Netanyahuning G‘azo kelajagi bo‘yicha rejasi – o‘z hokimiyatini uzaytirish uchunmi?
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu urushdan keyingi davrda G‘azoni qanday tasavvur qilayotgani bo‘yicha rejalarini ochiqladi. Falastin ma’muriyatida esa iste’folar kuzatilmoqda. “Geosiyosat” Yaqin Sharqdagi qonli voqealar rivoji yuzasidan siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Shavkat Ikromov bilan suhbatlashdi.
— Netanyahu e’lon qilgan rejalarning asosiy qismi nimalardan iborat va bu taklifni xalqaro jamiyat qanday qabul qiladi?
Shavkat Ikromov: — Isroil HAMASdan keyingi G‘azo qanday bo‘lishi rejasini e’lon qildi. Ko‘plab xalqaro ekspertlar, isroillik ekspertlar ham buni yangilik sifatida qabul qilgani yo‘q, Isroil urushning boshidan beri aytib kelayotgan da’volarini yana bir marta rasmiy bildirdi, deyishyapti. HAMAS boshqaruvi to‘liq tugatilishi, G‘azoda demilitarizatsiya, deradikalizatsiya amalga oshirilishi, G‘azo bilan chegaralarda bufer hududlar yaratilishi, G‘azoning ma’lum qismi Isroil nazoratiga o‘tishi, yangi boshqaruv ma’muriyati Isroil nazoratida bo‘lishi, janubiy hududlarda AQSh yoki Isroil bilan hamkorlikda boshqaruvni yo‘lga qo‘yish haqida gapirdi Netanyahu. Rostdan ham bu yerda biror yangi gap yo‘q. Netanyahu boshidan HAMASni yo‘q qilish, G‘azoda qurolsizlantirish bo‘ladi, tunnellar to‘liq yo‘q qilinadi, deradikalitsiya bo‘ladi, degandi. Asirlarni ozod qilish masalasi Netanyahu uchun endi birinchi o‘rinda emas, faqat siyosiy ritorikasida bor bu masala.
Xalqaro jamoatchilik, xususan, arab davlatlari Isroil barcha qizil chiziqlarni kesib o‘tdi, deb baholayapti. Misr, Saudiya, Qatar, BAAda Netanyahu bayonotiga keskin qarshi fikrlar bildirildi. AQSh ham bunga tanqidiy yondashdi. Demilitarizatsiya jarayoniga e’tiroz bo‘lmasa-da, bufer hudud tashkil qilish, Isroil nazoratidagi hukumat tuzish kabi masalalarga arab davlatlari qarshi chiqyapti. Janubiy hududlarni Misr bilan hamkorlikda nazorat qilish masalasiga Misr allaqachon rad javob bergan. BAA esa falastinliklar mustaqil davlat tuzishiga qarshi bunday rejasi bo‘lgan Isroil bilan muzokaralar o‘tkazib bo‘lmaydi, degan fikrda.
Bayonotda aynan tilga olinmagan holda Qatarga ayblovlar qo‘yildi. Ya’ni G‘azoda HAMASni moliyalashtirayotgan kuchlar bilan aloqalar to‘xtatiladi, ular terrorizmni qo‘llaydi, dedi. Ekspertlar bu Qatar haqida deyishdi, lekin Qatar har doim bunday yordam berish haqidagi iddaolarni keskin rad etgan. Hozirgi kunda ham Qatar mintaqada tinchlik o‘rnatish borasida asosiy vositachi bo‘lib turibdi.
Netanyahuning butun faoliyatiga qarasak, u hech qachon mustaqil Falastin davlati bo‘lishini istamagan. Shu pozitsiyaga ko‘ra, bu borada kollektiv G‘arb bilan ikki xil yo‘ldan ketadi Netanyahu. Uning rejalari ham mustaqil Falastin davlati bo‘lishiga qarshi yo‘naltirilgan.
