«Falastinga ozodlik!» – amerikalik harbiy Isroilning Vashingtondagi elchixonasi oldida o‘zini yoqib yubordi
25 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:00 da AQSh poytaxti Vashingtondagi Isroil elchixonasi oldida noodatiy voqea sodir bo‘ldi. Harbiy kiyimdagi odam ustidan tez yonuvchi yonilg‘i quyib o‘ziga o‘t qo‘ydi. Yaqin atrofdagi politsiyachilar tezda olovni o‘chirib, o‘z joniga qasd qilgan harbiyni kasalxonaga olib borgan. Pentagon u vafot etganini ma’lum qildi.
«Bu falastinliklar chekayotgan azob oldida hech narsa emas»
Keyinroq o‘z telefonida jarayonni tasvirga olgani ma’lum bo‘ldi va video internetda tarqaldi. Avvaliga video Twitch videostrimida paydo bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoq videoni o‘z joniga qasd qilishga undovchi tasvirlar deb topib o‘chirib tashladi. Ammo kadrlar tezda boshqa tarmoqlarda ham tarqalishga ulgurdi.
Videoda harbiy o‘zini AQSh Harbiy havo kuchlari tarkibida xizmat qiluvchi Aaron Bushnell sifatida tanishtirgan.
«Men AQSh harbiy-havo kuchlarining faol a’zosiman va ortiq geotsidning bir qismi bo‘lishni istamayman. Shu bois, bunga keskin e’tirozimni shu tarzda bildirmoqchiman. Ammo bu falastinliklar bosqinchilar qo‘lidan chekayotgan azoblar oldida hech narsa emas», degan harbiy norozilik aksiyasini boshlashdan avval.
Keyin telefonini bir nuqtaga qotirib qo‘ygan yigit Isroil elchixonasi panjaralari yaqiniga borib ustidan benzinga o‘xshash tez yonuvchan suyuqlikni sepadi. Videoda suyuqlik termosda olib kelinganini ko‘rish mumkin. Yigit ustidan suyuqlik quygach, qattiq hayajon sabab dastlab bir necha urinishda qo‘lidagi o‘t oldirgichni yoqa olmaydi.
U hali olovni yoqishidan avval qilayotgan harakatlari va termos yerga tushib qasirlagani atrofdagi politsiyachilar va o‘tkinchilarning e’tiborini tortadi. Bir kishi undan «Janob, sizga yordam bera olamanmi?» deb so‘raydi. Ammo harbiy baribir o‘ziga o‘t qo‘yib, yonayotgan ko‘yi bir necha marta «Free Palastine» deb baqiradi.
Atrofdagi politsiyachilar tezda yetib kelib odamlardan o‘t o‘chirgich so‘raydi. Bir necha kishi olovni o‘chirishga muvaffaq bo‘ladi. Voqea sodir bo‘lishi bilan o‘t o‘chirish mashinasining ovozi ham eshitiladi, ammo kadrda ular yetib kelgan-kelmagani eshitilmagan.
Politsiyachilar olovni o‘chirishi bilan band bo‘lganda elchixona qo‘riqchilaridan biri yonayotgan va hushini yo‘qotgan harbiyga to‘pponcha o‘qtalib turgan.
Dastlab u shifoxonaga olib borilgani va o‘ta og‘ir ahvolda ekani xabar qilingandi. Ko‘p o‘tmay Pentagon u vafot etganini ma’lum qildi.
Chindan ham harbiy
AQSh harbiy-havo kuchlari rasmiy vakili Rouz Rayli o‘z joniga qasd qilgan 25 yoshli Aaron Bushnell HHK harbiysi ekanini tasdiqladi. Vashingtondagi Isroil elchixonasi holatga munosabat bildirar ekan, diplomatik missiyaning hech bir vakili jabrlanmagani, barcha xavfsizlikda ekanini aytdi. Holat bo‘yicha AQSh politsiyasi va Maxfiy xizmat surishtiruv olib bormoqda.
Twitch'dagi akkaunt
Hodisadan keyin internetda Aaron Bushnell kimligi haqida juda ko‘p xabarlar paydo bo‘ldi. Hozircha bu sirli harbiy haqida yetarlicha ma’lumot yo‘q. Ammo u Twitch ijtimoiy tarmog‘ida LillyAnarKitty nomli akkaunt yuritgani, akkaunt asosiy sahifasiga Falastin bayrog‘i va Free Palestine yozuvi qo‘yilgani ma’lum.
Bu AQShda mahalliy fuqarolarning mamlakat G‘azodagi urushda Isroilni qo‘llayotgani sabab sodir bo‘lgan birinchi suitsid holati emas. 2023 yil dekabr oyida namoyishchilardan biri Atlantadagi Isroil konsulligi oldida o‘zini yoqib yuborgandi.
Mavzuga oid
00:02 / 22.12.2024
Vladimir Putin: «Suriyadagi voqealar benefitsiari - Isroil»
16:40 / 20.12.2024
G‘azoda harbiy bazalar qurilmoqda. Isroil mustahkam o‘rnashib olmoqchi
18:08 / 19.12.2024
Isroil ilk bor Yaman poytaxtiga zarba berdi
14:47 / 18.12.2024