etishda gumonlanib qo‘lga olingandi.

Eslatib o‘tamiz, Baxtiyor Qudratullayev dekabr oyi boshida qo‘lga olingan, mayda bezorilik va ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan uchun 15 sutkaga qamalgan, bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 165-modda 3-qismi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik), 276-modda 2-qismi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev Baxtiyor Qudratullayev uyushgan guruh tarkibida harakat qilgani va bunday ayblov uchun dalillar yetarli ekanini aytgandi.

Mavzuga oid