Kamoliddin Rabbimov: — Bugungi Isroil hokimiyati xalqaro ekspertlarga ko‘ra, ashaddiy o‘ng hisoblanadi. So‘nggi 20 yildagi hokimiyat – yahudiy millatchiligini o‘ta radikal tarzda ko‘rsatadigan siyosiy kuchlardan iborat. Netanyahudan tashqari boshqa asosiy siyosatchilar ham Tavrotdagi ba’zi suralarni o‘z foydalariga talqin qiladi. Ular imkon bo‘lganda Sinay yarimoroli, Suriya, Iordaniya yerlarini ham qo‘shib olishni ko‘zlashadi. Bir tomondan, mana shunday diniy motivlar bilan, bir tomondan AQShdagi lobbilari bilan harakat qilishyapti. Keyingi davrda Isroil AQSh manfaatlari uchun noqulay davlat, lekin ichkaridagi qudratli lobbi Isroildan voz kechishga qo‘ymaydi, ularga qarshi turadigan institut esa yo‘q AQShda.
Isroil matbuoti eng ko‘p tanqid qilayotgan prezidentlardan biri – Bayden, lekin u Isroilni ma’lum ma’noda to‘liq qo‘llaydi. Netanyahu bilan aloqalari sovuq bo‘lishi mumkin, lekin aynan Isroil davlatini qo‘llaydi, uning atrofidagi shaxslar ham undan shuni talab qiladi.
Yuqorida aytilgandek, Isroil bildirgan pozitsiya, bayonotlar yangilik emas, shunday eslatib turadi. Isroilda allaqachon strategik qaror bor, ya’ni jon-jahdi bilan Falastin davlati tashkil bo‘lishiga qarshi turish. Birinchi o‘rinda G‘arbiy sohilni o‘zlashtirish, keyin esa G‘azoni ham bosqichma-bosqich o‘zlashtirish siyosati ishlaydi. 7 oktyabrdan keyin G‘azo masalasi yuqoriroq darajaga ko‘tarildi.
Shavkat Ikromov: — Ekspertlar yaqin orada Netanyahu hukumati tugatilishi mumkin, deyapti. Chunki inqiroz yoqasida turibdi bu hukumat. Agar Netanyahu hukumati ketsa, shundan so‘ng Falastin masalasida yangicha qarashlar bo‘lishi mumkin. Butun Isroil bo‘ylab norozilik ko‘paygan, ular asirlarning masalasini ko‘taryapti. Isroil hukumati urushdan ko‘zlangan maqsadiga yetolgani yo‘q. Mag‘lubiyatni tan olmasdan, vaqtni cho‘zish uchun bu rejani aytyapti. Deradikalizatsiya jarayonlarining o‘zi bir necha yilga cho‘ziladi, ya’ni boshqa bir ko‘rinishlarda urushni cho‘zmoqchi.
— Isroil e’lon qilgan reja Misr va boshqa arab davlatlari uchun qanday chaqiriqlarni yuzaga keltiradi?
Shavkat Ikromov: — Misr – arab davlatlari ichida Isroil bilan til topishgan kam sonli davlatlardan biri. Hozirgi rejada Misr manfaatlariga mos keladigan ayrim masalalar bor, masalan, deradikalizatsiya masalasi. Lekin chegarada bufer hudud tashkil etib, G‘azoning ma’lum qismi Isroil nazoratiga o‘tishidan Misr hukumati ham, xalqi ham norozi. Boshqa arab davlatlari kabi Misr ham boshqaruv mahalliy kuchlarga topshirilishi yoki Mahmud Abbos hokimiyatiga o‘tkazilishi kerak, degan pozitsiyada. Netanyahu rejasida esa Falastin xalqining mustaqil davlatchilik huquqi inkor etiladi. Bu borada Misr Isroilni qo‘llamaydi. Umuman, butun arab davlatlari bunga rozi emas. AQSh tomoni Ramazon oyigacha ikki davlat tamoyili bo‘yicha ma’lum bir kelishuvlarga erishmoqchi edi, ammo Isroil bunday pozitsiya bildirdi yana.
