«Liverpul» «Chelsi» va VAR’ni yengdi, Klopp «Enfild»dagi so‘nggi mavsumida sovrin yutdi
Jarohatlar epidemiyasiga uchragan mersisaydliklar 18-19 yoshli futbolchilar bilan o‘ynab kubokni qo‘lga kiritdi.
«Chelsi» — «Liverpul» 0:1
Gol: van Deyk (118).
«Chelsi» – Petrovich, Gyusto, Disasi, Koluill, Chiluell (Chaloba, 113), Gallaher (Madueke, 97), Fernandes, Palmer, Kaysedo, Sterling (Nkunku, 67), Jyekson (Mudrik, 90).
«Liverpul» – Kelleher, Bredli (Klark, 72), van Deyk, Konate (Kuansa, 105), Roberson (Tsimikas, 87), Endo, Mak Allister (Makkonnell, 87), Gravenberh (Gomes, 28), Elliott, Dias, Gakpo (Denns, 87).
Ogohlantirishlar: Chiluell (45+3), Bredli (45+3), Mak Allister (81), Konate (82), Makkonnell (107), Palmer (120+2), Gomes (120+3).
Epidemiya
Saloh, Nunes, Jota, Aleksander-Arnold, Soboslai, Alisson, Matip, Jons, Alkantara, Baychetich. Bu — «Liverpul»ning liga kubogi finali uchun boshlang‘ich tarkibi emas, jarohat tufayli unda o‘ynay olmagan futbolchilar ro‘yxati. Faqat o‘n kishidan iborat bo‘lsa-da, bu futbolchilar nazariy jihatdan jangovar tarkib hosil qila olardi.
O‘yin boshlanganidan yarim soat ham o‘tmasdan «Liverpul» lazaretiga 11-futbolchi ham qo‘shildi. Gravenberh safdan chiqdi, ushbu havbek «Uembli» stadionini faqat zambilda tark eta oldi — niderlandiyalik futbolchining boldir suyagi va tovon suyagini biriktiruvchi bo‘g‘ini (golenostop) qayrilib ketdi va u oyog‘ini bosa olmadi. Klopp bu pallada faqat istehzo bilan jilmaydi va boshini chayqadi — unda Gravenberhni almashtirish uchun futbolchining o‘zi yo‘q edi, jamoa markaziy yarimhimoyachilar borasida taqchillikka uchragan.
«Chelsi» «Liverpul»dagi kadrlar muammosidan foydalanib qolishi mumkin edi. Ko‘klar bu mavsumda Yurgen Klopp jamoasiga tengma-teng raqiblik qilish uchun barqaror o‘yin ko‘rsata olmayapti va atigi bir oy oldin jamoa APL doirasida «Enfild»da tor-mor etilgandi. Ammo bu qisqa muddat ichida ko‘p narsa o‘zgarib ketdi: «Liverpul»ning o‘sha o‘yinda boshlang‘ich tarkibda o‘ynagan futbolchilarining yarmi yakshanba kuni maydonga chiqa olmaganining o‘zi ham ko‘p narsani anglatadi.
«Chelsi»ning boshlang‘ich tarkibi qanday bo‘lishini va Maurisio Pochettinoning taktikasini oldindan bilish mumkin edi: londonliklar ikkinchi raqam ostida harakat qilib, «Liverpul» himoyasida paydo bo‘lishi muqarrar bo‘lgan bo‘sh zonalardan foydalanishga harakat qildi. Ammo qizillar o‘yinni yaxshiroq boshladi: Makallister va Diasda ilk 15 daqiqalikdayoq yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi.
Pochettinoning g‘alati so‘zlari
Ammo ko‘p o‘tmay «Chelsi» faollashdi va oqshomning eng yorqin vaziyatlaridan biri yuzaga keltirildi: qulay vaziyatda turgan va hech kim xalaqit bermagan Palmer yaqin masofadan turib zarba yo‘lladi, ammo «Liverpul» posboni Kelleher fantastik tarzda to‘pni qaytardi. Va bu irlandiyalikning so‘nggi qahramonligi emasdi.
Bo‘lim o‘rtalaridan o‘tib Gravenberh jarohat oldi, uning oyog‘ini bosib olgan Kaysedoga hatto sariq kartochka ham ko‘rsatilmadi. VAR vaziyatga aralashmadi va bosh hakam qarori o‘zgarmadi.
Shu o‘rinda o‘yindan oldingi matbuot anjumani vaqtida Pochettino aytgan so‘zlarni eslash mumkin. «Chelsi» bosh murabbiyi hakamlik mavzusida mojaroli so‘zlar aytdi va finalda ishlovchi arbitrlarga quyidagi so‘zlar bilan murojaat qildi: «Sizda Kloppning hayotini qandaydir tarzda barbod qilib qo‘yishim mumkin degan bosim bo‘lmasligi kerak. Men Yurgenni yoqtiraman, ammo uning so‘nggi mavsumida barcha bir xil sharoitda bo‘lishi va barcha epizodlardagi qarorlar bir xilda qabul qilinishi lozim».
Shu bilan birga, bir necha daqiqa o‘tib hakamlar Pochettinoning chaqirig‘i hech narsani anglatmasligini ko‘rsatib qo‘yishdi: Sterlingning goli Jyekson bir necha santimetrlik ofsaydda qolgani tufayli bekor qilindi. Arbitrlar chiziqni o‘lchash uchun ko‘p vaqt sarflashdi, ammo texnologiya «Liverpul» tomonida bo‘ldi.
