Jahon | 19:59 / 25.02.2024
23566
8 daqiqa o‘qiladi

Maydan, 2014 yil fevrali. Hal qiluvchi kunlar fotoxronikasi

10 yil muqaddam Kiyevda prezident Viktor Yanukovich va namoyishga chiqqan o‘n minglab ukrainlar o‘rtasidagi qarama-qarshilikda asosiy voqealar bo‘lib o‘tgandi. Yanukovich Yevroittifoq bilan kelishuvdan yuz o‘girib, Rossiya bilan yaqindan integratsiya tomon yo‘l tutishiga qarshi namoyishlar prezidentning qochishi va Ukrainaning G‘arb mamlakatlari bilan hamkorlik yo‘nalishidagi global o‘zgarishlar bilan yakunlangandi. Quyidagi fotojamlanmada Kiyevdagi Yevromaydanning so‘nggi, hal qiluvchi pallalari haqida hikoya qilinadi.

Prezident Yanukovich Yevropadan yuz o‘girib, Rossiya tomon o‘girilishiga qarshi 2023 yil noyabr oyi o‘rtalarida boshlangan namoyishlar vaqt o‘tib so‘na boshlaydi. Ammo 29 noyabrdan 30 noyabrga o‘tar kechasi IIVning «Berkut» nomli maxsus bo‘linmasi jangchilari palatkalar lagerini kuch bilan tarqatishi va talabalar orasidagi ilk qurbonlar yangi norozilik to‘lqinini keltirib chiqaradi va Kiyev markazidagi maydon yana deyarli har kuni odamlar bilan to‘la boshlaydi.

2013 yil dekabr va 2014 yil yanvarida Kiyevda maxsus topshiriqli bo‘linma otryadlari bilan shiddatli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tadi, ular avvaliga Mustaqillik maydonini va palatkalar lagerini namoyishchilardan tozalashga harakat qilishadi, keyin esa maydondan hukumat kvartallari va Ukraina parlamenti tomon borish yo‘llarini to‘sib qo‘yadi.

Namoyishchilar va maxsus topshiriqli bo‘linmalar o‘rtasidagi pozitsion kurashlardan keyin Grushevskiy va Institutskaya ko‘chalaridagi barrikadalarda Maydan va kuchishlatar tuzilmalar o‘rtasida chegara hosil bo‘ladi.

Maydonning o‘zida deyarli har oqshom Kiyev aholisi va Ukrainaning boshqa shaharlaridan kelganlar ishtirokida mitinglar o‘tkaziladi. Yevrointegratsiya bo‘yicha kelishuvga qaytish haqidagi dastlabki talablarga yangidan yangilari qo‘shiladi: namoyishlarni kuch bilan tarqatganlarni jazolash, qo‘lga olingan namoyishchilarni ozod etish va Ukraina hukumati yig‘ilishlar o‘tkazish va so‘z erkinligiga qo‘ygan cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risidagi takliflar.

O‘zini o‘zi mudofaa qilish otryadlari tuzilishi noyabr oyi oxirida boshlangandi. Fevral oyiga kelib, muxolifat yetakchilariga ko‘ra, barrikadalarda navbatchilik qiluvchi guruhlar safiga besh mingdan ortiq kishi yozilgandi.

«Olovda toblanganlar yonmaydi», — deyiladi Taras Shevchenko aks etgan graffitida (yuqoridagi surat). Maydan Viktor Yanukovichning turli siyosiy oqimlardagi raqiblarini jamlaydi. Rossiya propagandasi tiliga tushgan va mamlakatda taqiqlangan tashkilot hisoblanuvchi «O‘ng sektor» radikal millatchilar oqimi vakillarini birlashtirgan va UPA (XX asrda Ukraina isyonchi armiyasi) bayrog‘idagi qizil va qorani o‘z ranglari sifatida tanlagan. Suratlardagi ayollardan biri — parlamentdagi «Batkivshchina» partiyasi yetakchisi Yuliya Timoshenkoning tarafdori, Maydandagilarning talablaridan biri uni hibsdan ozod etish bo‘lgandi.

Fevral o‘rtalariga kelib yanvardan buyon namoyishlarga hamrohlik qilgan sovuq harorat chekinadi. Namoyishchilar ko‘chalardagi qor uyumlari qoldiqlarini qoplarga yig‘ib, barrikadalarni mustahkamlaydi.

Fevralning ilk haftalarida barrikadalardagi vaziyat ancha xotirjam edi.

Fevral oyi o‘rtalariga qadar mo‘rt muvozanat saqlanib qoladi: prezident Viktor Yanukovich qisman yon beradi va koalitsion hukumat tuzilishiga rozi bo‘ladi. Namoyishchilar Kiyev markazida egallangan qator hukumat binolarini bo‘shatadi, Ukraina g‘arbidagi bir qancha oblastlarning binolari ham ixtiyoriy ravishda tark etiladi.