Kamoliddin Rabbimov: — Arab davlatlaridagi geosiyosiy kayfiyat 7 oktyabrdan so‘ng o‘zgardi. Ungacha arab davlatlari AQSh homiyligidagi Isroil bilan munosabatlarni me’yorlashtirish kerak, keyinchalik bosqichma-bosqich geosiyosiy assimilyatsiya qilish kerak, degan pozitsiya edi. Isroil G‘azoda harbiy operatsiya boshlagach arab davlatlari qanday pozitsiya ishlab chiqishni bilmay qoldi. Urush boshlanguncha Saudiya Isroil bilan aloqalarni yaxshilash masalasini qo‘yib turgan edi. Endi yangi siyosiy konsensus shakllanib bo‘ldi. Saudiya va Eron, Saudiya va Turkiya munosabatlari ancha normallashgan. Arab dunyosi, hatto kollektiv G‘arbda ham Isroilga nisbatan munosabat sovuqlashdi. AQShda ham shunday, saylovchilarning bosimi katta Bayden hukumatiga.
Arab davlatlari G‘azodagi genotsidni qattiq qoralaydi, lekin to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga kirolmaydi. Shu fonda Isroilni tan olish imkonsiz. Qolaversa, Isroilga bosim qilish uchun qulay vaziyat shakllandi. G‘azoda salkam 30 ming tinch aholi qurbon bo‘ldi, shu fonda Isroil nisbatan munosabat o‘zgardi.
— G7 oxirgi sammitida Rossiya uchun bir qancha bosim choralari haqida bayonotlar berishdi, lekin nega Isroil masalasida real qadam yo‘q?
Kamoliddin Rabbimov: — Buning sababi geosiyosiy vaziyat. Falastinga to‘laqonli homiy bo‘ladigan geosiyosiy qutb mavjud emas. Xitoy muvozanat saqlaydigan davlat, YeIning asosiy davlati Germaniya va u Ikkinchi jahon urushida yahudiylarni genotsid qilgan, shuning uchun tili qisiq. AQShda esa yahudiy lobbisi qudrati bor. Asosiy shakllanayotgan vaziyat kollektiv G‘arb manfaatlariga teskari bo‘lyapti. Har qanday jinoyat tarixiy xotirada qoladi. Bayden tanqidchilari aytadiki, Bayden Isroil genotsidini qo‘llayapti, deydi. Isroildagi tanqidchilari esa AQSh muvozanat saqlamasligi, faqat Isroilni qo‘llashi kerak, deydi.
— Nega arab davlatlari moliyaviy qo‘llamaydi, ularda imkoniyat bor-ku?
Shavkat Ikromov: — Masalan, Misrda ichki muammolar yetarli, juda og‘ir iqtisodiy vaziyatda qolgan, Sisi ma’muriyati islohotlarga ham kech qoldi, tashqi qarzlarga bog‘lanib qolgan. Qarzlardan uzilib qolsa, siyosiy inqiroz ham yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun ham siyosiy elita tavakkal qilolmaydi.
Saudiyaning o‘z strategiyalari, rejalari bor. 2030 yilgacha mintaqaviy barqarorlikka erishmoqchi, Isroilga qarshi urush ochib mintaqadagi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqchi emas. Qatar va BAA iqtisodiy qudratli bo‘lgani bilan bunday masalaga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashishdan manfaatdor emas, jur’at ham qilmaydi. Chunki ularning iqtisodiyoti bir tomonlama iqtisodiyot, joylashgan nuqtalari ham qaltis. Biz bu yerda turib nega yordam bermaydi, deyishimiz oson va qiziqarli mavzu, lekin u yerda turgan siyosatchilar buning oqibatlari qanday bo‘lishini yaxshi bilishadi.