Van Deykning bekor qilingan goli
Gravenberhning jarohati tufayli Klopp o‘yin davomida futbolchilar joylashuvini qaytadan ishlab chiqishiga to‘g‘ri keldi: yosh himoyachi Bredli vaziyatga qarab o‘ng qanot vingeriga aylandi, Elliott maydon markaziga ko‘chdi, Gomes esa o‘ng qanot himoyasiga o‘tdi. Qizillar yangicha sxemaga ko‘nikishi uchun ma’lum vaqt talab qilindi, ammo bo‘lim oxirida ular moslashishdi va vaziyatlar yarata boshlashdi: Gakponing zarbasi ustunga tegdi, Dias va Bredli ham gol urishga yaqin kelishdi.
Tanaffus arafasida futbolchilar kichik janjal ham uyushtirishdi. Bu Chiluell va Bredli bir-birini turtishi bilan boshlandi.
Ikkinchi bo‘limni «Chelsi» kuchliroq boshladi — Enso epizodlardan birida sustkashlik qildi va golga sababchi bo‘lishiga bir baxya qoldi. Golni esa «Liverpul»: o‘yinning bir soati tugayotganida van Deyk bosh bilan to‘pni darvoza to‘riga yo‘naltirdi va barcha bilan quchoqlashib golni nishonladi, muxlislarga salom yo‘lladi va o‘z pozitsiyasiga qaytib, «Chelsi» to‘pni maydon markazidan o‘yinga kiritishini kuta boshladi. Ammo shu pallada «Uembli» tablosida VAR yozuvi paydo bo‘ldi, arbitrlar «Liverpul» futbolchilari harakatlariga qoidalarga xilof harakatdan gumon qila boshlashdi. Yakunda gol bekor qilindi, videoassistentlar bosh hakam Kris Kavanani monitorga chaqirishiga to‘g‘ri keldi: u ofsayd holatida qolgan Endo Kolvillni ushlab qolgani va u van Deykka borayotgan to‘pni to‘sishiga to‘sqinlik qilganini tasdiqladi.
Klopp g‘azab otiga mindi, ammo u arbitrlar qaroriga ta’sir ko‘rsata olmasdi. U o‘z jamoasi uchun qilishi mumkin bo‘lgan yagona harakat — futbolchilarni almashtirish edi. O‘yinni kuchaytirish uchun esa variantlar deyarli yo‘q edi: ikkinchi bo‘limda maydonga Tsimikas va o‘rtacha yoshi 19 dan oshmaydigan yana uch futbolchi maydonga tushirildi. Va gap hatto Kuansa haqidamas, balki 19 yoshli Klarka va Makkonnell, shuningdek 18 yoshli Danns haqida bormoqda.
Kelleherning seyvlari va van Deykning hisoblangan goli
Albatta, yosh tarbiyalanuvchilarga o‘yin amaliyoti taqdim etilishi muxlislarni doimo xursand qiladi, ammo buning salbiy tomoni ham bor: tajribasizlik va jamoa bilan o‘yin ko‘nikmasi yo‘qligi. «Liverpul» o‘yinning asosiy vaqti oxiriga kelib parokanda bo‘lib ketdi va o‘z darvozasi atrofida juda ko‘p vaziyatlar yaratilishiga yo‘l qo‘yib berdi: birgina Gellaherning o‘zi uch marta yuz foizlik imkoniyatga ega bo‘ldi, ammo qizillar mo‘jizaviy tarzda bardosh berishdi. Bu mo‘jizaning familiyasi esa — Kelleher edi. U o‘yin davomida jami to‘qqizta seyv amalga oshirdi.
Overtaymlarda «Chelsi» «Liverpul»ni butkul taslim qiladigandek ko‘ringandi, ammo Klopp tanaffusda yoshlarni ruhlantira oladigan so‘zlarni topa oldi va qizillar butunlay boshqacha o‘ynay boshlashdi. Agar birinchi qo‘shimcha bo‘limda ular shunchaki raqibdan yaxshiroq ko‘ringan bo‘lsa, ikkinchisida — g‘alabani ilib ketishdi.
Goldan oldinroq «Chelsi» posboni Petrovich ham fantastik harakat qilib, Elliottga yaqin masofadan gol urishga imkon bermadi. Ammo u muqarrar hodisani shunchaki ortga surgandi: bir necha daqiqa o‘tib van Deyk yana standart vaziyatda bosh bilan gol urdi va bu safar shikoyat uchun asos topilmadi.
«Chelsi»da endi vaqt qolmagandi va «Liverpul» o‘yinni xotirjamlik bilan davom ettirib, o‘ta mashaqqatli g‘alabani saqlab qoldi. Shu tariqa, «Liverpul» keyingi mavsumda biror yevrokubokda ishtirok etishini (Konferensiyalar ligasi) kafolatladi. Lekin jamoa 99 foiz ehtimol bilan Chempionlar ligasida ishtirok etadi va Konferensiya ligasi yo‘llanmasi APL turnir jadvalida navbatdagi o‘rinlardagi (7-o‘rin) jamoalardan biriga beriladi. Klopp esa so‘nggi mavsumida «Enfild»ni kamida bir sovrin bilan tark etishi aniq bo‘ldi.
Mavzuga oid
12:33 / 23.12.2024
Husanovning «o‘g‘irlangan» goli va Londonda tennischa hisob. Kun o‘yinlari
12:02 / 22.12.2024
«Barsa»da inqiroz, «Siti»da antirekord. Kun o‘yinlari
11:12 / 19.12.2024
«Real»da yangi sovrin, «Arsenal»ga hakamlar yordam berdi, Shomurodov gol urdi
12:24 / 16.12.2024