Ammo 18 fevral kuni barchasi yangidan avj oladi. Oliy rada binosi tomon «Tinch yurish» (namoyish yetakchilari buni shunday atagan) «Berkut» otryadlari qarshiligiga uchraydi va ayovsiz mushtlashuv kelib chiqadi.

O‘zini o‘zi mudofaa qilish otryadlari a’zolarining aksar qismi faqat tayoq, so‘yil va yonuvchan suyuqlik to‘ldirilgan butilkalar bilan qurollanib, qalqonlar bilan himoyalangandi. Bu to‘qnashuvlar boshlangan mahalda huquq-tartibot organlari xodimlarida odatda olomonni tarqatishda qo‘llanadigan vositalar, jumladan ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va rezina o‘qlar bo‘lgan.

Namoyishchilar orasida Maydanning chiniqqan himoyachilari ham, oddiy o‘tkinchilar ham bor edi.

O‘sha kuni o‘nlab namoyishchilar jiddiy tan jarohatlari olishadi.

Militsiya xodimlari orasida ham jabrlanganlar bo‘lgan.

O‘zini o‘zi mudofaa kuchlari «Berkut» Maydan himoyachilarining pozitsiyalariga yorib kirishiga qarshilik ko‘rsatadi.

Barrikadalarda to‘plangan yuzlab avtomobil g‘ildiraklari yana alanga oladi.

18 fevral kuni kun oxiriga kelib barrikadalar buzib tashlanib, politsiya otryadlari Mustaqillik maydoniga yorib kiradi.

Butun tun bo‘yi Maydanda yong‘inlar davom etadi. Maxsus topshiriqli bo‘linmalar oldingi pozitsiyalariga qaytadi.

Tongda Maydan himoyachilari maydonda gulxanlar qoldiqlaridan barrikadalarni tiklay boshlaydi.

Maydan yaqinidagi Mixaylovskiy soborida militsiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda jarohat olganlar uchun dala hospitali tashkil etiladi.

Vaziyat 20 fevral tongida keskin yomonlasha boshlaydi. Institutskaya ko‘chasi bo‘ylab «Berkut» pozitsiyalariga yurish qilgan namoyishchilar guruhi avtomatlardan o‘qqa tutish bilan qarshi olinadi. Qo‘lbola qalqonlar o‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlari a’zolarini himoya qila olmasdi. Bir soat ichida o‘nlab kishilar o‘ldiriladi va yaralanadi.

Yuzlab xorijlik jurnalistlar ishlagan «Ukraina» mehmonxonasining birinchi qavati Institutskaya ko‘chasida yaralanganlarga yordam beriladigan shifoxonaga aylantiriladi.

Maydonga kirish joylari to‘silgan va yaradorlarni kvartallar oralab tez yordam mashinalariga tashishadi.

O‘sha kuni o‘nlab kishilar vafot etadi. O‘sha kuni va undan oldingi kunlarda halok bo‘lganlar «Samoviy yuztalik» deb ataladi va Institutskaya ko‘chasining Mustaqillik maydoniga ulovchi qismi ularning sharafiga ataladi. Qurolsiz odamlarga kim o‘t ochgani borasida munozaralar kechadi, ammo «Berkut»ning bir necha xodimi namoyishchilarga qarshi o‘qotar qurol qo‘llashda ayblanadi.

Keyingi kuni Kiyevga yevropalik muzokarachilar delegatsiyasi keladi va vaziyat tezlik bilan o‘zgara boshlaydi. Maxsus topshiriqli kuchlar o‘z pozitsiyalaridan chekinadi va Oliy rada atrofidagi to‘siqlarni olib tashlaydi. Kun oxiriga kelib prezident Yanukovich muxolifatchi partiyalar talablarini bajarishga rozi bo‘lgani e’lon qilinadi.

Maydondagi yana bir namoyish muxolifatchilarning Yanukovich bilan kelishib olgani haqidagi xabarni g‘azab bilan qarshi oladi, o‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlari prezident ketishi kerakligini aytishadi. Ammo 2014 yil 21 fevral kuniyoq Maydan g‘olib bo‘lgani ayon edi. Tunda Viktor Yanukovich Kiyevdan qochib ketgani haqida xabar tarqaladi. Qrim Rossiya qo‘shini tomonidan egallanishiga bir haftadan ortiqroq vaqt qolgandi, Igor Strelkov (Girkin) Donetsk oblastidagi Slovyansk shahrida paydo bo‘lishiga — bir yarim oy, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanishiga esa — sakkiz yil.

Mavzuga oid