Kamoliddin Rabbimov: — Global janub shakllanyapti, arab davlatlari to‘g‘ridan to‘g‘ri AQSh yoki Isroilga nisbatan harakat qilmasa ham, bir qutb sifatida yoki kuchlar nisbatini o‘zgartiruvchi geosiyosiy dallol sifatida siyosat olib borishi mumkin. Musulmon dunyosida Yaqin Sharq, Isroil sabab AQShdan norozi bo‘lish kuchli, lekin bu aloqalarni uzish, urush ochish darajasida emas. Bunday geosiyosiy o‘zgarishlar tez va qaltis amalga oshmaydi, lekin tiktonik o‘zgarishlar boshlangan.
Shavkat Ikromov: — Qatar, Saudiya, BAA lobbilari shakllanyapti, lekin ularning birlashib,katta kuch bo‘lishiga yillar kerak. Ular oldin ichki masalalarini hal qilib olishi kerak.
— Nega kutilmaganda Falastin ma’muriyatida hukumat iste’fosi ro‘y berdi?
Shavkat Ikromov: — Falastin ma’muriyatiga o‘z-o‘zini isloh qilish bo‘yicha AQSh va boshqalar aytib kelishayotgan edi. Ya’ni barcha Falastin yerlarini birlashtirish, mustaqil davlat tuzish uchun oldin ichki islohot qiling, deyotgandi. Hozirgi iste’folar haqida bir necha hafta oldin taxminlar bo‘lgandi. Mahmud Abbosning o‘zi ham iste’foga chiqishi kutilyapti ba’zi taxminlarga ko‘ra. Masala Falastin ma’muriyatini kuchaytirish va boshqaruvni qo‘lga olishga qaratilgan islohotlar. Bu qadamlar Falastinning mustaqil davlat sifatida shakllanishida qadamlar bo‘lishi mumkin.
Kamoliddin Rabbimov: — Rasmiy Vashington Falastin ma’muriyatiga qattiq bosimlar qildi. Chunki Falastin ikki hududga va ikki siyosiy ma’muriyatga bo‘linib qolgan edi. Bugungi kunda ikkalasini birlashtirish, butun Falastin yerlarida ijtimoiy kayfiyatni shakllantirish qo‘yilyapti. Shu fonda siyosatchilarning iste’fo berishi e’tiroz yoki siyosiy ehtiyojlarni anglashmi — buni vaqt ko‘rsatadi. Mahmud Abbos atrofida G‘arbdan norozilik kuchli. Bu iste’fo avvalambor humanitar inqirozni ko‘rsatadi, chunki shu qalar og‘ir vaziyatki, qo‘yilgan vazifalarni bajarish oson bo‘lmaydi. 30 ming insonning vafot etishi, Falastin yerlarini tortib olayotgani, G‘arbiy Sohilda yahudiylar aholi punktlari ko‘payishi kabi og‘ir vaziyatlar bor. Netanyahu G‘arbiy Sohilda yana 300 ta aholi punktlari yaratilishini aytdi. Tarixiy xotirada Isroil davlati naqadar ahmoqona ishlar qilayotganini vaqt ko‘rsatadi hali. Isroil arab va musulmon dunyosiga o‘zining qudratli ekanini ko‘rsatishga urinyapti, lekin bu o‘zining siyosiy umrini qisqartiradi deb o‘ylayman.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
16:05 / 24.12.2024
«Mossad» xodimlari «Hizbulloh» peyjerlari va ratsiyalarini portlatish amaliyoti qanday tayyorlanganini aytib berishdi
12:01 / 24.12.2024
Isroil Eronda Hamas yetakchisi Ismoil Haniyani o‘ldirganini ilk bor tan oldi
22:22 / 23.12.2024
Rossiyaning Suriyadagi bazalari: ular yopilsa, nima bo‘ladi?
00:02 / 22.12.2024